Jahon | 16:55 / 02.11.2022
36694
3 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Eron Saudiya Arabistoniga hujum qilishi mumkin

Amerikaliklar Eron Saudiya Arabistoniga hujumga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirildi.

Foto: West Asia News Agency/Handout via REUTERS

Saudiya Arabistoni hukumati AQShga Eron podshohlik hududi bo‘ylab, shuningdek Iroq Kurdistonidagi amerikalik harbiylar bazasi ham joylashgan Arbil shahriga zarbalar yo‘llashga tayyorlanayotgani to‘g‘risidagi razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda.

«Biz bu tahdiddan xavotirdamiz va Saudiya Arabistoni bilan harbiy va razvedka kanallari orqali doimiy aloqada bo‘lib turamiz. Biz o‘zimizning va mintaqadagi hamkorlarimizning manfaatlarini hech qanday ikkilanishsiz himoya qilamiz», — degan AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili.

OAV Eron Jomkoron masjidi uzra qizil bayroq ko‘tarilganiga e’tibor qaratmoqda. Qizil tug‘ning ko‘tarilishi urush e’lon qilinishini anglatadi. So‘nggi marta qizil bayroq 2020 yilda Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganda ko‘tarilgan edi.

WSJ nashri yozishicha, Saudiya Arabistoni va Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlar, shuningdek AQSh qurolli kuchlari jangovar shay holatga keltirilgan. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, rejalashtirilgan hujumlardan maqsad Eron jamiyati e’tiborini Mahsi Aminiyning o‘limidan keyin boshlangan va butun mamlakatni qamrab olgan ommaviy namoyishlardan chalg‘itish hisoblanadi.

  • Oktyabr oyida Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy Saudiya Arabistonidan ushbu mamlakatda fors tilida efirga chiquvchi telekanallar Erondagi namoyishlarni yoritishini to‘xtatishni talab qilgandi. «Bu bizning so‘nggi ogohlantirishimiz, chunki siz media orqali bizning ichki ishlarimizga aralashmoqdasiz», — degandi u. Eron hukumati sentabr oyining ikkinchi yarmida boshlangan namoyishlarda AQSh va Isroilni ayblaydi. 
  • Sentyabr oyida Eron Iroq Kurdistoniga ballistik raketalar va  dronlar orqali zarba yo‘llagandi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, o‘shanda 13 kishi halok bo‘lib, 58 kishi yaralangan. Hengaw huquq tashkiloti Eron hujumlaridan maqsad kurd qurolli tuzilmalari va Eronning surgundagi muxolif partiyalari lagerlari hamda shtab-kvartiralari bo‘lganini ma’lum qilgandi. 

Mavzuga oid