Jahon | 18:28 / 31.03.2023
13318
1 daqiqa o‘qiladi

Toliblar o‘z jangchilari sonini 200 mingga yetkazishini e’lon qildi

Hozir «Tolibon» harbiy kuchlari soni Markaziy Osiyoning istalgan davlatidan katta.

Foto: Anna-news.info

Afg‘onistonning «Tolibon» radikal harakati qurolli kuchlari soni 200 ming kishiga yetkaziladi. Bu haqda toliblar armiyasi shtabi boshlig‘i Qori Fasihuddin Fitrat ma’lum qildi, deb xabar berdi TOLOnews.

«Biz armiya sonini oshirishga qaror qildik, agar Xudo madad bersa, kelasi yili armiya sonini 150 mingdan 170 mingga oshiramiz va bosqichma-bosqich 200 mingga yetkazamiz», dedi u.

2021 yil avgust oyida Afg‘onistondagi hokimiyat qo‘lga kiritilgan paytda «Tolibon» jangarilari soni 100 ming kishiga yetgan edi.

Global Firepower Index ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasida 65 ming, Qozog‘istonda 77 ming, Turkmanistonda 35 ming, Tojikistonda 15 ming va Qirg‘izistonda 25 ming nafar harbiy xizmatchi bor. Shunday qilib, toliblar armiyasining soni Markaziy Osiyo mamlakatlarining istalgan armiyasidan kattaroqdir.

Mavzuga oid