Jamiyat | 22:51 / 26.12.2022
33977
8 daqiqa o‘qiladi

Gollivud yulduzining buyuk muhabbati

“Garovdagilar” filmi orqali o‘zbek tomoshabini uchun ham tanish bo‘lgan mashhur aktyor Liam Nison buyuk sadoqat sohibi sifatida tilga olinadi. U 13 yildan buyon ehtiyotsizlik sabab yuqoridan yiqilib, vafot etgan turmush o‘rtog‘ining xotirasi bilan yashamoqda.  

Foto: Getty Images

Liam Nison bir qarashda sovuqqon va qo‘pol bo‘lib ko‘ringani bilan u har qanday yoshda ham o‘z ko‘rkam va xushbichimligini yo‘qotmagan. Odatda, bunday insonlar hamisha ko‘ngilochar matbuotning “nishon”ida bo‘lib kelishadi: turli xil ayollar, bir nechta nikoh, biri-birini tanimaydigan farzandlar... Ammo Liam bu kabi fazilatlardan yiroq bo‘lib, o‘z shaxsiy hayotini boshqalardan qat’iy himoya qilib keladi.

Baxt chetlab o‘tgan oilaviy hayot

Uning ayollar bilan munosabati deyarli quloqqa chalinmagan. 1981 yilda aktrisa Helen Mirren bilan oila qurgan aktyor yetti yillik munosabatlariga barham berish uchun arzirli sabab ham keltirmaydi. Ikkala aktyor ham yildan yilga kino olamini zabt etib, muvaffaqiyat pillapoyalaridan ildamlab borishdi. Ammo doimiy bandlik, karera qilish mashaqqati va uydan tashqarida kechgan umr bu oilaning parchalanishiga sabab sifatida ko‘rsatiladi.

Ammo bu mavzu ham ortiqcha e’tiborni tortmasdan, 1988 yildayoq keng omma muhokamasidan g‘oyib bo‘ldi.

Liam Nison va Helen Mirren
Foto: Getty Images

Ishq – chegaralarni tan olmaydi

1993 yilda go‘zal va latofatli aktrisa Natasha Richardson Nisonning e’tiborini tortadi. Bu vaqtda u Brodveyda faoliyat yuritayotgan bo‘lib, Natashaning sho‘x tabassumi, hech kimsaga o‘xshamagan fe’l-atvori Nisonni o‘ziga maftun etadi. Aktrisa o‘zidan 11 yosh kichik, buning ustiga rejissyor Robert Foks bilan nikohi bo‘lishiga qaramasdan, Nison uning muhabbatini qozonish uchun bir yil vaqt sarflaydi. Nihoyat, hech bir to‘siqqa qaramasdan, Natasha Nisonning sevgisini qabul qiladi.

Uzoq kutilgan lahzalar

Qariyb bir yil davom etgan Natashaning ajralish jarayoni tugashi bilanoq, ikki mashhur juftlik yangi oila qurganliklarini keng ommaga e’lon qilishdi. Shu kundan boshlab, matbuot va internet tarmoqlari bu oila haqida faqat va faqat yaxshi yangiliklar bilan bo‘lisha boshladi. Dastlab, ko‘zni quvontiradigan juftlikning birinchi farzandi dunyoga keldi. Unga Maykl Richard Antonio Nison deb ism berishdi.

Natasha Richardson va Liam Nison
Foto: Getty Images

Bir yildan so‘ng ikkinchi bor ota-onalik maqomiga ega bo‘lgan Nison va Natasha bu safar ham pahlavon o‘g‘ilni bag‘riga bosishdi. Unga Daniyel Jyek Nison deb ism qo‘yishdi. Bu galgi turmushda baxt topgan Natasha va Nison ish va oilaviy munosabatlarni birlashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ana shu yillar oralig‘ida Natasha “Ota-onalar uchun tuzoq”, “Xizmatkorning Robbisi”, “Ingliz sartaroshi” va shu kabi o‘nlab filmlarda bosh rollarni gavdalantirgan bo‘lsa, Liamning karerasi yanada samarali bo‘ldi. “Yulduzli janglar”, “K-19”, “Nyu-York to‘dalari”, “Samoviy qirollik”, “Betmen: boshlanish” kabi mashhur filmlarda takrorlanmas rollar ijro etishga erishdi. Ehtimol Natasha ham bundan yuqori muvaffaqiyatga erishishi mumkin edi, ammo u o‘z xohishlaridan oilaning manfaatlarini ustun qo‘ydi.

Baxtsiz tasodif

Hech kim baxtsizlikdan kafolatlanmagan. Baxt kutilmaganda kelgani kabi baxtsizlikning ham qachon “mehmon” bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmas ekan. Ana shunday tasodiflar bu oilani ham chetlab o‘tmadi.

2009 yilda turmush qurganliklarining 15 yilligi munosabati bilan Kanadadagi chang‘i kurortiga borishadi. Ana shu sayohat kunlarining birida Natasha balandlikdagi trassaga shlem (bosh kiyim)siz chiqadi. Ehtiyotsizlik sabab yuqoridan yiqilib tushgan Natasha boshidan qattiq jarohat oladi. Shifokorlar tashqi belgilarga qarab, undan biror jiddiy alomatlar yo‘qligini qayd etdi. Sababi aktrisa o‘zini yaxshi his qilayotgan edi.

Afsuski, ortga qaytmas jarayon allaqachon boshlangan, miyada katta tomirdan qon ketayotgan edi. Oradan ikki soat o‘tib, aktrisa o‘zini yomon his qila boshladi va to‘satdan koma holatiga tushib qoladi. Uni zudlik bilan shifoxonaga olib borishadi. Ikki kun o‘tgach, Natashada hayotiy belgilar butkul yo‘qolib qoladi. U vafot etgan edi.

Liam Nison eng qiyin va dahshatli qaror qarshisida qotib qoladi. U sevimli ayolini hayot bilan bog‘lab turgan uskunani uzib qo‘yishga rozilik berdi. Natasha Richardson 45 yoshda edi.

Foto: Reuters

Marhumani vataniga olib ketishdan avval yana bir muhim qaror qabul qilishga to‘g‘ri keldi. Uning organlarini og‘ir ahvoldagi bemorlarga transplantatsiya qilishga rozilik bildirildi.

Vidolashuv

Aktrisani Nyu-Yorkka dafn etish uchun olib kelishadi. Bu yerda uning oila a’zolari, hamkasblari va do‘stlari bor edi. Dafn marosimi ham ko‘plab taniqli shaxslar ishtirok etganligi bilan ko‘pchilikning yodida qolgan. Keyinchalik aktrisaning qabri ustiga uning marmar va bronzadan yasalgan yodgorlik haykali o‘rnatildi. Yodgorlikda aktrisa tizzalagan holda suv to‘ldirilgan idishni ushlab turgani tasvirlangan.

Foto: Getty Images

Oradan vaqtlar o‘tib, bir jurnalist rafiqasining o‘limi haqida savol berganida Nison tabassum qildi va qo‘lini silkidi. Ammo his-tuyg‘ulari haqida bir og‘iz ham so‘z aytmadi. 2016 yildagina u o‘zining Fasebookdagi sahifasida shunday satrlarni yozib qoldirdi:

“Rafiqam kutilmaganda vafot etdi. Ammo u menga juda ko‘p quvonchli kunlarni hadya etib ulgurdi. Biz juftlarimiz yonimizda ekanligi uchun minnatdor bo‘lishimiz kerak. Chunki bir kun kelib uning ismi yozilgan raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lmay qolishi mumkin. Men tushunib yetgan eng buyuk haqiqat shundaki, har kuningizni umringizning so‘nggi kuni kabi yashang va seving. Chunki bir kun shunday bo‘ladi”.

Sadoqatning buyuk sohibi

2009 yilda Nison 57 yoshni qarshi olgan edi. Gollivud me’yorlariga ko‘ra, Nison beva va ayni “kuyov” bo‘ladigan pallada edi. Uning tengdoshlari “ishq o‘yinlari”ning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan va o‘zlaridan anchayin yosh ayollarga uylana boshlashgan bo‘lsa-da, Liam vafot etgan xotinining xotirasiga sodiq qoldi. Shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, u biror ayol bilan ko‘rinish bermagan va mish-mishlar o‘qiga uchramay kelmoqda.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.

Mavzuga oid