“Hududgazta’minot” AJ tomonidan joylardagi gaz ta’minoti filiallariga yuborilgan topshiriq xatida issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gazga muqobil bo‘lgan import ko‘mir yoki boshqa turdagi yoqilg‘i bilan ta’minlash, kuz-qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berilishi kafolatlanmagan ulgurji iste’molchilarni rasman ogohlantirgan holda bosqichma-bosqich tabiiy gaz yetkazib borilishini to‘xtatish haqida so‘z boradi.

“Hududgazta’minot” AJning 2022 yil 14 oktyabrdagi 02-48-125-sonli ko‘chirma xati. Foto: Kun.uz

Kun.uz’ga murojaat qilgan respublikaning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatuvchi issiqxonachilar allaqachon ogohlantirish olishgani, hosil g‘arq pishib turganiga qaramay ayrim issiqxonalar allaqachon gazdan uzib qo‘yilganini aytishmoqda.

Issiqxona xo‘jaliklari rahbarlariga taqdim etilayotgan ogohlantirish xatida 2022–2023 yilgi kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obektlarini uzluksiz bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida tasdiqlangan jadval-reja asosida 3-5 kun ichida tabiiy gazdan muqobil yoqilg‘iga o‘tish kerakligi haqida so‘z boradi. Gaz ta’minoti korxonalari ushbu ogohlantirish xati bilan issiqxonani isitish uchun gazdan boshqa yoqilg‘iga o‘tilganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy oqibatlar uchun javobgarlikni zimmasidan soqit qilib, buning uchun issiqxona egalari javobgar bo‘lishini eslatgan.

Issiqxona xo‘jaliklariga taqdim etilayotgan ogohlantirish xati namunasi. Foto: Kun.uz

“3 gektarga ekilgan pomidor ko‘chatlari g‘arq hosilga kirgan”

Issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi bir guruh tadbirkorlar biz bilan suhbatda davlatning va’dalariga ishonib katta pul tikib, qarz va kredit olib bu ishni boshlashgani, agar kelgusida bu kabi muammolar yuzaga kelishini bilishganida issiqxonachilikning yaqiniga ham yo‘lamagan bo‘lishlarini ta’kidlashmoqda.

– 2018 yilda ish boshlaganman. 3 gektar maydonda issiqxona barpo etganman. Hali Osiyo taraqqiyot bankidan olingan kreditni to‘liq qaytarib ulgurmaganmiz. Hozirga qadar bir so‘m ham foyda olganimiz yo‘q, topgan pulimiz qarzimizni qaytarishga ketmoqda.

Gaz uchun har oy oldindan 100 foiz to‘lov qilamiz. Bir oyda 150 million so‘mlik gaz ishlatamiz. Hisobimizda keyingi oyning o‘ninchi sanasigacha yetadigan pulimiz bor. Lekin “Hududgaz Toshkent” korxonasi 3 kun ichida issiqxonamiz gazdan uzilishi haqida ogohlantirdi. Lekin men ogohlantirishni qabul qilishdan bosh tortdim.