U X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida YeI tashqi ishlar vazirlari “falastinliklarga qarshi zo‘ravonliklar munosabati bilan isroillik ko‘chmanchilarga qarshi sanksiyalarni ma’qullaganini” yozgan.

Kallasning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi shuningdek, HAMAS harakati yetakchilariga qarshi ham yangi sanksiyalarni kelishib olgan. Biroq u aniq shaxslar nomini ochiqlamagan.

11 may kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro ham ijtimoiy tarmoqlarda Yevropa Ittifoqi G‘arbiy sohildagi “ekstremistik va zo‘ravon kolonizatsiyani qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy isroillik tashkilotlar hamda ularning rahbarlariga qarshi sanksiyalar kiritayotgani”ni bildirgan.

Uning ta’kidlashicha, “bunday o‘ta jiddiy harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi kerak”.

Barro HAMASni “terrorchilik harakati” deb atab, uni to‘liq qurolsizlantirish va Falastin hududlari kelajagini belgilash jarayonidan chetlashtirish lozimligini aytgan.

YeIning yangi sanksiyalarni kelishib olishiga Vengriyaning pozitsiyasini o‘zgartirishi sabab bo‘lgan. Avvalroq Budapesht ushbu choralarni bir necha oy davomida bloklab kelayotgan edi.

Jahon agentliklari ma’lumotiga ko‘ra, yangi sanksiyalar uch nafar isroillik ko‘chmanchi va to‘rtta ko‘chmanchilar tashkilotiga nisbatan qo‘llanadi. Ammo ularning nomlari hozircha oshkor etilmagan.

2024 yilda Yevropa Ittifoqi G‘arbiy sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonliklarda ayblangan to‘rt nafar shaxs va ikki kompaniyaga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi. Ushbu choralar viza cheklovlari va aktivlarni muzlatishni nazarda tutgan.

11 may kuni qabul qilingan qaror sanksiyalarni rasman joriy etish bo‘yicha huquqiy jarayonni boshlab bergan. Cheklov choralari keyinroq kuchga kirishi kutilmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Yevropa Ittifoqining bu qarorini qattiq tanqid qilib, uni “ma’naviy bankrotlik” deb atagan.