Jahon | 09:55
856
3 daqiqa o‘qiladi

Putin: Yonilg‘i tanqisligi Ukrainadagi urushga ta’sir qilmaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina dronlarining neft infratuzilmasiga uyushtirgan hujumlari ortidan mamlakatda yuzaga kelgan yonilg‘i tanqisligi frontdagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatmasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi Ukrainadagi harbiy operatsiyalarni reja asosida davom ettirmoqda.

Foto: picture alliance

23 iyun kuni hukumat a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan videokonferensiya yig‘ilishidan so‘ng Putin mamlakatdagi yonilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan birinchi marta ochiq izoh berdi.

Yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosarlari Aleksandr Novak va Marat Xusnullin hisobot berdi. Novak ichki bozordagi vaziyatni «murakkab, ammo nazorat ostida» deb baholar ekan, ayrim hududlar va yonilg‘i quyish shoxobchalarida kuzatilayotgan tanqislikni logistika bilan bog‘liq vaqtinchalik muammolar sifatida izohladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat iste’molchilarni yonilg‘i bilan ta’minlash uchun bir qator choralarni ko‘rmoqda. Jumladan, neftni qayta ishlash zavodlarining quvvatlari maksimal darajada oshirilgan, rejali ta’mirlash ishlari kechiktirilgan yoki qisqartirilgan.

Ayniqsa, qo‘shib olingan Qrim va Sevastopol, chegara hududlari, Uzoq Sharq hamda Kaliningrad viloyatiga yonilg‘i yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin esa Qrimda dron hujumlari oqibatida zarar ko‘rgan turizm sohasi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus choralar ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Rossiya bilan Qrim o‘rtasidagi transport qatnovlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlar tayyorlanayotgani aytildi.

Hisobotlarni eshitgan Putin Ukraina hujumlari tufayli yuzaga kelayotgan xavflarni minimallashtirish vazifasi birinchi navbatda Rossiya Mudofaa vazirligi zimmasida ekanini ta’kidladi.

Prezidentning fikricha, Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya hududiga dron hujumlarini kuchaytirish orqali ehtimoliy tinchlik muzokaralarida kuchliroq pozitsiyaga ega bo‘lishga harakat qilmoqda.

Shu bilan birga, Putin Mudofaa vazirligi, hukumat va hududiy rahbarlarni ukrainalik harbiylar tomonidan ehtimoliy hujumlar sharoitida muvofiqlashtirilgan holda ishlashga chaqirdi.

«Kiyev rejimining bu kabi harakatlari frontdagi voqealar rivojiga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Aksincha, bu holat harbiylarimizni mamlakat oldida turgan vazifalarni yanada qat’iyat bilan bajarishga undaydi», — dedi Rossiya prezidenti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid