Jahon | 13:37 / 12.12.2022
7636
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya Ukraina uchun Germaniya qurollarini ta’mirlaydi

Slovakiyaning Ukraina bilan chegarasida Rossiyaga qarshi jangovar harakatlar paytida shikastlangan harbiy texnikani ta’mirlash markazi ish boshladi, deb xabar berdi dpa agentligiga Germaniya Mudofaa vazirligi vakili. 

Foto: Bundeswehr

Xususan, zarurat tug‘ilganda bu yerda Germaniyaning PzH 2000 gaubitsalari qayta tiklanadi. Markaz Mixalovsa shahri yaqinida joylashgan bo‘lib, Germaniya va Slovakiya o‘rtasidagi hukumatlararo kelishuvga muvofiq tashkil etilgan. Ta’mirlash ishlarini Germaniyaning Krauss-Maffei Wegmann mudofaa kompaniyasi tashkil qiladi.

"Biz uchun bu Ukraina qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shilgan juda muhim hissadir. Shu tariqa, biz uzatgan va muvaffaqiyatli qo‘llangan qurollar imkon qadar uzoq vaqt davomida ish holatida bo‘lishini ta’minlashga yordam bera olamiz. Bundan tashqari, bu Germaniya va Slovakiya o‘rtasidagi yaxshi hamkorlik namunasi", - dedi Germaniya brigada generali Kristian Froyding.

Bundan oldin AQSh ma’muriyatining yuqori martabali amaldori birinchi marta uning mamlakati Germaniyani Ukrainani zamonaviy tanklar bilan ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etgandi. 

AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman 9 dekabr, juma kuni Berlinda AQShning Ukrainaga Germaniyaning Leopard 2 tanklari hamda Patriot havo mudofaasi va zenit-raketa tizimlarini yetkazib berishga e’tirozi yo‘qligini, Kiyev ularni qat’iylik bilan talab qilayotganini aytdi. Bu haqda dpa agentligi xabar bermoqda.

«Ikkala holatda ham bizning pozitsiyamiz o‘zgarmaydi: Germaniya nima qilishi kerakligi Germaniyaning o‘zi tomonidan hal qilinadi», dedi Sherman. Uning qo‘shimcha qilishicha, Berlin «Germaniyaning o‘zi uchun to‘g‘ri qaror» qabul qiladi.

Germaniya kansleri Olaf Shols bir necha bor Germaniya G‘arbda ishlab chiqarilgan tanklarni Ukrainaga bitta o‘zi yetkazib berishni istamasligini ta’kidlagan, shuning uchun ba’zi tahlilchilar NATOning bunday yetkazib berishni qabul qilib bo‘lmasligi borasida birlashgan qarori mavjud, degan fikrda edi. Shu paytgacha NATO davlatlari Ukrainaga faqat sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan tanklarni yetkazib bergan.  

Mavzuga oid