Jahon | 08:49 / 13.12.2022
4651
2 daqiqa o‘qiladi

Eron yevropalik siyosatchilar va kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy qilyapti

Eron 32 yevropalik siyosatchi, kompaniya va muassasaga, jumladan, Germaniya davlat madaniyat vaziri Rot va Fransiya jurnaliga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Tehron Yevropa Ittifoqining jazo choralariga shunday munosabat bildirgan.

Foto: Reuters

Eron hukumati 12 dekabr, dushanba oqshomida Yevropaning 32 siyosatchisi, kompaniyasi va muassasasiga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. Ular orasida Germaniyaning madaniyat va ommaviy axborot vositalari bo‘yicha davlat vaziri Klaudiya Rot va Germaniya sobiq mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer bor. 

Bundan tashqari, Tehronning sanksiyalar ro‘yxatiga Britaniya Mudofaa shtabi boshlig‘i Entoni Radakin, Britaniya MI5 kontrrazvedkasi rahbari Ken Makkallum, Fransiya jurnali va «Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi»ning forscha tahririyati kiradi. 

Sanksiyalar ichiga mamlakatga kirishni taqiqlash, shuningdek, ushbu jismoniy va yuridik shaxslarning Erondagi aktivlarini muzlatish kiradi, deya aniqlik kiritgan AFP agentligi. 

Shunday qilib, Eron hukumati 12 dekabr kuni Bryussel avvalroq e’lon qilgan Yevropa Ittifoqining qo‘shimcha sanksiyalariga munosabat bildirdi. 20 nafar eronlik shaxs va Yevropa Ittifoqidagi bir tashkilotga nisbatan cheklov choralari Islom Respublikasi hukumati tomonidan inson huquqlarining jiddiy buzilishi, jumladan yana bir namoyishchining qatl etilishi va Tehronning Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani munosabati bilan joriy etildi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kananiy Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini «noqonuniy» deb atadi va Yevropani «Eronning ichki ishlariga aralashishda» aybladi. 

Eron sanksiyalari ostida qolgan Germaniya davlat madaniyat va ommaviy axborot vositalari vaziri Klaudiya Rot ularni «tashviqot kayfiyatidagi choralar» deb atadi. Tehron ularni faqat «e’tiborni Eronning haqiqiy muammolari, korrupsiyalashgan, repressiv rejimga qarshi kuchayib borayotgan norozilikdan chalg‘itish» maqsadida kiritmoqda, dedi nemis siyosatchisi. 

Mavzuga oid