Jahon | 19:01 / 01.11.2022
12026
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilni tavsiflaydigan eng asosiy so‘z ma’lum qilindi

Collins English Dictionary lug‘ati 2022 yilning eng asosiy so‘zi «permainqiroz» ekanini e’lon qildi.

Foto: Reuters

Britaniyaning Collins English Dictionary lug‘ati 2022 yilning eng asosiy so‘zi «permainqiroz» (permacrisis) ekanini ma’lum qildi. U permanent crisis (permanent inqiroz) so‘zlari birikmasidan iborat.

Lug‘atning tushuntirishicha, «permainqiroz» beqarorlikning uzoq davri va bexatarlik hissining yo‘qligini anglatadi.

Mualliflar fikriga ko‘ra, bu so‘z bilan pandemiya, ob-havo sharoitining og‘ir kelishi, Ukrainadagi mojaro, 2022 yildagi boshqa dahshatli voqealarni izohlash mumkin.

«Permainqiroz» 2022 yilga ta’rif berishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan 10 ta so‘z orasidan tanlab olingan.

Ro‘yxatga «patigeyt» («partygate», Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning 2020 yilda, pandemiya davridagi lokdaunda tashkil etgan ziyofatlari bilan bog‘liq mojaro), «Kiyev», «iliq maskan» («warm bank», energiya qiymati oshib borayotgan sharoitda, qishda isinib olish mumkin bo‘lgan ommaviy bino), «tinchgina ketish» («quiet quitting», karerizmdan voz kechish va ish vaqtidan tashqari mehnat bilan shug‘ullanmaslik), «uzala tushib yotmoq» («splooting», issiq havoda qo‘l-oyoqni uzatib, salqin joyda yotish), «sportni yuvish» («sporswashing», o‘z obro‘sini yaxshilash yoki siyosatidan chalg‘itish maqsadida sport musobaqalaridan foydalanish, Qatardagi jahon chempionatidan oldin dolzarb) va boshqa so‘zlar kiritilgan.

Ro‘yxatni tuzuvchilar ushbu so‘zlar hozirgi vaqtda dunyoning holatini anglatishini ta’kidlamoqda.

Bir yil oldin Collins English Dictionary lug‘ati NFT (non-fungible token, almashtirib bo‘lmaydigan token) abbreviaturasini 2021 yilning eng asosiy so‘zi deb e’lon qilgan edi.