Metro bekatlarini nomlash bo‘yicha 2 mingga yaqin taklif kelib tushdi
Geonom.tashkent.uz sayti orqali Toshkent metrosining yangi qurilgan 19 ta bekatiga nom tanlash bo‘yicha aholi takliflari olindi. Ishchi guruh har bitta bekat uchun uchtadan nomzodni saralab olgach, ular ovozga qo‘yiladi. Bir guruh olimlar bekatlardan birini Toshkent metrosining “otasi” – akademik Tursunboy Rashidov nomi bilan atashni taklif qilmoqda.
5 dekabrdan Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti poytaxtdagi ko‘chalar, maydonlar, metro bekatlari va boshqa shu kabi obektlarni nomlash bo‘yicha takliflarni yig‘ish uchun geonom.tashkent.uz saytini ishga tushirdi.
Saytda 18 yoshga to‘lgan va Toshkentda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar yangi geografik obektlarni nomlash va mavjudlarini qayta atash jarayonida ishtirok etishi mumkin.
Bekat uchun qanday nomlar taklif qilindi?
5 dekabrdan 11 dekabrgacha saytda Toshkent yerusti metrosining Do‘stlik–Qo‘yliq va Olmazor–Sergeli yo‘nalishlarida yangi qurilgan 19 ta yerusti bekatiga nom berish bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi. Jarayonda jami 458 nafar fuqaro qatnashib, 1 900dan ortiq takliflar yig‘ildi.
Kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqsak, masalan, Sergeli liniyasidagi 1-bekatni nomlash uchun 101 ta taklif berilgan, shular orasida eng ko‘pi (59 ta) “Choshtepa” nomi uchun yuborilgan. Qolaversa, variantlar orasida “Yangi Choshtepa”, “Chashtepa”, “Chochtepa”, “Shashtepa”lari ham bor.
Liniyaning 2-bekati uchun esa eng ko‘p “Toshkent halqa yo‘li” nomi (107 ta taklifdan 20 tasi), 3-bekat uchun “Sergeli-7” (101 ta taklifdan 18 tasi), 4-bekat uchun “O‘zgarish” (82 ta taklifdan 22 tasi), 5-bekat uchun esa “Qipchoq” (90 ta taklifdan 26 tasi) nomlari yuborilgan.
Qo‘yliq yo‘nalishidagi 1-bekat uchun jami 189 ta taklif berilgan, shundan 30 tasi “Chkalov”, 29 tasi “Aviasozlar” hamda 16 tasi “Do‘stlik-2” nomlari uchun berilgan.
Berilgan takliflarning deyarli hammasida akademik Tursunboy Rashidov nomini ham uchratish mumkin. Bir guruh olimlar metro bekatlaridan birini Toshkent metropoliteni asoschilaridan birining nomi bilan atashni taklif qilmoqda.
Tursunboy Rashidov haqida
Tursunboy Rashidov – Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi sohasidagi atoqli olim, Fanlar akademiyasi akademigi. Toshkent metropolitenining seysmik mustahkam, zilzilabardosh bo‘lib qurilishida aynan shu olimning hissasi katta.
Gap shundaki, 1966 yil 26 apreldagi Toshkentda sodir bo‘lgan halokatli zilziladan keyin, Moskva ilmiy tadqiqot institutlari bir ovozdan shaharni qayta qurish dasturiga metro qurishni kiritish imkonsiz degan.
“Toshkent tez-tez kuchli zilzilalar sodir bo‘ladigan faol seysmik zonada joylashgan, dunyo tarixida bunday joylarda metro, yerosti temiryo‘llari qurilmagan va qurilmayapti”, – deya ta’kidlashgan institut vakillari.
So‘ng, Sharof Rashidov boshchiligidagi O‘zbekiston rahbariyatining Toshkent metrosini qurish taklifi rad etiladi. Shunda Sharof Rashidov ko‘pchilikning bu boradagi fikrini o‘zgartirish uchun o‘zbeklarning eng kuchli olimlariga murojaat qiladi va ular bilan birgalikda ishchi guruh shakllantiriladi. Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti direktori Tursunboy Rashidov respublikaning yetakchi olim va mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi koordinatori etib tayinlanadi.
Akademik Rashidov seysmodinamika va seysmologiya sohasida jahonga mashhur yetuk olim bo‘lib, u nazariy va amaliy matematika, to‘lqin mexanikasining ilmiy usullariga tayangan holda Toshkentning alohida mustahkam inshootini qurish modeli konsepsiyasini, 9 ballgacha bo‘lgan zilzilaga bardosh beradigan metro loyihasini yaratadi.
Uning boshchiligidagi guruh uch yil davomida Toshkent metropolitenining puxta ilmiy-texnik loyihasi asosida Moskva shahrida joylashgan ilmiy-tadqiqot institutlari, turli vazirlik, idora va davlat qo‘mitalari vakillarining ishonchini qozonadi. Yaxshigina bahs-munozaralardan so‘ng, ishchi guruh tomonidan masala ijobiy hal etilishiga erishiladi. Akademik Rashidov tomonidan ishlab chiqilgan zilzilaga chidamli metro modeli loyihasi sabab hozirgacha yo‘lovchilarga xizmat qilib kelayotgan Toshkent metropoliteni barpo etiladi.
“Toshkent metropoliteni bekatlaridan biriga seysmodinamika va seysmologiya sohasidagi atoqli olim Tursunboy Rashidov nomini berish adolatdan bo‘lardi”, – deydi Xalqaro ekologiya, inson va tabiat xavfsizligi fanlari akademiyasining a’zosi Anvarmizo Husayinov.
Shuningdek, yana bir qancha olimlar: texnika fanlari doktori, Toshkent davlat transport universiteti professori Abdurahmon Eshonxo‘jayev, fizika-matematika fanlari doktori, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti professori Botir Mardonov hamda texnika fanlari doktori, professor, Mexanika va inshootlarning seysmik chidamliligi instituti bosh ilmiy xodimi G‘oibnazar Xo‘jametovlar ham metro bekatlaridan birini Tursunboy Rashidov nomi bilan atash tarafdori.
Saytdan takliflar yig‘ib olindi, endi nima bo‘ladi?
Hozirda bu takliflar umumlashtirilib, Toshkent shahar hokimligi qoshidagi maxsus ishchi guruhga taqdim qilingan. Ishchi guruh ulardan har bir bekat uchun 3 tadan nom tanlab olishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, qonunchilik talablariga muvofiq deb topilgan nomlar tez kunlarda mahalliy aholining fikrini inobatga olish maqsadida geonom.tashkent.uz saytida onlayn-so‘rovga qo‘yiladi. So‘rovda eng ko‘p ovoz olgan nom metro bekatiga qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, ishchi guruh davlat boshqaruvi va hokimlik organlari, tarixchilar, filologlar, o‘lkashunos, toponimist, blogerlar hamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega mutaxassislardan iborat.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
18:52
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024