O‘zbekiston | 07:56 / 28.12.2022
10203
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Suv kodeksi loyihasi e’lon qilindi

O‘zbekiston Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Kodeksning maqsadi suvga doir munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Quyidagilar kodeksning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • aholini, iqtisodiyot tarmoqlari va ekologiya tizimlarini suv bilan barqaror ta’minlash;
  • suvni ifloslanish, bulg‘alanish va kamayib ketishdan muhofaza qilish, suvga zararli ta’sirning oldini olish va uni bartaraf etish,  suv obektlari holatini yaxshilash, aholi va atrof muhit uchun suvdan foydalanishning ekologik xavfsiz darajasiga erishish hamda uni saqlash;
  • suv resurslarini iqlim o‘zgarishini inobatga olgan holda oqilona boshqarish, hisobga olish va ulardan foydalanish;
  • davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, suvdan foydalanuvchilar va xususiy sektorga suv xo‘jaligi obektlarining bir qismini berish, boshqa bozor mexanizmlarini rivojlantirish;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning suvga doir munosabatlar sohasidagi huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
  • suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish.

Suv obektlari yoki ularning qismlari suvdan foydalanish obektlari bo‘lishi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat-xususiy sheriklik prinsiplari asosida foydalanishga berilishi mumkin, suv omborlari, sel-suv omborlari, shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obektlari bundan mustasno.

Suv obektlari tanho yoki birgalikda foydalanishda bo‘lishi mumkin.

Qonunchilikda belgilangan tartibda yuridik yoki jismoniy shaxslarga butunlay yoki qisman foydalanishga berilgan suv obekti tanho foydalaniladigan suv obektidir.

Tanho foydalanishga berilmagan suv obekti birgalikda foydalaniladigan suv obektidir.

Suv obektlari qonunchilikda belgilangan tartibda suv xo‘jaligi, sanitariya nazorati, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, geologiya va mineral resurslar organlari bilan kelishilgan holda foydalanishga beriladi.

Suv obektlari suvdan foydalanuvchilarga suv iste’molchilarining qishloq xo‘jaligi, ichimlik, davolash va maishiy ehtiyojlarini, aholining kurort, rekreatsiya va o‘zga ehtiyojlarini, sanoat, energetika, transport, baliqchilik xo‘jaligi hamda boshqa davlat yoki jamoat ehtiyojlarini qondirish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya qilingan holda foydalanishga beriladi.

Oqova suvlarni oqizish uchun suv obektlaridan foydalanishga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda hamda maxsus talablar va shartlarga rioya qilingan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Suv obektlarini taqdim etish shartlariga qarab, suvdan foydalanish umumiy, maxsus, alohida va birgalikda foydalanishga ajratiladi.

Mavzuga oid