Jahon | 12:35 / 18.01.2023
37136
11 daqiqa o‘qiladi

Arestovich fenomeni. Ukraina prezidenti devonidagi shov-shuvli iste’fo haqida

17 yanvar kuni Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich lavozimdan ketish to‘g‘risida ariza yozganini xabar qildi.

Foto: Getty Images

«Men madaniyatli xulq-atvorning namunasini ko‘rsatmoqchiman: jiddiy xato qilindimi – demak iste’foga», – deya izohladi Arestovich o‘z qarorini va ijtimoiy tarmoqlarda arizasining suratini ilova qildi.

«O‘tgan safar men ketganimda, bir yarim oy o‘tib urush boshlangandi. Ko‘ramiz, bu safar nima bo‘larkin», – deya qo‘shimcha qilgan u postga.

Prezident matbuot kotibi Sergey Nikiforovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti ofisi apparati rahbari Mariya Vitushok Arestovichni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi buyruqni imzolagan.

Bu shov-shuvli iste’fo Arestovichning rossiyaliklar raketasi Dniprodagi turar joy binosiga kelib tushishi bo‘yicha tekshirilmagan ma’lumotni bayon qilgani bilan bog‘liq.

Mojaro

14 yanvar kuni Aleksey Arestovich «Feygin Live» YouTube-kanali efirida Dniprodagi turar joy binosining bir qismini yakson qilgan raketa Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani, ko‘p qavatli bino ustiga tushgani va portlagani haqida aytgandi.

Bu ma’lumot darhol Rossiya nashrlari tomonidan keng tarqatildi. Ukrainadagi ko‘pchilikning hisoblashicha, shoshmashosharlik bilan e’lon qilingan bu bayonot Rossiya propagandasi foydasiga xizmat qilgan.

Hatto Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Dniprodagi vaziyatni sharhlarkan, Arestovichning so‘zlariga havola qildi.

Ukraina qurolli kuchlari aviatsiyasi qo‘mondonligi tezlik bilan Arestovichning so‘zlarini rad etdi va ukrainalik harbiylarda tovush tezligida harakatlanuvchi X-22 raketasini urib tushirish imkoniyati yo‘qligini bildirdi. Buni harbiy ekspertlar ham tasdiqlashdi.

Shu tufayli Arestovichning bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda qoralandi va prezident ofisidan uni egallab turgan lavozimidan ozod etish talabi bilan chaqiriqlar yangradi.

15 yanvar kuni tushdan keyin Arestovich o‘zining bu so‘zlariga yaxshi uxlamayotgani va ma’lumotni tekshirish uchun vaqt bo‘lmaganini sabab qilib keltirdi.

U bu haqda o‘z telegram-kanalida yozdi. Avvaliga Arestovich uzr so‘ragandi, keyin o‘z uzrini qaytarib oldi.

«Yigitlar, men shunchaki charchadim. 320 kun davomida boshqa ishlarga qo‘shimcha ravishda kechqurungi jonli translatsiyalar, doimiy uyqusizlik, doimiy axborot yuklamalari, komandirovkalari. Kuniga millionlab kontaktlar va barchasi ... «o‘ta shoshilinch va «o‘ta muhim» informatsiyalar», – deya tushuntiradi u o‘zining urush davridagi ishlash sharoitini.

Arestovichning so‘zlariga ko‘ra, u doimo olingan ma’lumotlarni tahlil qilishiga to‘g‘ri kelishi, buning uchun unda xodimlar yo‘qligi va «axborot va amaliy» jarayonlarni o‘z zimmasiga olgan.

«Men Feygin bilan suhbatdan oldin murakkab axboriy tadbirni yakunlagandim. Men translatsiyadan oldin shunday holatda edimki, yo‘lda mizg‘ib olib, tilimni bazo‘r qimirlatayotgandim», – deya izohlaydi Arestovich.

Dniprodagi qutqaruv amaliyotining yuqoridan ko‘rinishi. Bu Ukrainada o‘tgan yil iyunidan buyon fuqarolik obektiga qilingan eng vayronkor hujum bo‘ldi, o‘shanda Kremenchugdagi «Amstor» savdo markaziga raketa kelib tushganida, Ukraina davlat favqulodda vaziyatlar xizmati 59 kishi jabrlangani va kamida 20 kishi halok bo‘lgani, yana o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgani haqida ma’lum qilgandi.
Wojciech Grzedzinski / The Washington Post / Getty Images

16 yanvar kuniyoq «Feygin Live» efirida u nima ro‘y bergani bo‘yicha qo‘shimcha versiyani ilgari surdi.

Uning aytishicha, uning so‘zlari «Medvedchukning bot-fermasi», shuningdek ukrain muxolifati tomonidan Ukrainaga zarar yetkazish maqsadida ishlatilgan.

Arestovich uning lavozimi o‘z so‘zlari bu qadar katta vazn bosmaydigan o‘ta kamtarona va ahamiyatsiz ekanini ta’kidlab, yana bir bor Dniprodagi fojiada qurbon bo‘lganlarning yaqinlaridan o‘z so‘zlari uchun uzr so‘radi.

Rossiyaliklarning Dniprodagi turar joy binosiga raketa zarbasi berishi oqibatida 45 kishi halok bo‘lib, 70 dan ortiq kishi yaralandi, 20 dan ortiq kishi bedarak ketgan deb hisoblanmoqda.

Arestovich fenomeni

Svyatoslav Xomenko, BBC

Foto: VVS

Bu urush davomida Aleksey Arestovich fenomeni hamon o‘z tadqiqotchisini kutmoqda.

Frontning ikki tomonida ham shunday kuchli va mutlaqo qarama-qarshi his-tuyg‘ularni uyg‘otadigan boshqa odamni topish qiyin. Uni bir vaqtning o‘zida ham sohibkaromat, ham lo‘ttiboz deb bilishadi, uni ham sevishadi, ham nafratlanishadi, uni hurmat bilan tinglashadi va uning familiyasi juda yoqimsiz kontekstlarda umumiy ot sifatida ishlatiladi.

Balki haqiqat Arestovich chindan ham bir vaqtning o‘zida shularning barchasi ekanidadir?

U prezident Zelenskiy ofisiga Rossiyaning Ukrainaga bosqinining ilk kunida kelgandi. O‘z manbalarimdan bilishimcha o‘shanda ofisda, yumshoq qilib aytganda asabiy muhit hukmron edi. Ofisdan tashqarida ham - vahimali holatga yaqin. Ko‘chalarda sirenalar, yirik shaharlardan chiqish joylarida tirbandliklar, supermarketlarda ulkan navbatlar. Ammo, boshqa tomondan urushning ilk soatlaridayoq ukrainlar rossiyaliklar armiyasini gullar bilan kutib olmasligi kundek ravshan edi, faqat bankomatlarga emas, «voyenkomat»larga ham uzun navbatlar yuzaga keldi.

Bu vaziyatda prezident jamoasi hokimiyat nomidan, prezident ofisidan turib millionlab ukrainlarga oddiy messejlarni yetkazib beradigan ovozga muhtoj edi. Vahima qilmaslikka chaqiradigan. Hokimiyat joyida ekanini aytadigan. Rossiyaliklar o‘z fenomenal muvaffaqiyatlari haqida yolg‘on gapirayotgani, aslida ukrainlar qarshilik ko‘rsatayotgani, barchasi yaxshi bo‘lishi, Ukraina, ehtimol juda qisqa vaqt ichida g‘alaba qozonishi, shu tufayli qo‘llarni tushirmaslik va vahima qilmaslik kerakligini aytadigan.

Intervyularidan birida Arestovich urushning ilk kunlarida televizor ekranlaridan aytgan ko‘rsatmalariga o‘zi ham to‘liq ishonmaganini aytgandi. Ammo bunday keng ko‘lamli urushni kutmagan Ukraina jamoatchiligi tinchlantiruvchi vositaga muhtoj edi. Va Arestovich bu funksiyani mohirona bajardi, buning natijasida u ukrainlarning urushga aloqador mifologiyasida o‘z o‘rnini topdi: katta urushning ilk oylarida uning portreti pivo bankalarida paydo bo‘ldi, uning familiyasi harbiy qo‘shiqlarda yangradi, uning obrazi o‘nlab, yuzlab memlarda ko‘rsatildi. Ijtimoiy tarmoqlar ko‘rsatishicha, Arestovich jamoatchilik ishonchini qozongan yetakchilardan biriga aylandi. U shon-shuhratga ko‘mildi.

Ammo vaqt o‘tishi bilan ukrainlarda tinchlantiruvchi vositaga ehtiyoj kamayib bordi – urush ularning hayotiga juda chuqur o‘rnashdi. Qolaversa, hukumatning kommunikatsiya ehtiyojlari ham o‘zgardi – Arestovich kabi yoqimli bo‘lmasa ham, rasmiy ma’ruzachilar tomonidan frontdagi voqealar haqida xabardor qilish tizimi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qurila boshlandi.

Arestovich esa shundan keyin ko‘zdan g‘oyib bo‘lib qolmadi – aksincha, u axborot makonida nisbatan «erkin suzish»ga ketdi. Uning Mark Feygin kanalidagi kechki efirlari hamon bir yarim milliongacha ko‘rilmoqda.

Jamiyatning frontdan faqat yaxshi yangiliklar iste’mol qilishni istaydigan ma’lum qismi uchun u xuddi giyohvandlik moddasi kabi zaruratga aylandi.

Katta ehtimol bilan, Arestovich Kiyevning raqibga qarshi qaratilgan axborot quroli sifatida ham muayyan rolni o‘ynagan: u efirlarining katta qismini rus tilida olib boradi va uning ijrosidagi frontdan hisobotlar kabi rossiyaliklarni urushga borishdan qaytaradigan boshqa kontent topish qiyin.

Ammo asta-sekin Arestovichning efirlariga e’tirozlar ham paydo bo‘ldi. Uni frontdan ma’lumotlardan eksklyuziv foydalanish huquqi yo‘qligi va shunchaki ochiq manbalardagi ma’lumotlarni badiiylashtirishda ayblashdi. Arestovichni yoqtirmaydiganlar uchun o‘tgan yil bahorida urush yana qancha davom etishi haqidagi savolga javoban «Ikki hafta, ko‘pi bilan uch» deya javob qaytargani uning layoqatsizligi ramzi bo‘ldi.

Unga yetarlicha vatanparvar emaslik vaji bilan e’tirozlar bildiriladi – u «yaxshi ruslar»ni himoya qilgan va kelajakdagi Ukrainada rus tili bo‘lishi kerakligi bo‘yicha fikr bildirgandi. Shuningdek o‘z ishtirokidagi efirlar monetizatsiyasi uchun hayp qilishda va noo‘rin siyosiy ambitsiyalarda ayblashadi: Dmitro Gordonga bergan intervyusida u ma’lum sharoitlarda prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligini istisno etmagandi.

Keyin esa Dnipro voqeasi sodir bo‘ldi. Uning Pobeda sohilidagi ko‘p qavatli uyga ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan raketa tushgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi iborasi Rossiya propagandasi tomonidan «ilib ketildi» – bu vaqtda esa hali fojia qurbonlarini xarobalar ostidan chiqarib olish ishlari davom ettirilayotgandi – natijada hatto uning kechki chiqishlari muxlislari orasida ham jiddiy norozilik uyg‘ondi.

Arestovichning uzr so‘rashga urinishi ham beo‘xshov chiqdi: emishki, «efirlardan charchadim va xato qildim». Chinakamiga charchaganlar – Baxmutdagi ukrainalik askarlar, sen esa tilingga ehtiyot bo‘l, deya uni qoralashdi.

Arestovichning xunini shunchalik qattiq talab qilishdiki, Zelenskiy jamoasi uchun uni o‘z davrasida saqlab qolishdan keladigan zarar (lekin u shusiz ham Zelenskiyning yaqin kishilari qatorida emasdi) zaharli bo‘lib qolgan bunday aktivning nazariy foydasidan ko‘proqligi aniq edi. Bu Arestovichning iste’fo haqidagi bayonoti ko‘rinishini ham tushuntiradi.

Boshqa tomondan, prezident ofisining sobiq maslahatchisi uchun bu arizaning imzolanishi amalda hech narsani o‘zgartirmaydi. U efirlarda ishtirok etishda va o‘z loyihalarini boshqa tomondan yuritishda davom etadi. U avvalgidek kimdir uchun kumir, boshqalar uchun avantyurist – buni uning iste’fo haqidagi postida qoldirilgan izohlardan ham bilish mumkin.

Arestovichning o‘zi o‘tgan yil yanvarida bir qator mojarolardan keyin Minsk muzokaralar guruhida Ukraina delegatsiyasi spikeri lavozimidan iste’foga chiqishini eslagani ham shundan dalolat beradi: «O‘tgan safar, men ketganimda, bir yarim oy o‘tib urush boshlangandi. Ko‘ramiz, bu safar nima bo‘lar ekan».

Mavzuga oid