Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, unda Ukraina Rossiya uchun urush narxini keskin oshirishga qodirligini aytdi va uni harbiy harakatlarni tugatish uchun shaxsan uchrashishga chaqirdi.

Volodimir Zelenskiy Vladimir Putinga ochiq xat yozdi. Ukraina prezidenti urushni yakunlash bo‘yicha kelishib olish uchun o‘zaro uchrashishni taklif qilgan. Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga ushbu noma matni diplomatik kanallar orqali Putinga yetkazilishini ma’lum qildi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremldagilar xatni «ko‘rishgani» va bu haqda Putinga xabar berilishini aytgan, shuningdek, Zelenskiy «agar gaplashishni istasa, istalgan vaqtda Moskvaga kelishi mumkinligi»ni aytgan. Ukraina prezidenti rasmiy saytida xat matni ukrain va ingliz tillarida e’lon qilingan. Quyida uning tarjimasi to‘liq keltiriladi.

26 yil oldin Rossiyada hokimiyat tepasiga kelganingizda, Ukrainadagi odamlarning ko‘pchiligi buni ijobiy qabul qilgan edi. Shunday bo‘lgan. Ammo bu endi o‘tmishda qoldi.

Endi ukrainlarning ko‘pchiligi bizning uzoq masofali dronlarimiz ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, sizning Sankt-Peterburgdagi forumingizga tashrif buyurganini ijobiy qabul qilmoqda. Sizga yaxshi ma’lumki, bu masofa – bizning imkoniyatlarimiz chegarasi emas.

Siz hokimiyatda bo‘lgan 26 yil davomida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar kun tartibi butunlay o‘zgardi. Mamlakatlarimiz savdo va boshqa fuqarolik masalalarini muhokama qilishdan amalda faqat zarbalar va yo‘qotishlar haqida gapirishga o‘tdi.

Rossiya hokimiyatidagi shu 26 yildan qariyb yarmini siz Ukrainaga qarshi urush olib borishga sarfladingiz.

NATO, geosiyosat yoki rus tili haqida nimalar deyishingizdan qat’i nazar, bu urush – sizning shaxsiy tanlovingiz, haqiqiy sababsiz urushdir. Uni tarixda xuddi shunday eslab qolishadi.

Bu yillar mutlaqo boshqacha kechishi mumkin edi.

Biz tez-tez bu urushning borishi sizni qoniqtirayotgani haqida eshitamiz. Albatta, gap Valdaydagi qarorgohingiz yoki Moskvadagi paradingiz xavfsizligi haqida ketadigan hollar bundan istisno. O‘z hayotingiz siz uchun qadrli.

Ammo endi barchamiz ko‘rib turibmizki, urush Rossiyaga tobora ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sababli, rossiyaliklar uchun bu reallikda yashash tobora noqulay bo‘lib bormoqda.