Jahon | 22:35 / 10.01.2023
39992
11 daqiqa o‘qiladi

Soledarda Ukraina qo‘shini uchun tahdidli vaziyat yuzaga keldi. Asosiy ma’lumotlar

Rossiyaliklar Donetsk oblastining Soledar shahridagi mudofaa chizig‘i yorib o‘tilganini ma’lum qilgan. Katta ehtimol bilan «Vagner» otryadlari ushbu shaharning katta qismini nazorat qilmoqda.

Clodagh Kilcoyne / Reuters / Scanpix / LETA

6 yanvar kuni kechqurun rossiyalik harbiy blogerlar RF qo‘shini Donetsk oblastining Soledar shahrini egallash uchun janglarda muvaffaqiyatlarga erishayotgani haqida xabar bera boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan bir tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, bu hududda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi kuchlari hujum qilishda davom etgan.

Xususan, blogerlar «shaharning bir qismi nazoratga olingani», xususan «Artemsol» zavodi egallangani, shuningdek Rossiya bo‘linmalari go‘yoki «shahar markazi orqali olg‘a harakatlanayotgani» haqida yozishdi. Shu bilan birga Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi haqida tilga olinmagan.

«Sulh kuchsizlar uchun. «Vagner» XHK shturmchi guruhlari Artemovskning shimoliy-sharqiy chekkasidagi Podgorodnoye qishlog‘ini ozod etishdi. Rojdestvoni kattalardek nishonlashdi», deya yozgan rossiyalik harbiy muxbir Boris Rojin.

Tarmoqlarda shaharda ko‘cha janglari ketayotgani haqidagi videolar tarqaldi, harbiy muxbirlar shahar atrofidagi posyolkalar ozod etilayotgani haqida, rossiyalik ayrim spikerlar esa Ukraina qurolli kuchlari shaharni tark etishi mumkinligi haqida yozishdi.

«O‘ylaymanki, yaqin vaqtlar ichida raqib Soledar va uning atrofidagi posyolkalarni tark etadi, dushman manbalar Ukraina qurolli kuchlari chekinishga buyruq olganini tasdiqlashmoqda», deb yozdi «LXR» rasmiysi Vitaliy Kiselev.

Soledar atrofida intensiv janglar dekabr oyi oxirida boshlandi. Avvalroq Wall Street Journal Rossiya qo‘shinlari Baxmutni egallashda Ukraina qurolli kuchlarining qattiq qarshiligiga duch kelgach, taktikani o‘zgartirib, qo‘shinlarni qayta guruhlagan holda asosiy e’tiborni Soledarga qaratganini xabar qilgandi.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari, katta ehtimol bilan Ukrainaning Donetsk oblasti Soledar shahrining katta qismini nazoratiga olgan. Bu haqda Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi 10 yanvar kuni e’lon qilgan frontdagi vaziyat bo‘yicha sharhda aytiladi. Britan harbiy razvedkasiga ko‘ra, Rossiya kuchlari so‘nggi to‘rt kun davomida Baxmutdan 10-15 kilometr masofadagi Soledar shahriga hujum qilmoqda. Xususan, janglar ikki tomon ham bir-birining ortiga o‘tish imkonini beruvchi 200 kilometrlik tashlandiq tuz konlari tunneliga kirish joyini egallash uchun ham olib borilmoqda, deya qayd etadi idora.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi qo‘shimcha qilishicha, Baxmut katta ehtimol bilan Rossiya qo‘shinlarining asosiy operativ maqsadi bo‘lib qoladi, ammo ular yaqin vaqtlar ichida bu shaharni o‘rab olishi dargumon. «Baxmutga bosim kuchayganiga qaramay, rus qo‘shinlari uni tez orada o‘rab olishlari dargumon, chunki Ukraina qo‘shinlari barqaror chuqur mudofaa chizig‘ini va ta’minot yo‘llarini nazorat qilmoqda», — deyiladi hisobotda.

«Vagner» kuchlari Soledar shahri markazini egallash uchun jang olib borayotgani haqida Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha har kungi hisobotida rossiyalik harbiy muxbirlarga asoslangan holda xabar qilgan. «9 yanvar kuni e’lon qilingan kadrlar Soledar shahri ma’muriyati atrofida o‘qotar qurollardan intensiv otishmalar ketayotganini ko‘rsatadi», — deya qayd etadi ISW. «Vagner» XHK yollanma jangchilari ma’muriyat binosi atrofida jang qilayotgani haqida 9 yanvar kuni ushbu kompaniya xo‘jayini Yevgeniy Prigojin ham ma’lum qilgandi.

ISW tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya kuchlari Donetsk oblastidagi front chizig‘ida quruqlik orqali hujumga o‘tgan va Soledar hamda Baxmut atrofidagi hududlarda mustahkam o‘rnashgan. Rossiyalik harbiy blogerlarning xabarlariga ko‘ra, Soledardagi Ukraina qo‘shini «Artemsol» korxonasi va shahar shimoliy qismidagi ko‘p qavatli uylar ustidan nazoratni saqlab qolmoqda.

Yevgeniy Prigojin 10 yanvar kuni «Soledarning g‘arbiy chekkalarida og‘ir qonli janglar ketayotgani», ukrain armiyasi esa «mardonavor jang qilayotgani»ni aytib chiqdi. O‘z navbatida, «DXR» rahbari Denis Pushilin Soledar «ozod etilishiga yaqin qolgani», ammo «bu juda qimmatga tushayotgani»ni ma’lum qildi. Pushilin shuningdek janglar Soledarning g‘arbiy qismiga ko‘chganini — va «bu raqib chekinishi uchun hali yo‘l bo‘lgan yagona yo‘nalish» ekanini aytdi. Prigojin Ukraina qurolli kuchlari jangchilari Soledardan yoppasiga qochayotgani haqida tarqalgan xabarlar yolg‘on ekanini aytdi.

Baxmutning zarbalardan keyingi ko‘rinishi
Soledarning yuqoridan olingan tasviri

Ukraina qurolli kuchlari 9 yanvar kuni kechqurun «Vagner» kuchlari Soledarga «kuchli hujum» boshlagani haqida xabar berdi. Ukraina mudofaa vazirligi matbuot kotibi Anna Malyar Rossiya kuchlari shaharni egallash uchun «muvaffaqiyatsiz urinish»dan keyin qayta guruhlangani va «Vagner» XHKning «eng yaxshi zaxira kuchlari»dan tashkil topgan ko‘plab shturm otryadlarini Soledar hududiga tashlagani haqida aytdi. Malyarning aytishicha, Rossiya «tom ma’noda o‘z askarlari jasadlari ustidan yurib, artilleriya, baravar o‘t ochish tizimlari va minomyotlardan yoppasiga o‘t ochib, hatto o‘z askarlarini ham olov ichida qoldirgancha yurish qilmoqda». Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 10 yanvar kuni ukrain qo‘shini Soledarda Rossiya kuchlari hujumlarini qaytargani haqida ma’lum qildi (Bosh shtabdagilar bundan oldingi ikki kunda ham shunday ma’lumot berishgandi).

Rossiya kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining Soledardagi guruhlari ta’minot liniyalarini o‘qqa tutish mumkin bo‘lgan pozitsiyaga chiqqan va shu tufayli shaharda «tahdidli» vaziyat yuzaga kelgan. Bu haqda 9 yanvar kuni kechqurun Ukrainaning «Tsenzor.net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov yozdi (u so‘nggi kunlarda shaharda edi). «Ruslar yo‘lning o‘ziga chiqa olmaydi. Bu to‘liq qurshov emas, ammo trassa bo‘ylab normal ta’minot amalga oshirish imkonsiz, bu esa mudofaa uchun vaziyatni og‘irlashtiradi. Ammo vaziyatni tuzatish uchun hali imkoniyat bor», — degan Butusov.

Butusovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Soledar himoyasidagi ukrain desantchilari rossiyaliklarning 20-30 metr masofagacha yaqin kelgan shturm guruhlari bilan jang qilmoqda. «Rossiya shturm guruhlari yaqin masofadagi kontakt janglarida birin-ketin yo‘q qilinmoqda, ammo ular jangga zaxira kuchlarini tashlab, hujum qilishda davom etmoqda», — degan u. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shini harakatlarini muzlash holati qiyinlashtirmoqda (havo harorati −18 darajagacha tushgan).

Volodimir Zelenskiy Rossiya Soledar uchun janglarda katta yo‘qotishlarga uchrayotgani haqida aytdi. Ukraina prezidenti bu haqda urushning 320-kuni yakunlariga bag‘ishlangan videomurojaatida ma’lum qildi. Zelenskiy Soledarda «barchasi vayron bo‘lgani, hayot deyarli qolmagani», «minglab» rossiyaliklar o‘ldirilganini aytdi. U frontdagi «eng qaynoq nuqtalar» Donetsk va Luhansk oblastlarida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Soledarda ukrain harbiylari Rossiya kuchlarining «yangi va yanada qaqshatqich shturmlarini to‘xtatib turibdi», buning evaziga Ukraina vaqtdan «yutib», qo‘shimcha kuchlarni olib kelishga muvaffaq bo‘lmoqda.

«Donbass uchun kurash davom etmoqda. Hozir bosqinchilar eng katta kuchlarini Soledarga qaratgan bo‘lsa-da, bu qiyin va uzoq davom etadigan jang natijasi baribir butun Donbassimizni ozod qilish bilan tugaydi. Baxmutimizni himoya qilayotgan va maksimal matonat ko‘rsatayotgan barcha jangchilarimizga minnatdorchilik bildiraman! Bosqinchilarning yangi va hatto qattiqroq hujumlariga dosh bergan Soledardagi barcha jangchilarga rahmat! Bu juda qiyin — u yerda deyarli birorta butun devor qolmagan. U yerda, Soledarda askarlarimizning qat’iyati tufayli biz Ukraina uchun qo‘shimcha vaqt va qo‘shimcha kuchlarga ega bo‘ldik. U yerda Rossiya nimani qo‘lga kiritmoqchi? Hamma narsa butunlay vayron bo‘lgan, hayot deyarli qolmagan. Ular minglab odamlaridan ayrilgan: Soledar yaqinidagi butun zamin bosqinchilarning jasadlari bilan to‘la va zarbalardan ilma-teshik bo‘lgan. Jinnilik degani mana shunday bo‘ladi», — degan Zelenskiy. 

Kiyevdagilarning tasdiqlashicha, «Vagnerchilar» saflaridagi katta yo‘qotishlar tufayli Soledarga Rossiya muntazam armiyasi bo‘linmalari yuborilgan. Bu haqda The New York Times nashriga anonimlik sharti bilan yuqori martabali ukrainalik harbiy mulozim xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik yollanma jangchilar «mulohasizlik» bilan jang qilib, ro‘paradan hujum qilmoqda, muntazam armiya askarlari esa jang maydonida manyovrlar amalga oshiradi. Yevgeniy Prigojin 9 yanvar kuni «Soledarni faqat xususiy harbiy kompaniya bo‘linmalari egallashi»ni aytgan. Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti uning so‘zlariga izoh berib, Prigojin yollanma jangchilarning Soledardagi muvaffaqiyatlari haqidagi xabarlardan «Vagner»ning samarali jangovar kuch sifatidagi obro‘sini mustahkamlashda foydalanayotganini bildirgan.

Mavzuga oid