Jahon | 08:41 / 12.01.2023
4649
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Kiyevga tanklar yetkazib berish masalasida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmadi

Germaniya Ramshtayndagi navbatdagi uchrashuvgacha Ukraina uchun Leopard tanklari masalasini ijobiy hal eta olmaydi, deb ma’lum qildi Berlin. Shvetsiyaning fikricha, Leopard'ni Yevropadan yetkazib berish masalasi yaqin haftalarda hal bo‘ladi.

Foto: AP

Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Ramshtayndagi yangi uchrashuvdan bir hafta oldin Germaniya Leopard jangovar tanklarini Kiyevga topshirish masalasida yo‘nalishni o‘zgartirishga tayyorligini bildirmayapti. Bu uchrashuv oldidan Germaniya hukumatining pozitsiyasi o‘zgarishi «ehtimoli unchalik yuqori emas», dedi hukumatning Berlindagi rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt 11 yanvar, chorshanba kuni. U Kiyevga Leopard tanklarini yetkazib berish bo‘yicha aniq so‘rovlar hali qabul qilinmaganini qo‘shimcha qildi. 

Hozircha, Xebeshtrayt ma’lumotlariga ko‘ra, ittifoqchilardan Germaniyadan Leopard tanklarini Ukrainaga jo‘natish bo‘yicha ham hech qanday so‘rov bo‘lmagan. «Biz Kiyevga turli havo hujumidan mudofaa tizimlari, piyoda askarlar jangovar mashinalari, zirhli transport vositalari va boshqa texnikalarni yetkazib berdik, bu yetkazib berishni davom ettiramiz. Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib boramiz», - dedi rasmiy.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi a’zolarini taklif qilgan Ramshtayndagi yangi uchrashuv 20 yanvarga belgilangan. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg unda Kiyevga keyingi qurol yetkazib berish masalasi ko‘tarilishini aytdi.

Shu bilan birga, Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristenssen Leopard 2 tanklarini Yevropadan Ukrainaga yetkazib berish masalasi yaqin haftalarda hal qilinishini aytdi. Unga ko‘ra, endi har bir davlat Ukrainaga qay darajada yordam bera olishini aniqlashga harakat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid