O‘zbekiston | 11:47 / 23.10.2022
23849
7 daqiqa o‘qiladi

Gazdan uzilayotgan «parnikchilar» va sovuqda qolgan pomidor-bodringlar: vaziyatda kim loqaydlik qilmoqda?

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida issiqxonada qishki pomidor va bodring yetishtirayotgan parnikchilar Kun.uz tahririyatiga murojaat bilan kelishdi. Ular yetishtirayotgan poliz ekinlari endi pishay deb qolganda, 19 oktyabr kuni bir kunda ogohlantirish xati berilib, gazdan uzishibdi.

Sabab — kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan 224-yig‘ilish bayonnomasi. Unga asosan issiqxonalar yoppa ko‘mirga o‘tishi kerak ekan. Shu sababli issiqxonalarga ortiq gaz yetkazib berilmaydi.

Tadbirkorlardan biriga berilgan ogohlantirish xati

Oqdaryo tumanidagi Zarafshon daryosi bo‘yida 20 gektar maydonda issiqxonalar qurilgan. 2018 yilda bu yerga prezident Shavkat Mirziyoyev ham tashrif buyurib, Koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan issiqxona xo‘jaliklari bilan tanishtirilgan edi.

Biz issiqxonada bo‘lib, tadbirkorlarga mikrofon tutdik. Ular ekranda ko‘rinish berishni istashmadi. Sababi — ular «Hududgazta’minot» hali ham vaziyatni hal qilib berishidan umidvor va ekranda yuzi ko‘rinib, ular bilan adovatlashib qolishni istashmadi.

«Nega avvalroq ogohlantirishmadi? Nega bizga moslashish uchun vaqt bermasdan, gazlarimizni shu kunning o‘zidayoq uzib tashlashyapti? Axir hozirgi sovuq kunlarda kechalari o‘simliklarni sovuq urib ketib, qilgan xarajatlarimiz va foydamizga kuyamiz-ku?» — deb jig‘ibiyron bo‘lishmoqda «parnikchilar».

Biz 2 gektarlik issiqxonalardan birida ish boshqarayotgan kishi bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, 15-20 nafar ayol bu yerda mavsumiy ish bilan ta’minlangan.

Tadbirkorlar katta miqdordagi imtiyozli kreditlar evaziga Koreya texnologiyasi bo‘yicha energiya samarador issiqxonalarning karkaslarini olib kelishgan. Ularga gaz bilan isitiluvchi qozonxona qilingan. Zudlik bilan uni boshqa yoqilg‘iga moslashtirish kamida bir oy talab etadi.

Bundan tashqari, mavsumiy ekinga tayyorlanish uchun 500 million so‘mdan ortiq xarajat qilishgan. Kuniga mavsumiy ishchilarning ish haqi uchun 1 million so‘mdan ortiq xarajat bo‘ladi.

Ertaroq ekilgan pomidorlar mevasi yetilay deb qolgan. Ammo hali uzilmagan. Pishishiga bir haftacha bor. Bodring ko‘chatlari o‘tqazilganiga 1 haftagina bo‘libdi. Xullas, tadbirkorlar qilgan xarajatlariga, ekkan ekinlari va kredit to‘loviga kuyib o‘tirishibdi.

Parnikchilar o‘simliklarni asrab qolish uchun har narsa qilib ko‘rishmoqda. Sinalgan xalqona usullarimiz ikkita: qo‘y yog‘i surtib qo‘yish yoki isiriq tutatish. Pomidorlarga yog‘ surtib bo‘lmaydi, shu sabab parnik ichida isiriq tutatilibdi. Ammo isiriq tutuni qancha ham issiqlik berardi? Pomidorlar bargi allaqachon so‘liy boshlagan.

Qiziq, mana shunday holatlar uchun «Hududgazta’minot» nega avvaldan ularga yarasha limit ajratmaydi? Yo buning imkoni yo‘qmi? Yoki «Hududgazta’minot»ning kutilmaganda mana shunday «nayrang»lari chiqib qolishi aniq bo‘la turib, nega parnikchilarning o‘zi ham boshqa yoqilg‘i turlarini zaxira qilishmaydi?

«Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali boshlig‘i o‘rinbosari Xurshid Meliyev bu boradagi savollarga matbuot anjumanida javob berdi.

Xurshid Meliyev, «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali boshlig‘i o‘rinbosari:

«Issiqxona qurilayotgan vaqtda shartnoma shartlarida bu narsa ko‘rsatib o‘tilgan. Muqobil yoqilg‘i turi zaxirada saqlangan bo‘ladi. Qish oylari yaqinlashgani sari gaz quyish shoxobchalari va issiqxonalar avvallari ham gazdan o‘chirib kelingan. Bu 10–15 kun belgilangan vaqt oralig‘ida bo‘ladi.

Har bir issiqxonada bu kunlarga mo‘ljallangan o‘zining muqobil yoqilg‘i manbayi hamda qurilmasi bo‘lishi kerak. Buni biz issiqxona qurilishidan avval xat orqali ularga tushuntirib o‘tganmiz. Issiqxona qurilishining texnik shartida qish sovuq kelishi yoki yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelganda issiqxona gazdan uzib qo‘yilishi va bu vaqt oralig‘ida ularda muqobil yonilg‘i zaxirasi bo‘lishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu ko‘mir, o‘tin yoki elektr kotyollar bo‘lishi mumkin. Hattoki, Koreya texnologiyalari asosida barpo etilgan issiqxonalarda ham bu mavjud.

2022 yil 4 oktyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan o‘tkazilgan 224-sonli yig‘ilish bayonnomasida issiqxona egalariga ogohlantirish xati berilsin va muqobil yoqilg‘i turiga o‘tkazilsin degan topshiriq kiritib o‘tilgan.

Ayni paytda havo u qadar sovib ketmaganini inobatga olib, 20 kun oralig‘ida vaqt berilgandi. Shundan so‘ng muqobil yoqilg‘i zaxirasiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Ammo ayni kunlarda zudlik bilan muqobil yoqilg‘i turiga o‘tkazilishi ko‘rsatma qilingani bilan tadbirkorlarning sharoiti hamda kredit asosida faoliyat yuritayotgani hisobga olinib, bu masala respublika miqyosida ko‘rib chiqilmoqda. Balki muqobil yoqilg‘i turini o‘zimiz tomonimizdan yetkazib berish yoki tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarga suyultirilgan gaz berishimiz ham mumkin. Shu bilan birga, hokimiyat tomonidan ko‘mir ham ajratilyapti. Xuddi shunday bu tadbirkorlar ham importdagi muqobil yoqilg‘i turiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda», — dedi X.Meliyev.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, parnikchilarni gazdan uzish butun respublika bo‘ylab davom etayotgan ekan. Nega metan «zapravka»lar uzilmayapti gazdan? Mashinaga gaz to‘ldirilmasa bir chetda turishi yoki qimmatroq benzin bilan yuraverishi mumkin. Lekin o‘simliklar sovuqda o‘ladi-ku?

Qish dasturxonida barra poliz mahsulotlari qimmat bo‘lib ketmasligi uchun tadbirkorlarni gaz bilan ta’minlash ham katta ahamiyat kasb etadi. Yangi yil bayrami oldidan pomidorning kilosi 50 ming, bodring esa 70 ming so‘m bo‘lib ketsa, ko‘mir yoqib mahsulot yetishtirgan tadbirkorlar emas, ularni o‘z vaqtida gaz bilan ta’minlamay, kasod qilgan gazchilarning «hissasi» katta ekanini unutmasligimiz kerak.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid