Jahon | 15:45 / 04.11.2022
11895
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: G7 davlatlari Rossiya nefti narxining chegarasi bo‘yicha kelishib oldi

Rossiya neftining qat’iy belgilangan narxi noyabr oyida e’lon qilinishi kerak, deya xabar beradi Reuters axborot manbasiga tayanib.

Foto: Reuters

«Katta yettilik» davlatlari va Avstraliya Rossiya nefti uchun qat’iy narx belgilashga kelishib oldi, deb xabar bermoqda Reuters 3 noyabr, payshanba kuni muzokaralar mazmuni bilan tanish bo‘lgan, biroq bu mavzu bo‘yicha ommaviy bayonotlar berishga vakolatli bo‘lmagan manbaga tayanib. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, qat’iy narx hali aniqlanmagan, biroq u noyabr oyida e’lon qilinadi. Neft narxlari indeksi (suzuvchi kurs) uchun chegirma usuliga murojaat qilmaslikka qaror qilindi. Agentlik suhbatdoshining fikricha, chegirma ko‘rinishidagi narxni istalgan indeksga bog‘lash haddan tashqari o‘zgaruvchanlik va narxlarning potensial tebranishlariga olib keladi. 

Xabar qilinishicha, hamkorlar kerak bo‘lganda belgilangan narxni muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqmoqchi. G7 bu yondashuv bozor barqarorligini oshiradi va uning ishtirokchilariga yukni minimallashtiradi, deb hisoblaydi. Kelishuvning boshqa tafsilotlari hozircha ma’lum emas.  

So‘nggi haftalarda AQSh tomoni va G7’ning boshqa a’zolari dengiz transportiga embargo qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lishi kerak bo‘lgan Rossiya neftiga narx chegarasini belgilash bo‘yicha misli ko‘rilmagan rejaga oid qizg‘in muzokaralar olib borishdi. Yevropa Ittifoqining oltinchi sanksiyalariga muvofiq, bu embargo 5 dekabrdan kuchga kirishi kerak. 

Ushbu cheklovlardan maqsad - Ukrainadagi urush moliyalashtiriladigan Rossiya budjetiga tushumlarni kamaytirishdir. O‘z navbatida, Rossiya «narx chegarasi» joriy etilishini qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlarga dengizdan neft yetkazib berishni to‘xtatishini allaqachon e’lon qilgan. 

Mavzuga oid