Jahon | 11:35 / 18.01.2023
9723
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden va Shols Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden Germaniya kansleri Olaf Shols bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi. 

Germaniya hukumati rasmiy vakili so‘zlariga ko‘ra, telefon suhbatida Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash masalasi asosiy mavzuga aylangan. 

Ikki davlat yetakchisi bu qo‘llab-quvvatlash «samarali, barqaror va yaqindan muvofiqlashtirilgan bo‘lishi kerak» degan fikrga qo‘shildi, deyiladi xabarda.

Bundan oldin AQSh Urushni o‘rganish instituti (ISW) Kreml kelgusi 6 oy ichida tashabbusni qayta qo‘lga kiritish va Ukrainaning operativ muvaffaqiyatlari seriyasiga chek qo‘yish uchun «hal qiluvchi strategik harakatlarga» tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirgandi. 

Tahlilchilar bunday harakatlar uchun bir-birini istisno qilmaydigan bir nechta variantni ko‘rib chiqyapti. Shu tariqa, Rossiya armiyasi Luhansk viloyatida yirik hujum uyushtirishga harakat qilishi mumkin, deb hisoblaydi ISW ekspertlari. 

Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari Xerson yoki Zaporijjya viloyatlarida hujum uyushtirishi dargumon va bu hududlarda mudofaa amaliyotlariga ustuvor ahamiyat berishadi, deydi tahlilchilar.

Hisobot mualliflari yana bir «hal qiluvchi strategik harakat» sifatida Rossiya tomonining Ukraina qarshi hujumini qaytarish va Ukrainani tashabbusdan mahrum qilish, uning mexanizatsiyalashgan kuchlari muhim qismini yo‘q qilish bo‘yicha ehtimoliy urinishini keltirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid