Jahon | 10:32 / 04.04.2025
3546
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Rossiya Ukrainadagi urushda 4000 dan ortiq tankni yo‘qotdi 

Rossiya Federatsiyasining Ukrainada yo‘qotgan tanklari soni Qo‘shma Shtatlar ixtiyoridagi tanklar soniga deyarli teng. Bu ma’lumotlarni NATO kuchlarining Yevropadagi oliy qo‘mondoni general Kavoli ma’lum qildi.

Foto: NATO/dpa/picture alliance

AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda 4000 dan ortiq tankini yo‘qotgan. Bu raqam deyarli butun AQSh tank kontingentiga to‘g‘ri keladi, dedi NATOning Yevropadagi oliy qo‘mondoni, amerikalik general Kristofer Kavoli 3 aprel, payshanba kuni AQSh Senatining qurolli kuchlar qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan eshituvda

Kavoli senatorlarning AQSh Kiyevga harbiy yordamni, razvedka ma’lumotlarini almashish sohasida qo‘llab-quvvatlovni qisqartirishda davom etsa, bu Ukraina armiyasi uchun qanday oqibatlarga olib kelishi haqidagi savoliga javob qaytardi. «Bu, albatta, ularning jangovar qobiliyatiga tez va zararli ta’sir ko‘rsatadi», dedi u.

General Kavolining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya raketalarini tutib olishda AQSh ko‘magiga bog‘liq va Rossiya qo‘mondonlik punktlari va logistika obektlariga zarba berishda Amerika razvedkasi ma’lumotlariga muhtoj.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaning asosiy ittifoqchisi bo‘lib qolmoqda. Biroq sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyatidan ko‘p miqdorda harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatilgach, uning vorisi Donald Tramp Ukraina bo‘yicha yo‘nalishini o‘zgartirdi, deb yozadi AFP. Yanvar oyida lavozimga kirishganidan beri u Moskva bilan kelishuvga erishmoqchi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid