10:41 / 09.12.2022
36006

«Qurol baroni» Viktor Butni amerikalik basketbolchi Brittni Graynerga almashtirishdi

AQSh va Rossiya mahbuslar almashuvini amalga oshirdi.

Foto: AP

Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasida ayblangan amerikalik basketbolchi Brittni Grayner AQShda qurol savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun qamalgan rossiyalik Viktor Butga almashtirildi.

Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, almashuv Abu-Dabi aeroportida amalga oshirilgan.

Payshanba kuni kechqurun But Moskvadagi Vnukovo aeroportiga kelgan, bu yerda uni rafiqasi Alla va onasi Raisa But kutib olishgan. Uning Rossiyaga qaytishi Rossiya televideniyesi jonli efirida namoyish etishgan.

Moskvada But jurnalistlarga almashuv haqida uni oldindan ogohlantirishmaganini aytgan. «Yarim tunda shunchaki uyg‘otishdi va aytishdi: «Narsalaringni yig‘ishtir». Hech qanday oldindan ma’lumot berilmadi», - deya uning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi.

Viktor But Rossiyaga uchayotgan samolyotda. Foto: TASS

AQSh prezidenti Jo Bayden ham Grayner uyga qaytayotganini aytdi. «Bir necha daqiqa oldin men Brittni Grayner bilan gaplashdim. U xavfsizlikda. U allaqachon samolyotda uyga uchmoqda», deya yozgan u tvitterida.

Bayden shuningdek AQSh Rossiyada sudlangan sobiq dengiz piyodasi Pol Uilanni vatanga qaytarishga intilishda davom etishi haqida bayonot berdi.

But va Graynerni almashtirishga erishishda BAA prezidenti hamda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasining birgalikdagi sa’y-harakatlari ham yordam bergan, bu haqda ikki monarxiya qo‘shma bayonotida aytiladi.

Rossiyalik inson huquqlari bo‘yicha komissar Tatyana Moskalkovaning aytishicha, But ham, Grayner ham almashuv oldidan afv etilgan va endi ular jazo muddatining qolgan qismini vatanida o‘tamaydi.

Bunday almashuv ehtimoli haqida avvalroq OAVda xabarlar chiqqandi. 18 noyabr kuni buni Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov ham tasdiqlagandi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken iyul oyi oxiridayoq AQSh Rossiya bilan Grayner va Uilanning almashuvini muhokama etishga tayyorligini aytgandi. Amerika nashrlari esa manbalariga asoslanib, gap ularni Butga almashtirish haqida borayotganini yozishgandi. Rossiya hukumati Vashingtonni muzokara jarayonini ommaga ochiqlagani uchun ayblagandi.

Ikki karra olimpiya chempioni, Uralning UGMK klubi safida o‘ynagan Grayner 2022 yil 17 fevralida, Ukraina bilan urush boshlanishi arafasida Moskvadagi Sheremetevo aeroportida qo‘lga olingandi. O‘shanda Nyu-Yorkdan Moskvaga uchib borgan Graynerning bagajida qoradori moyi solingan elektron sigaretalar (veyp) topilgan. Ayol og‘riq qoldiruvchi vosita o‘rniga shifokorlar ruxsati bilan tibbiy marixuana ishlatganini aytgan.

Grayner giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanadi. Sudda u bu buyumlarni bilmasdan o‘z yonida olib kelgani va Rossiya qonunlarini buzish niyatida bo‘lmaganini aytgan. Moskva oblasti Ximki rayon sudi 4 avgust kuni uni to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etadi. Moskva oblasti sudi jazoni yengillashtirmaslikka qaror chiqaradi. 19 noyabr kuni sportchini jazoni o‘tash uchun Mordoviyadagi koloniyaga olib borishgani ma’lum bo‘ldi.

Sovetlar davri harbiy-havo kuchlarining sobiq ofitseri bo‘lgan  But 2008 yilda AQSh Giyohvand moddalarga qarshi kurashish boshqarmasi (DeA) o‘tkazgan operatsiya doirasida Tailandda qo‘lga olinib, AQShga ekstraditsiya qilingan. U dunyodagi eng mashhur qurol savdogarlaridan biri bo‘lgan, uning tarixi asosida Hollivudda «Qurol baroni» filmi ishlangan.

2012 yilda But amerikaliklar va AQSh rasmiylarini o‘ldirish maqsadida fitna tayyorlash, zenit raketalari yetkazib berish va terrorizmni moliyalashtirishda ayblanib 25 yilga qamaladi. Uning o‘zi esa qonuniy xalqaro transport biznesiga egalik qilgan tadbirkor ekanini, xatolik bilan Janubiy Amerikadagi isyonchilarni qurollantirishda ayblanganini ta’kidlaydi.

AQSh va Rossiya o‘rtasidagi so‘nggi mahbuslar almashinuvi shu yilning aprelida bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda rossiyalik uchuvchi, AQShda 20 yil muddatga qamalgan Konstantin Yaroshenko Rossiyada politsiyachilar bilan mushtlashuv uchun to‘qqiz yilga qamalgan amerikalik Trevor Ridga almashtirilgandi.

Mavzuga oid
Top