Jahon | 09:42 / 17.02.2023
10010
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada zilziladan yetkazilgan zarar 20 mlrd dollarga baholanmoqda

Tabiiy ofat Turkiyaga yalpi ichki mahsulotning bir foizigacha zarar keltirishi taxmin qilinmoqda. Joriy yil uchun mamlakat iqtisodiyotining o‘sish prognozi qayta ko‘rib chiqildi.

Foto: Kun.uz

Tabiiy ofatlar bo‘yicha mutaxassislar 6 fevral kuni Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan vayronkor zilziladan ko‘rilgan iqtisodiy zararni 20 milliard dollardan ortiq deb baholamoqda. Shu bilan birga, Amerikaning Verisk Analytics kompaniyasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mablag‘ning faqat kichik qismi – qariyb bir milliard dollar sug‘urtalangan, deb xabar beradi Reuters 16 fevral, payshanba kuni.

O‘z navbatida, prognozlarga ko‘ra, tabiiy ofat Turkiyaga yalpi ichki mahsulotining (YaIM) bir foizigacha zarar keltiradi. «Zilzila asosan qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat hududlariga ta’sir ko‘rsatdi, shuning uchun boshqa tarmoqlarga ta’siri cheklangan», dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bosh iqtisodchisi Beata Yavorchik Reuters agentligiga. Qayta tiklash ishlari bir yil ichida infratuzilma va ta’minot zanjirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deydi u.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘larining eng yirik oluvchisi bo‘lgan Turkiya iqtisodiyotining joriy yildagi o‘sishi prognozi pastga qarab qayta ko‘rib chiqildi: 3,5 foizdan 3,0 foizgacha. Bu baholash hali tabiiy ofat ta’sirini to‘liq hisobga olmaydi.Tashqi moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotgani va bu yilgi saylovlar bilan bog‘liq siyosiy vaziyat noaniqlikni kuchaytirdi, deydi YeTTB.

Zilzila 18 iyunga belgilangan prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazish rejalarini buzdi. 2023 yil yanvarida amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an saylovlar muddatidan bir oy oldin, 14 may kuni o‘tkazilishi mumkinligini tan oldi. 13 fevral kuni Turkiyaning TGRT Haber telekanali prezidentlik saylovlari bir yilga qoldirilishi yoki umuman bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar berdi. «YSK (Oliy saylov komissiyasi) zilzila oqibatlari tufayli saylov o‘tkazish mumkin emasligi haqida qaror qabul qilishi mumkinligi muhokama etilmoqda», — deyiladi telekanal xabarida. Shu bilan birga, hisobotda Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, saylovlarni kechiktirishning yagona sababi urush ekani ta’kidlangan.

Turkiya va qo‘shni Suriyada 6 fevral kuni 7,8 magnitudali halokatli zilzila va kuchli silkinishlar sodir bo‘ldi. Turkiyada 14 fevraldagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 35 418 kishi halok bo‘ldi, bu mamlakat tarixidagi eng halokatli deb hisoblangan 1939 yili Erzinjon zilzilasidan ko‘ra ko‘proqdir. Suriyada qurbonlar soni 5,8 mingdan oshdi. O‘n minglab odamlar jarohat olib, shifoxonalarda qolmoqda. Qishda ko‘p odamlar boshpanasiz qolib, insonparvarlik yordamiga qaram bo‘lib qolgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid