13:03 / 07.11.2022
13388

Qatar Germaniyani "ikki xil standartlarda" ayblab chiqdi

Qatar rahbariyati JCh-2022 boshlanishidan oldin Germaniya hukumatining tanqididan norozilik bildirdi. FAZ nashriga bergan intervyusida amirlik tashqi ishlar vaziri futbolga energetika siyosatiga aloqador mezonlar qo‘llanayotganini aytdi.

Foto: Reuters

Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdul Rahmon Ol Taniy Berlinni mamlakatning futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqi tanqid ostiga olingani munosabati bilan «ikki tomonlama standartlar»da aybladi. Bir tomondan, «hukumat siyosatchilari nemis aholisiga noto‘g‘ri ma’lumot bermoqda», dedi u 6 noyabr, yakshanba kuni Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) gazetasiga bergan intervyusida. Boshqa tomondan, vazirning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumati Qatar bilan energiya sohasida hamkorlik qilish yoki Afg‘onistondan nemis fuqarolarini qutqarish borasida hech qanday muammoga duch kelmayapti.

«Biz jahon chempionatini o‘tkazmoqchi bo‘lganimizda va lahzadan zavqlanib, uni nemis jamoasi bilan nishonlamoqchi bo‘lsak, to‘satdan boshqa standartlar qo‘llanadi», dedi Ol Taniy. Uning qayd etishicha, Qatar har doim konstruktiv tanqidga ochiq. Ammo «biz bilan go‘yo hamkorlik qilayotgan» hamda barcha voqea va islohotlardan xabardor bo‘lgan hukumat yolg‘on ma’lumotlarga asoslangan bayonotlar berib, yolg‘on manzara yaratsa, «biz bunga chiday olmaymiz», dedi tashqi ishlar vaziri.

Doha Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fazerning Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning 2022 yilgi jahon chempionatini ushbu arab davlatida o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori adolatli ekanligi borasidagi bayonotidan norozi bo‘ldi. «Biz Germaniya hukumati sifatida bunday huquq - mamlakatda yirik sport tadbirlarini o‘tkazishni topshirishni o‘ta murakkab masala deb bilamiz», — dedi vazir 27 oktyabr kuni ARD davlat-huquqiy telekanali efirida. 

Moderatorning 2022 yilgi jahon chempionatini Qatarda o‘tkazish haqidagi aniq savoliga javob berar ekan, Fezer shunday ta’kidladi: «U yerda amal qilish kerak bo‘lgan mezonlar bor va yirik sport musobaqalarini o‘tkazish huquqi bunday davlatlarga berilmasa, yaxshi bo‘lardi».

Fezer, shuningdek, Qatar hukumatidan ayrim fuqarolar uchun xavfsizlik kafolatlarini talab qildi. Ol Taniyning so‘zlariga ko‘ra, «hamma kutib olinishi va hech kim kamsitilmasligi» yuqori darajada bir necha bor takrorlangan. Huquq-tartibot organlari «agar muxlisning xavfsizligiga zo‘ravonlik tufayli xavf tug‘ilsa»gina aralashish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalarga ega», dedi u.

Nemis OAVning xabar berishicha, 28 oktabr kuni Qatar TIV Germaniyaning mamlakatdagi elchisi Klavdius Fishbaxni Nensi Fezer bayonotlari tufayli norozilik notasini topshirish uchun chaqirgan. Qatar nemis vazirining bayonotidan «xafa bo‘lgani» va uning pozitsiyasini «butunlay rad etishini» e’lon qildi.

Ayni paytda, Qatar bilan birga Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini ham o‘z ichiga olgan Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi Fezerning tanqidini rad etib, Berlinni mintaqa mamlakatlari ichki ishlariga aralashishdan ogohlantirgan holda bayonot berdi.

1 noyabr kuni yakunlangan Qatarga ikki kunlik tashrifidan so‘ng Fezer Qatar bosh vaziri unga 20 noyabrda boshlanadigan jahon chempionatida muxlislar xavfsizligi uchun kafolatlar berganini aytdi.

Top