Jahon | 09:13 / 16.02.2023
8898
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya va Xitoy Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha hamkorlik qiladi

Emmanuel Makron va Van I «xalqaro huquq normalarini hurmat qilgan holda Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha umumiy maqsad»ga sodiqligini bildirdi.

Foto: CGTN

Fransiya va Xitoy Ukrainada tinchlikka erishish uchun hamkorlik qilish niyatida. Bu haqda 15 fevral, chorshanba kuni Yelisey saroyi matbuot xizmati xabar qilishicha, Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi kanselyariyasi rahbari, Siyosiy byuro a’zosi Van I tomonidan kelishib olingan. Har ikki siyosatchi ham mamlakatlari «xalqaro huquq qoidalarini hurmat qilgan holda tinchlikka erishishning umumiy maqsadi»ga sodiqligini bildirdi. Shu bilan birga, Makron Pekin Moskvaga tinchlik muzokaralarini boshlashga rozi bo‘lishi uchun ta’sir o‘tkaza olishiga umid bildirdi.

Matbuot xizmati xabarida Parij va Pekin Rossiya qo‘zg‘atgan harbiy mojaroni qanday qilib diplomatik yo‘l bilan hal qilishga intilish niyatida ekani haqida ma’lumot yo‘q. 2022 yil noyabrida G20 sammiti chog‘ida Emmanuel Makron Xitoy rahbari Si Jinpingni Ukrainada tinchlikka erishishda «vositachi rolini o‘z zimmasiga olishga» chaqirgan edi.

Fransuz tomoniga ko‘ra, Makron va Van o‘rtasidagi suhbatda, jumladan, Rossiyaning Ukrainadagi urushining «eng zaif mamlakatlarga» ta’siri, xususan, oziq-ovqat xavfsizligi va moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilingan.

Van I 2013 yildan 2022 yil oxirigacha Xitoy tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan. Ayni damda u Yevropa bo‘ylab safarda bo‘lib, 17 fevral kuni ochiladigan Myunxen xalqaro xavfsizlik konferensiyasiga, shuningdek, Moskvaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid