Sinoptiklar dekabrda ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot berdi
Dekabr – qish birinchi oyi, bu faslni ko‘pchilik qor va sovuq bilan bog‘laydi. “O‘zgidromet” ushbu oy uchun dastlabki prognozini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, bu yil dekabr oyi nisbatan sovuq havo bilan boshlanadi. 1 dekabrdan harorat pasayishi boshlandi va 3-5 dekabrga kelib respublika hududi katta qismida termometr ustuni kechalari 4-7 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-3 daraja iliqqacha, ba’zi joylarda 1-2 daraja sovuqqacha, shimolda kechalari 10-13 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 4-7 daraja sovuqqacha pasayadi.
Ma’lum qilinishicha, hatto respublika eng janubiy qismida ham sovuq bo‘ladi, harorat kechalari 0-2 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 3-6 daraja iliqqacha pasayadi.
Sovuq ob-havo deyarli dekabr oyi birinchi o‘n kunligi oxirigacha saqlanib turadi. Respublika bo‘yicha 5 dekabrgacha quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. 5-10 dekabr kunlari davrida respublika markaziy va janubi-sharqiy hududlari bo‘yicha ayrim kunlarda qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.
Dekabr oyi ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida me’yoriy qiymatlarga yaqin bo‘lgan fonda havo harorati kechalari 2-7 daraja iliqdan 2-7 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10-15 daraja iliqdan 2 daraja sovuq-3 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan 2021 yil dekabr oyi oxirgi 20 yil ichida eng iliq yil bo‘ldi. Ushbu davr uchun 2002, 2011 va 2020 yillar dekabr oylari esa eng sovuq bo‘lgan.
Toshkentda so‘nggi 20 yil ichida dekabr oyidagi eng iliq kunlarda havo harorati 20-23 daraja iliqqacha ko‘tarilgan, eng sovuq davrlarda esa harorat kechalari 12-15 daraja sovuqqacha pasaygan.
Meteorologik kuzatuvlar barcha davrlari (150 yildan ko‘p) uchun Toshkentda eng past harorat 20-23 daraja sovuqni tashkil etgan, 1930 yil dekabr oyida esa 27-29 daraja sovuqqacha bo‘lgan.