Jahon | 15:59 / 20.03.2023
10567
3 daqiqa o‘qiladi

Si Jinping MARda xitoyliklarga qilingan hujum uchun javobgarlarni jazolashga chaqirdi

Dastlab, Xitoy fuqarolarini o‘ldirish bo‘yicha gumon hukumatga qarshi isyonchi «O‘zgarishlar uchun vatanparvarlar koalitsiyasi» (O‘VK)ga qaratildi, u esa o‘z navbatida hujumda «Vagner» XHK jangarilarini aybladi.

Foto: Reuters

XXR raisi Si Jinping Markaziy Afrika Respublikasi (MAR)dagi Chimbolo oltin konida Xitoy fuqarolariga uyushtirilgan hujum uchun javobgarlarni qattiq jazolashni talab qildi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 20 mart, dushanba kuni Si Jinping «yaralanganlarni davolash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishni», barcha oqibatlarni zudlik bilan bartaraf etishni, «aybdorlarni qonunga muvofiq qattiq jazolashni va Xitoy fuqarolari xavfsizligini ta’minlashni» talab qilgani to‘g‘risida xabar berdi.

Mamlakat janubidagi Bambari shahri yaqinidagi Chimbolo koniga hujum 19 mart kuni soat 05:00 (Toshkent vaqti bilan soat 07:00)lar atrofida sodir bo‘ldi. Bambari meri Abel Matipata qurolli shaxslar qo‘riqchilarga hujum qilib, o‘t ochganini aytdi. Kon hujumdan bir necha kun oldin ishlay boshlagan edi. To‘qqiz kishining jasadi 19 martdan kechroq poytaxt Bangiga olib kelingan, yana ikki nafar xitoylik yaralangan. 

Shubha dastlab hukumatga qarshi isyonchi «O‘zgarishlar uchun vatanparvarlar koalitsiyasi» (O‘VK)ga tushdi, deb xabar beradi AP. U mintaqada faol bo‘lib, MAR qurolli kuchlariga muntazam ravishda hujum qiladi. Isyonchilar guruhi ittifoqi sobiq prezident Fransua Bozizeni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Ayni paytda, nazorat-o‘tkazish punktining harbiy vakili Mamadu Kura ayblovlar yolg‘on ekanini aytdi va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK)ning rossiyalik yollanma askarlarini aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular «ruslar mamlakatning bu qismida joylashishidan ancha oldin bu yerda bo‘lgan xitoylarni qo‘rqitish uchun» hujumni rejalashtirishgan. 

Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti Fosten-Arkanj Tuadera xavfsizlik va harbiy tayyorgarlik uchun «Vagner guruhiga» murojaat qilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilari, o‘z navbatida, yollanma askarlarni inson huquqlarini buzish va qotillikda ayblaydi. 

2021 yil oktabr oyida Qo‘shma Shtatlar XHKni Markaziy Afrika Respublikasi, Mali, Sudan va boshqa hududlarning tabiiy resurslaridan Rossiya harbiy operatsiyalarini moliyalashtirish uchun foydalanganlikda ayblab chiqdi. 

Markaziy Afrika Respublikasi oltin va olmos kabi ulkan foydali qazilma zaxiralariga qaramay, dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘tgan o‘n yil ichida ko‘plab isyonchi guruhlar urushdan vayron bo‘lgan mamlakatda xorij kompaniyalari tomonidan foydali qazilmalarni qidirish ishlariga to‘sqinlik qilib, jazosiz ish olib bordi. 

Mavzuga oid