O‘zbekiston | 10:28 / 03.11.2022
7045
2 daqiqa o‘qiladi

Alisa, Siri’ga o‘xshash o‘zbekcha gapiradigan aqlli yordamchi ishlab chiqilyapti

Hozircha loyiha o‘zbek tilida so‘zlovchi kishilarning ovozini yig‘moqda. O‘zbekcha gapirayotgan kishi ovozini tushunishi uchun sun’iy idrokka yetarlicha ovozli ma’lumotlar kerak bo‘ladi.

Foto: UzbekVoiceBot

Alisa, Siri kabi ovozli yordamchilarning o‘zbek tilida gapiradigan muqobili yaratilmagan. Bu ishni dasturchi Baxtiyor Hasanov yo‘lga qo‘ymoqda, deb xabar bermoqda Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev. U tayyorlayotgan dastur hozir ovoz yig‘ish jarayonida. Dasturga qancha ko‘p o‘zbekcha gapiruvchi kishilarning ovozlari yuklansa, aqlli yordamchi shuncha tez tushunib, javob qaytarishi mumkin bo‘ladi.

Yaxshi ishlaydigan ovozli yordamchini yaratish uchun kamida 10 ming soat ovozli ma’lumot kerak bo‘ladi. Buning uchun @UzbekVoiceBot’dan ro‘yxatdan o‘tib, ovozli xabar qoldirish kerak.

Ishtirok etuvchi unga berilgan gaplarni o‘qib, jo‘natishi kerak. Agar matn ichida xatolik bo‘lsa, buni botdagi grammatik xato tugmasini bosib, bildirishi mumkin. Tinish belgilari o‘qilmaydi. Qisqartmalar qanday yozilgan bo‘lsa, shunday o‘qiladi.

Ovozlar adabiy tilda bo‘lishi shart emas. Chunki har bir viloyatning o‘z shevasi va talaffuzi bor. Ovoz yuboruvchining shaxsiy ma’lumotlari turli manfaat yo‘llarida foydalanilmaydi.

Shuningdek, boshqa ishtirokchilar o‘qigan ovozlarni tekshirib, to‘g‘ri yoki xatoligini bildirish ham mumkin. Ovoz o‘qigan va ovoz tekshirgan ishtirokchilarga ball berilib boriladi va ular oxirida taqdirlanadilar.

Зуҳра Абдуҳалимова
Tayyorlagan Зуҳра Абдуҳалимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish