O‘zbekiston | 16:07 / 11.03.2023
132304
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek xalqining kelib chiqishi - ilk o‘zbeklarning ko‘rinishi qanday bo‘lgan?

O‘zbeklar tashqi ko‘rinish jihatidan bir-biridan farq qiladi. Ularning ba’zilari hozirgi turklarni, ayrimlari qozoqlarni, yana boshqalari yevropaliklarni eslatadi. O‘zbeklarning bugungi qiyofasi shakllanishi qanday yuz bergan? Ularning antropologiyasida qaysi xalqlarning ta’siri katta?

O‘zbek xalqining shakllanishi haqida tarixchilar tomonidan xilma-xil, shuningdek, bir-biriga qarama-qarshi fikrlar aytiladi. Biroq bu mavzuda O‘zbekistonda turli tosh davrlariga oid muhim arxeologik qazishma ishlarida qatnashgan, O‘zFA akademigi, “O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi”, “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitoblari muallifi Ahmadali Asqarov izlanishlari muhim.

Asqarov hozirgi o‘zbeklarning to‘liq shakllanishi antik davrda yuz bergan deb hisoblaydi. Antik davr miloddan avvalgi 4 va milodiy 4-asrlarga to‘g‘ri kelib, O‘zbekistonda bu davrga oid yuzga yaqin manzilgohlar topilgan.

Baqtriya–Marg‘iyona arxeologik kompleksi

Umuman olganda, dunyo tarixidagi ko‘p sivilizatsiyalar qatori Markaziy Osiyoda ham ilk sivilizatsiyalar daryolar bo‘yida paydo bo‘lgan. Shulardan biri Amudaryo bo‘lib, uning sohillarida yashaganlar eroniy tillarda, ya’ni sug‘diy, xorazmiy, baqtariy va sak tillarida gaplashishgan. Ular yashagan shaharlar esa Baqtriya, Sug‘diyona, Marg‘iyona, Parfiyona va Qadimgi Xorazm deb atalgan. Sirdaryo havzalarida esa qadimdan boshlab turkiyzabon aholi yashagan. Turklar va turkiy tilda gaplashuvchilar hozirgi Toshkent viloyati Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona vodiysi Janubiy Qozog‘istondan to Janubiy Oltoy, Sibir, Yenisey, Chukotka hududlariga qadar cho‘zilib ketgan. Bu miloddan avvalgi 3-mingyilliklarga to‘g‘ri keladi. Shu davrlargacha Amudaryo atrofidagi sak, baqtriya, sug‘diylar va turklar alohida yashagan. Bu hol antik davr, ya’ni hozirdan 2-2,5 ming yil oldingi davrgacha davom etdi.

“Baqtriya malikasi”, bronza davri Baqtriya, miloddan avvalgi 2 ming yillik, Yaponiyadagi Miho muzeyi

“Miloddan avvalgi 2-ming yillik o‘rtalarida Janubiy Sibir, Oltoy, Yenisey daryosi bo‘ylari, Janubiy Qozog‘iston dashtlari, Tyanshan hududlaridan sekin-sekin guruh bo‘lib turkiyzabon aholi Sirdaryodan o‘tib bizning hududlarga kirdi. Sirdaryodan to Amudaryoga qadar bo‘lgan barcha hududni egalladi. Sibir tomondan kirib kelayotgan turkiyzabon aholi O‘zbekistonning barcha hududiga tarqalib ketdi. Shuning uchun o‘zbek xalqining kelib chiqish tarixini ikkita etnik asosga bog‘laymiz: birinchisi qadimiy eroniy tillarda gapirgan sug‘diylar, xorazmiylar, baqtriyaliklar; ikkinchisi turkiy tilda gapirgan ajdodlarimiz. Ikki etnik qatlamning 25 asr davomida aralashuvidan yangi millat paydo bo‘ldiki, buni o‘zbek deb ataymiz”, — deydi Ahmadali Asqarov.

Erkak shakli, miloddan avvalgi 3 mingyillik oxiri — 2 mingyillik boshlari, Metropoliten san’at muzeyi

Bronza davrida Sibir turklarining Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylariga ommaviy ko‘chib kelishi natijasida ular soni qadimgi sug‘diy, xorazmiy, baqtriyaliklarga nisbatan 10-15 barobar ko‘payib ketadi. Bunday vaziyatda tabiiyki, tashqaridan kelgan turkiy tilli aholining tili ustuvor bo‘la boshlaydi. Natijada Amudaryo bo‘ylarida yashovchilarning tillari 11-12-asrlarda yo‘qolib ketdi. 

“Baqtriya malikasi” tipidagi ayol haykalchasi, miloddan avvalgi 2500–1500 yillar, Los-Anjyeles okrugi san’at muzeyi

Turkiylarning ko‘chib kelishi yerli aholining faqat tilida emas, hunarmandchiligida ham o‘z aksini topdi. Masalan, bundan 2,5 ming yil oldin Amudaryo bo‘ylarida yashagan o‘troq aholi gulsiz, oddiy idishlar yasab, kundalik hayotda shulardan foydalanib kelgan. Turkiylar ko‘chib kelishi bilan buyumlarga naqsh, gul sola boshladi.

Qo‘lda ko‘taradigan tosh, miloddan avvalgi 3 ming yillik oxiri — 2 ming yillik boshlari, Los-Anjyeles okrugi san’at muzeyi

“Turkiy xalqlarning O‘rta Osiyo, O‘zbekiston hududida paydo bo‘lishi Afrosiyobdan ming yil oldin bo‘lgan — bronza davrida. O‘sha paytda Sopolli degan madaniyatimiz bo‘lgan, shuning ichiga tashqaridan turkiyzabon aholi kelib qo‘shilishi bilan (Andronova qabilasi deb ataladi) sopol buyumlarda aksi ko‘rina boshladi”, — deydi olim.

Vessel with guilloche pattern; 2000–1500; chlorite; 3.33 x 6.67 x 3.81 cm; Los Angeles County Museum of Art
Naqshli idish, miloddan avvalgi 2000–1500 yillar Los-Anjyeles okrugi san’at muzeyi

Bronza davridan boshlangan turkiylashuv antik davrga kelib o‘z nihoyasiga yetdi. Ya’ni bu davrda aholi to‘liq turkiylashib bo‘lgandi. Bu miloddan avvalgi 4-asrdan milodiy 4-asrgacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Bu madaniyatga O‘zbekistonning Amudaryo hududidan topilgan Tuproqqal’a, Jonbosqal’a, Qo‘yqirilganqal’a kabi o‘nlab shaharlar guvohlik beradi. Antik davrda bu shaharlar mustaqil shahar-davlatlar sifatida mavjud bo‘lib, harbiy chegara va iqtisodiy madaniy markazlar bo‘lgan.

Shu bronza davrida Markaziy Osiyoga turkiy tilda gaplashuvchilar kirib kelishi aholining shakli shamoyiliga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Ahmadali Asqarovning ma’lumot berishicha, asl turkiylarning yuz tuzilishi xuddi hozirgiday uzunchoq, ko‘zlari ko‘k, qizlarining ko‘zi bodomqovoq, burunlari qirraburun, iyaklari uzunchoq, peshonasi keng, sochlari malla, tana tuzilishi esa xipcha bo‘lgan. Eroniyzabon turklarning ko‘rinishi ham xuddi Sibirdan kirib kelgan o‘g‘uz turkiylari kabi bo‘lgan, lekin ularning yonoq suyaklari chiqmagan, iyaklari to‘g‘ri uzunchoq bo‘lgan.

Turkiylar kirib kelgach, aralashuv natijasida ularning yuz tuzilishi ham o‘zgarib, uzunchoq emas, dumaloqroq bo‘la boshladi. Yevropa tarafdan kirib kelgan turkiylarning yuzlari biroz dumaloqroq, ikki yonoq suyagi chiqqan, ko‘zlari qo‘yko‘z, tana rangi bug‘doyrang, jussasi baquvvat bo‘lgan. Ikki turkiy qorishgach, yangi o‘zbek xalqi paydo bo‘ldi. Ularning antropologik tipi ikki daryo oralig‘i tipi deyiladi.

Tarixchi hozirgi o‘zbeklarning tashqi ko‘rinishi shakllanish tarixini 3 bosqichga bo‘ladi. Birinchisi o‘g‘uzlar ta’siri bo‘lib, ular mil. avv. 2-mingyillikning o‘rtalarida paydo bo‘lib, Markaziy Osiyoga bronza davrida kirib kelgan. O‘g‘uzlar deb umuman mo‘g‘uliy qiyofa aralashmagan sof yevropeoid tipida bo‘lganlarga aytiladi. Keyingi bosqich 6-asrlarda qarluq va chigillarning kirib kelish davri hisoblanadi. Ular 6—7-asrlarda Oltoyning g‘arbiy qismida, Chorish daryosi (Ob daryosi o‘zanlaridan biri) havzasida, Irtish daryosining quyi oqimi bo‘ylarida, Tarbag‘atoyda hamda Jung‘oriyagacha bo‘lgan katta hududda yashaganlar. Bu paytda ular ham mo‘g‘uliy qiyofaga kira boshlagandilar. Uchinchi bosqich 11-12-asrlarda Chingizxon bosqini davrida qipchoqlarning kirib kelishi bo‘ldi. Ular ko‘proq mo‘g‘ullarga o‘xshagan.

O‘zbek millatining shakllanishida asosiy ikkita xalqning qiyofasi bor: biri qadimiy eroniy, sug‘diy, xorazmiy, baqtariy bo‘lsa, ikkinchisi turkiy o‘g‘uzlar. Uchinchisi bo‘lib mo‘g‘ullar, arablar, forslar kirib keldi. Hammasidan oz-oz jihatlar olaverdi. Lekin yevropeoid qiyofasi sifatida o‘zbeklar 11-12-asrlarda shakllanib bo‘lgan edi. Shakllanishi uchun qator faktorlar bor, ularning eng oxirgilari esa til va siyosiy uyushma. Qoraxoniylar davrida turkiy til hukmron bo‘ldi. Unga qadar forsiy, qadimiy eroniy til ekanligini aytadi Asqarov. 

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Operator – Abduqodir To‘lqinov
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid