Jahon | 09:34 / 07.12.2022
6661
3 daqiqa o‘qiladi

Trampning kompaniyasi soliq organlarini aldaganlikda aybdor deb topildi

AQSh sobiq prezidenti Trampning kompaniyasi - The Trump Organization LLC 1,6 million dollargacha jarimaga tortilishi mumkin, hukm 13 yanvar kuni chiqariladi.

Foto: AP

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning ko‘chmas mulk kompaniyasi bo‘lgan The Trump Organization LLC 15 yil davomida soliq organlarini aldash bo‘yicha jinoiy sxemani qo‘llab-quvvatlaganlikda aybdor deb topildi. 6 dekabr, seshanba kuni Nyu-York shtati sudida raislik qilgan sudya Xuan Merchan hukm chiqarish sanasini 13 yanvarga belgiladi.

Kompaniya barcha moddalar, jumladan, jinoiy til biriktirish va biznes hujjatlarini soxtalashtirishda aybdor deb topildi. Trampning o‘ziga bu ish bo‘yicha ayblov qo‘yilmagan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab mehmonxonalar, golf maydonlari va boshqa ko‘chmas mulklarni boshqaradigan The Trump Organization LLC top-menejyerlar, jumladan sobiq moliya direktori Allen Vaysselbergning shaxsiy xarajatlarini to‘lash va ularga mustaqil pudratchi sifatida mukofot cheklarini berish bilan shug‘ullangan, deb yozadi Reuters.

Kompaniya 1,6 million dollargacha (1,5 million yevro) jarimaga tortilishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, jarima bunday hajmdagi kompaniya uchun ortiqcha yuk bo‘lmasligi kerak bo‘lsa-da, ayblov hukmi uning biznes yuritish qobiliyatini murakkablashtirishi mumkin. Bundan tashqari, u 2014 yilda AQSh prezidentligi uchun yana o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotgan Trampga huquqiy bosimni kuchaytiradi.

Avgust oyida Federal qidiruv byurosi Donald Trampning Floridadagi uyida tintuv o‘tkazdi. Agentlar Tramp Oq uydan olib chiqib ketgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan maxfiy hujjatlarni qidirdi, keyinroq The Washington Post gazetasi tintuv natijasida xorijiy davlatlardan birining mudofaa strategiyasi va uning yadroviy salohiyatini tavsiflovchi hujjat aniqlangani haqida xabar berdi.

Trump Organization'ga oid surishtiruv Trampning sobiq advokati Maykl Koen 2019 yilda AQSh Kongressida korporatsiya o‘z aktivlarini sug‘urta kompaniyalari uchun haddan tashqari oshirib yuborayotgani haqida ko‘rsatma berganidan keyin boshlangan. Bu sobiq prezidentga asosiy aktivini yanada qulay shartlarda kreditlash va shu bilan birga, ko‘chmas mulk solig‘ini to‘lashda imtiyozlar olish imkonini bergan.

Manxetten prokuraturasi, shuningdek, Koenning ikki nafar ayolga Tramp bilan aloqalari haqida hech kimga gapirmaslik uchun amalga oshirgan to‘lovlari bilan ham qiziqib qoldi. Ikkala ayol ham Tramp bilan aloqalari borligini da’vo qilishdi, u buni rad etdi.

Nyu-York shtati Bosh prokuraturasi jinoiy ish ochdi. Trampning o‘zi avvalroq unga qarshi ishlar siyosiy sabablarga ko‘ra ochilganligini aytgan edi.

Mavzuga oid