13:32 / 27.10.2022
12975

ISW: Putin Ukraina bilan muzokaralar olib borishdan manfaatdor emas

Rossiya prezidentining ritorikasiga ko‘ra, Putin Ukraina bilan jiddiy muzokaralar olib borishdan manfaatdor emas va urushni davom ettirish orqali hamon maksimalistik maqsadlarni ko‘zlamoqda, deb yozadi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) 26 oktyabr kungi hisobotida. 

Foto: RIA Novosti

Shu kuni MDH davlatlarining xavfsizlik va razvedka idoralari rahbarlari bilan uchrashgan Putin Ukraina «o‘z suverenitetini yo‘qotganini» va Qo‘shma Shtatlar undan Rossiya Federatsiyasiga, Rossiya-Belarus ittifoq davlatiga, KXShT va MDHga qarshi «kuch sifatida foydalanayotganini» aytdi

Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin 26 oktyabr kuni «Ukraina davlat sifatida mavjud bo‘lish qobiliyatini yo‘qotgani», «NATO tomonidan bosib olingani» va «AQSh mustamlakasi bo‘lib qolgani» to‘g‘risida ma’lum qilib, bu narrativni kengaytirdi. 

Bunday pozitsiya sulh bo‘yicha teng shartlar asosida olib boriladigan muzokaralarga mos kelmaydi, mojaroni hal etish haqida gapirmasa ham bo‘ladi, deydi ISW tahlilchilari. 

Ularning fikricha, Kreml hamon Ukrainada harbiy g‘alaba, Kiyevda esa rossiyaparast rejimga o‘tishni istamoqda. 

Avvalroq Rossiya dushmanning yadroviy zarbasiga javoban yirik yadroviy zarba berish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazgani, Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ma’lum qilgani xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, mashg‘ulotlarni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin shaxsan kuzatib borgan. 

«Kamchatkadagi Kura poligonida Plesetsk davlat sinov kosmodromidan «Yars» qit’alararo ballistik raketasi va Barens dengizidan «Sineva» ballistik raketasi uchirildi. Havodan uchiriladigan qanotli raketalarni uchiruvchi uzoq masofali Tu-95MS samolyotlari ham vazifalarga jalb qilingan», - deyiladi Kreml veb-saytida.

Kreml matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, strategik tiyib turuvchi kuchlarni tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar to‘liq bajarilgan, barcha raketalar belgilangan xususiyatlarni tasdiqlagan holda nishonga yetib borgan.

Mavzuga oid
Top