09:42 / 28.10.2022
21557

Prezident issiqxonalarning gazdan uzilish holatini zudlik bilan ko‘rib chiqishni buyurdi

Gaz ta’minotidan uzilgan issiqxonalar 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Issiqxonalarni gaz ta’minotidan uzish holati bo‘yicha tadbirkorlarning noroziligidan xabar topgan prezident Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan mazkur masalani ko‘rib chiqish uchun Administratsiya rahbari Sardor Umrzoqovga tegishli topshiriq berdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, administratsiya rahbari boshchiligida o‘tgan majlisda issiqxonalarni tabiiy gaz ta’minotidan ogohlantirishsiz uzish holatlari bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar bildirilayotgani, xususan 25 oktyabr kuni respublikaning turli hududlaridan issiqxonalari gazdan uzilgan tadbirkorlar norozilik bildirib, Toshkentda to‘plangani bo‘yicha tegishli mas’ullar qattiq tanqid ostiga olingan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddi rahbarlarining ushbu masala bilan umuman shug‘ullanmagani uchun, tadbirkorlarning muammolariga yechim topmagani uchun ular Prezident Administratsiyasiga kelishmoqda, dedi Sardor Umrzoqov.

Issiqxonalar 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlanadi

Yig‘ilish davomida issiqxona egalari bo‘lgan tadbirkorlar ham tinglandi. Ular o‘zlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi og‘riqli masalalar va ular yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.

Ma’lumki, mavsum paytida issiqxonaning har bir kuni o‘ta muhim bo‘ladi. Bu nafaqat o‘sha tadbirkor uchun, balki O‘zbekiston oziq-ovqat ta’minoti va xavfsizligi uchun ham juda ahamiyatli.

Ma’lum bo‘lishicha, «Hududgazta’minot» AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qo‘ygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yo‘qotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band bo‘lgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin. 

Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz ta’minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlash topshirig‘i berildi.

Shuningdek, Hisob palatasiga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan «Hududgazta’minot» AJning hududiy boshqarma boshliqlari harakatiga huquqiy baho berish, agar ularning harakatida jinoyat alomatlari aniqlansa, qonuniy tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.

Issiqxonalarni ko‘mirga o‘tkazish masalasi muhokama qilindi

O‘z navbatida yig‘ilishda issiqxonalarni muqobil energiya (ko‘mir)ga o‘tkazish masalasi ham muhokama qilingan.

So‘zga chiqqan tadbirkorlarning barchasi issiqxonalarni ko‘mir orqali isitishga o‘tish ma’lum vaqt talab etishi, buni avval har tomonlama o‘rganib chiqish, sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkazish, tijoriy tomonlarini hisob-kitob qilish zarurligini ta’kidladi. Mazkur masala yuzasidan ishchi guruh tuzilib, tegishli mutaxassislar va tadbirkorlar bilan birgalikda holatni batafsil o‘rganib chiqish yuzasidan topshiriq berilgan.

Bunda ishchi guruh har bir issiqxona kesimida ularning moliyaviy ahvolini o‘rganib chiqib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq asoslangan takliflar tayyorlaydi. O‘z navbatida issiqxona yurituvchi tadbirkorlarga o‘z hosillarini nes-nobud qilmasdan yetishtirib olishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 1 kun ichida tegishli manbalardan moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Muammo tarixi

Bundan avvalroq Kun.uz saytida Respublika bo‘ylab issiqxonalarni gazdan uzish boshlangani, tadbirkorlar gaz ta’minoti korxonalarining bu harakatlaridan norozi bo‘layotgani haqida xabar berilgandi.

«Hududgazta’minot» AJ tomonidan joylardagi gaz ta’minoti filiallariga yuborilgan topshiriq xatida issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gazga muqobil bo‘lgan import ko‘mir yoki boshqa turdagi yoqilg‘i bilan ta’minlash, kuz-qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berilishi kafolatlanmagan ulgurji iste’molchilarni rasman ogohlantirgan holda bosqichma-bosqich tabiiy gaz yetkazib borilishini to‘xtatish haqida so‘z boradi.

Issiqxona egalari 2022–2023 yilgi kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obektlarini uzluksiz bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida tabiiy gazdan muqobil yoqilg‘iga o‘tish kerakligi haqida ogohlantirish olishgan. Gaz ta’minoti korxonalari issiqxonani isitish uchun gazdan boshqa yoqilg‘iga o‘tilganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy oqibatlar uchun javobgarlikni zimmasidan soqit qilib, buning uchun issiqxona egalari javobgar bo‘lishini eslatgan.

Biroq tadbirkorlar muqobil yoqilg‘ilarning hech biri (ko‘mir, solyarka, o‘tin) gazning o‘rnini bosmasligi, natijada yuzlab gektar maydonlarda yetishtirilayotgan minglab tonna hosil xavf ostida qolganidan yozg‘irishmoqda.

Hududlardagi mas’ul organlar ularni qiynayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha jo‘yali yechim taklif etolmagani ortidan O‘zbekiston bo‘yicha issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar Bosh vazir Abdulla Aripov, Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov qabuliga kirish uchun poytaxtda to‘planishga qaror qilishgan.

Gazdan uzilishi ortidan ommaviy axborot vositalariga intervyu bergan, shuningdek, muammoni hal qilish maqsadida ko‘pchilik bo‘lib Vazirlar Mahkamasi, Prezident Administratsiyasiga borish g‘oyasini ilgari surgan issiqxonachilar 24–25 oktabr kunlari o‘zlari yashayotgan hududdagi ichki ishlar idoralariga chaqirilgan. Ular bir necha soat ushlab o‘tirilgani, tushuntirish ishlaridan so‘ng qo‘yib yuborilgani aytilmoqda.

Respublikaning turli hududlarida yashovchi tadbirkorlar Telegramdagi guruhda 25 oktabr kuni Toshkentda to‘planish, hukumat darajasidagi rahbarlar bilan uchrashib, qanday qilib bo‘lmasin muammoga yechim topish haqidagi chaqiriqlari ortidan o‘zlari yashayotgan tumandagi ichki ishlar organlariga chaqirtirilgan. U yerda tadbirkorlar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va ulardan noqonuniy guruhlarga qo‘shilmaslik, ruxsat olinmagan mitinglarda qatnashmaslik haqida tilxat yozdirib olingan.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan O‘zbekistonning turli hududlarida yashovchi ayrim tadbirkorlar dushanba kuni kechqurun profilaktika inspektorlari uylariga kelib, ularni idoraga olib ketishgani, u yerda Telegram messenjerida tashkil etilgan va respublika bo‘ylab issiqxonachilar to‘plangan guruhdagi yozgan fikrlari, xususan, issiqxonalarni gazdan uzib qo‘yib ko‘pchilikni xonavayron qilayotgan mas’ullar sha’niga aytgan tanqidiy fikrlari, bunga qarshi ommaviy norozilik bildirishga chaqiriqlari uchun Jinoyat kodeksining 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligi haqida ogohlantirilganliklarini aytishmoqda.

Biroq hozircha hech bir tadbirkorga poytaxtga kelib rasmiylarga norozilik bildirishga uringani uchun ma’muriy yoki jinoiy ish ochilgani haqida Kun.uz’da ma’lumot yo‘q. Manbalarga ko‘ra, Telegram messenjerida tashkil etilgan guruh o‘chirib yuborilgan.

Rasmiylar bilan uchrashuvlar

Qarshiliklarga qaramay issiqxonalari gazdan uzilganidan norozi tadbirkorlar 25 oktyabr kuni Toshkentda to‘plangan. Gazeta.uz’ning xabar berishicha, respublikaning turli hududlaridan kelgan o‘nlab issiqxonachilar dastlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi oldida to‘plangan. Shundan so‘ng ular Sardor Umrzoqov bilan ko‘rishishga uringan, biroq ular Vazirlar Mahkamasiga yo‘naltirilgan.

27 oktyabr kuni Energetika vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan birga issiqxona faoliyatini tashkil etgan tadbirkorlarni qabul qilgan, uchrashuvda gazdan uzib qo‘yilgan issiqxona xo‘jaliklarini zudlik bilan tabiiy gaz tarmog‘iga ulash bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Kun.uz manbasi besh nafar tadbirkor 27 oktyabr kuni kechki payt barcha issiqxonachilar nomidan Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov bilan uchrashuvga taklif etilgani haqida xabar bergandi.

Top