“Gaz bilan ta’minlaymiz deyishgandi” - gazdan uzilgan issiqxonalar egalari
Havo sovishi bilan O‘zbekiston bo‘ylab issiqxonalar gazdan uzilmoqda. Natijada minglab tonna hosil xavf ostida qolgan. Kun.uz bu soha tadbirkorlari bilan suhbatlashib, muammoli holat sabablari va rasmiylar aytayotgan ko‘mirga o‘tish masalasi haqida so‘radi.
Ruslan Majidov, Buxoro shahridagi Aslonobod MChJ rahbari:
— 3,5 gektarda Koreya issiqxonasini o‘rnatganman, gazga mo‘ljallangan. 15 avgustda issiqxonaga pomidor ekilgan, hozirgi kunda qizargan. Gazni o‘chirishdan oldin ogohlantirish kerak. 3-4 kun oldin emas – ogohlantirish bunday bo‘lmaydi.
Issiqxonadan taxminan 300 tonna hosil olishni mo‘ljallayapman, bu taxminan 3 mlrd so‘m degani. Shu tobda agar havo sovib ketsa, 5-6 soatda hamma hosilimdan ayrilishim mumkin. Agar biror inson davlatning 100 ming so‘mini “yesa”, darrov qamaladi, bu yerda esa... Gaz bermaslik bilan 3 mlrd mulk havoga uchyapti.
So‘rasam: “Yoningdagi boshqa issiqxonalarning qarzi bor” deyishyapti. Men “svetga” 50 mln so‘m oldindan to‘lov qilib qo‘yganman, nega boshqalarga javob berishim kerak? Hurmatli prezidentimiz Buxoro viloyati uchun, raqamda adashmayotgan bo‘lsam, taxminan 3 ming gektar maydonni issiqxona uchun ajratdi, kim eplasa qursin degandi. Yaxshiyam bugungi kunga kelib 1000-1200 gektar qurildi. Bo‘lmasa, 3 ming gektar issiqxona gazsiz qolardi...
Tegishli tashkilotlar “biz faqat 500 gektarni doimiy xolda gaz bilan ta’minlashimiz mumkin” deyishi kerak emasmidi boshida?
Tadbirkorlarga muqobil yoqilg‘iga o‘tinglar deb topshiriq berishyapti. 2021 yil martda issiqxona qurilishini bitirayotganimda, tumanimizda gaz yo‘q edi. “Sen quraver, avgustgacha gaz beramiz” deyildi. Keyin sentabrga beramiz deyishdi. Hududimizdagi 10-11 issiqxonachilar birlashib, tuman hokimi bilan gaplashganimizda: “Sizlar qo‘rqmay ko‘chatlaringizga buyurtma beraveringlar albatta gaz bo‘ladi” deb va’da bergan edi. Lekin gaz kelmadi. Ko‘chatlarni ekib, 26 kun mobaynida, kuniga 2700-2800 litr solyarka yoqdim... O‘ylab ko‘ring, har kuni 3000 litrgacha solyarkani, bir litrini 5500 so‘mdan olib yoqdim...
75-80 sent turadigan qimmat ko‘chatlar olganman, 400 mln so‘mdan ko‘proq sarflaganman. 65 ming ko‘chat ekilgan. Taxminan 75 tonna solyarka sarfladim.
Solyarka gazga muqobil bo‘lmaydi, chunki 10-15 barobar qimmat.
Issiqxonamiz joylashgan hududda kichkina g‘isht zavodi bor, ko‘mirda ishlaydi. Bu zavodning ustidan aholi har kuni shikoyat yozadi: “Qishlog‘imiz ko‘mir tutuniga to‘lib ketdi”, deb. Atrofdagi 48 gektar issiqxona ko‘mir yoqa boshlasa nima bo‘ladi?..
O‘zimda 40 dan ortiq ishchi doimiy ishlaydi, terim vaqtida 100-120 tagacha yetadi. Shuncha insonning qozoni qaynayapti.
Gaz ulashdan avval “kamida 3 oylik muqobil yoqilg‘imiz bor” deb tasdiqlatib olishgan... Majbur bo‘lganmiz imzo chekishga, ultimatum quyishgan. Lekin hisoblab ko‘raylik, gaz o‘chib qolsa, mening o‘zimga kuniga 2500 litr solyarka kerak. Buni 30 ga ko‘paytirsak, keyin yana oylarga ko‘paytirsak, 300 ming tonna bo‘ladi! Men 300 ming tonna solyarkani qayerga qo‘yaman? Buncha yoqilg‘ini qaysi “zapravka” olib qo‘ya oladi? Buncha idish, joy kimda bor? 300 tonna solyarka hozir 300 ming dollar, ya’ni 3 mlrd so‘m bo‘ladi... Yillik aylanmam 3 mlrd bo‘lsa, men do‘ppimni osmonga otaman...
Sherzod Shukurov, “Nurobod kristal” MChJ ta’sischisi:
— Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 10 gektar issiqxona tashkil qilganmiz. “Hududgaz” bilan shartnomani har yili yangilash joriy qilingan... Har yili bir paket hujjatlarni tayyorlab, ekspertizadan o‘tkazsak, keyin yoqishga ruxsat beradi. Bu albatta tadbirkor uchun oshiqcha bosh og‘rig‘i. Bugungi kunga kelib barcha hujjatlarimiz tayyor bo‘lishiga qaramay, hali ham gazga ulana olganimiz yuk. Muqobil yoqilgiga o‘tkaz deyapti, ammo bunday katta issiqxonani ko‘mir bilan isitish texnik jihatdan imkonsiz.
10 gektar issiqxonamiz to‘liq ekilgan, 5-6 shodaga kelgan, lekin hali gaz ta’minotiga ulanmaganmiz. 15 gradusdan past havo ko‘chatlarimizni stress holatiga tushiradi, rivojlanishini sekinlashtiradi, bu esa o‘z navbatida oshiqcha xarajatlar degani. Havo yanada sovib ketsa, o‘simlik nobud bo‘ladi. Bu katta miqdordagi investitsiyalarni havoga uchiradi.
Bilishimcha, oxirgi 3 yilda birorta issiqxona foyda bilan chiqmadi. Avval pandemiya, narxlar pastladi, keyingi yil qish erta keldi, gaz ulashning iloji bo‘lmadi, bahorda yog‘ingarchilik haddan oshiq bo‘lib, namlik yuqori bo‘ldi, kasalliklar ko‘paydi, hosil pishishi sekinlashdi. Keyingi yil 3 kunlik blek-aut ko‘chatlarni stressga tushirdi, mart oyidagi namlik yuqori bo‘ldi, o‘simliklar tanasi chiridi.
Bu yil ob-havo yaxshi keldi, narxlar yaxshi, demak, loyihalarning rentabelligini ta’minlash mumkin. Ammo endi gaz muammosi paydo bo‘ldi... Tashqi faktorlar juda qulay kelganda, gazni uzib qo‘yishmoqchi.
Barchamizda kredit bor, umumiy xarajatlardan tashqari, uni ham to‘lashimiz kerak. Biznes-reja tuzayotgan vaqtimizda issiqxonalar gazda isitilishi nazarda tutilgan, shundan kelib chiqib daromad ko‘rishimiz belgilangan. Gaz bilan ta’minlash imkonsiz bo‘lsa, nega o‘sha paytda aytishmadi, nega rejalarimizni tasdiqlashdi?
O‘sha paytdagi rahbarlarning va’dalariga ishonib, ish boshlab, endi kimga dodimizni aytishni bilmay qoldik, chala qolgan islohotlar natijasi bu. Katta miqdorda mulklar garovga qo‘yilgan, bor-budimizi bu ishga tikdik. Endi bu oxirgi nuqta, agar bu yil ham shu holat takrorlansa, deyarli barcha issiqxonachilar qo‘lini ko‘taradi. Bu masalani hukumat darajasiga ko‘tarish kerak. Agar hozir bu soha qulasa, keyin hech kim bu ish bilan shug‘ullanmay qo‘yadi. Hukumat sohani boshqa ko‘tara olmasligi mumkin.
Yaqinda issiqxonalar agentligiga qaror loyihasi muhokamasiga chaqirildik. Ancha muhokama qilinishiga qaramay, bu qaror ham cho‘kib ketdi shekilli. Bu sohani rivojlantirishga kompleks yondashilmasa bo‘lmaydi. Ahvol og‘ir.
Amerikani kashf qilish kerak emas, rivojlangan mamlakatlardan andoza olib rivojlantirish mumkin. Soha zo‘r rivojlangan Hollandiyada ham issiqxonalarga davlat yordam beradi. Kozog‘istonda qurilgan issiqxonaga hududiga qarab 50 foizgacha subsidiyalar mavjud. Foydalanilgan gazga ham subsidiya bor. Bizda-chi? Gaz narxi qimmat. Ishlab chiqarish korxonalariga uchun gaz narxi – 650 so‘m, issiqxonalarga – 1000 so‘m...
Bunaqa narxlarda biz qanday qilib tashqi bozorda raqobatlasha olamiz? Ozarboyjon, Turkiya, Turkmaniston mahsulotlari bilan qanday raqobatlasha olamiz?
O‘g‘it masalasi ham. Bizda o‘g‘it juda qimmat va sifatsiz. Turk agronomimiz so‘ragan bir dorini 180 dollardan olib ishlatdim, ta’sir bo‘lmadi, o‘zim borib Turkiyadan 54 dollardan olib keldim, ta’siri 2 barobar yaxshi bo‘ldi... Bizda aynan o‘sha dori ham qimmat, ham sifatsiz. Boshqa tadbirkorlardan so‘rasangiz ham aytadi: bizda mahsulot tannarxiga eng avvalo gaz, kredit va o‘g‘it ta’sir qiladi.
Akbar Abdurazzoqov, Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan “Durmon nihol agro” MChJ rahbari:
— Z gektarda issiqxonamiz bor. Qisman kredit, qisman investorlar mablag‘iga qurilgan. Asosiy bozorimiz – Rossiya. Oxirgi bir necha yildan beri Rossiya bozoridagi o‘z o‘rnimizi yo‘qotib kelyapmiz. Logistika qiyinligi, o‘g‘it va dorilarning qimmatligi tannarxni ko‘tarib yuborgan. Vaholanki, 10 yil avval “o‘zbek pomidori” degan alohida nomimiz bor edi.
Juda ko‘p dehqonlarimiz Qozog‘istonga chiqib, ularning bozorini rivojlantirib berdi... O‘zimizda ularga sharoit yaratib bera olmadik.
Davlat rahbari doim “eksport salohiyatimizni ko‘taraylik” deb kelyapti, quyi rahbarlar teskari ish qilib, muammo yaratish bilan ovora.
Gaz olish uchun “Hududgaz” bilan tuziladigan shartnomada majburiy band bor, unga ko‘ra “Hududgaz” xohlagan paytda bir tomonlama shartnomani bekor qilish huquqiga ega, boshqacha shartda shartnoma tuzolmaysiz.
Bunaqa sharoitlarda ishlash, kreditlarni to‘lash juda qiyin. Kredit olish uchun katta miqdorda mol-mulk garovga olingan, kredit bergandan keyin o‘z holiga tashlab qo‘yilyapti.
Gazga avvaldan to‘lov qilamiz, qolganlar to‘lamasa, bizdan olishadi, sizlar to‘lov qilinglar deb. Limit berishadi. Ob-havo sovuq kelsa, kerak bo‘lsa 24 soat gaz yoqishga to‘g‘ri keladi, limitdan o‘tib ketsa 1,4 baravar to‘lash kerak. Bundan tashqari, penya to‘lash kerak.
O‘tgan yili elektrda shunaqa muammo bo‘ldi – ayb “elektroset”da ekanini o‘zlari ham tan olishdi, ammo 85 mln so‘m jarima to‘ladim, bo‘lmasa elektr energiyasini ishlata olmasdim.
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
07:35 / 20.12.2024
Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
20:11 / 19.12.2024
Xalq iste’dodi, vaqti va imkoniyatlarini yo‘qotayotgan muammo
21:12 / 14.12.2024
Toshkent viloyatida 649 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi
10:21 / 14.12.2024