Jahon | 08:37 / 07.03.2023
8306
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashganidan xavotir bildirdi

Yevropa Ittifoqi Qorabog‘ huquq-tartibot idoralari xodimlari va Ozarboyjon harbiylari o‘rtasida sodir bo‘lgan otishma natijasida besh kishi halok bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘da zo‘ravonlik avj olgan holatlarni tekshirishni talab qildi.

Foto: AFP

Yevropa Ittifoqi Tog‘li Qorabog‘da «kamida besh kishining o‘limiga» olib kelgan yana bir zo‘ravonlik holati avj olganidan xavotir bildirdi. «Ushbu halokatli hodisaning holatlari to‘liq tekshirilishi kerak», dedi Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar xizmati vakili Piter Stano 6 mart, dushanba kuni bergan bayonotida.

Yevropa Ittifoqi «mintaqaviy barqarorlikka yanada putur yetkazishi va tinchlik jarayoniga xavf solishi mumkin bo‘lgan har qanday keyingi harakatlarning oldini olish uchun barcha manfaatdor tomonlarni vazminlik ko‘rsatishga» chaqirdi.

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi 5 mart kuni Tog‘li Qorabog‘ huquq-tartibot idoralari xodimlari va Ozarboyjon harbiylari o‘rtasida sodir bo‘lgan otishmada besh kishi halok bo‘lganini ta’kidladi – uch nafar qorabog‘lik xodim va ikki nafar Ozarboyjon askari. Ikki tomondan yana bir kishi yaralangan. «Rossiya tinchlikparvar kuchlarining sa’y-harakatlari bilan to‘qnashuv to‘xtatildi», deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi byulletenida Rossiya tinchlikparvar kontingentining Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududidagi faoliyati haqida.

Ozarboyjon Armanistonni provokatsiyada aybladi. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, arman tomoni Xankendi-Xalfali-Tursu avtomobil yo‘li bo‘ylab noqonuniy ravishda harbiy texnika va askarlarni o‘tkazishga uringan. Otishma shubhali avtomobilni to‘xtatish va tekshirishga urinish bo‘lganida boshlangan. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi ultimatumda arman bo‘linmalarini Qorabog‘dan olib chiqib ketishni talab qildi. «Bunday harbiy provokatsiyalarning oldini olish uchun Ozarboyjon tomoni uch tomonlama deklaratsiyaning bajarilishini, Armanistondan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, shaxsiy tarkib va   minalarni noqonuniy olib o‘tishni to‘xtatishni, shuningdek, Armaniston qurolli kuchlarini Ozarboyjon hududlaridan zudlik bilan olib chiqib ketishni talab qiladi», deyiladi vazirlik bayonotida.

O‘z navbatida, Armaniston sodir bo‘lgan voqealarda Ozarboyjonni aybladi. Yerevan harbiy xizmatchilar va qurol-yarog‘ tashilgani haqidagi xabarlarni rad etib, birinchi bo‘lib Ozarboyjon harbiylari o‘t ochganini aytdi.

Mavzuga oid