Jahon | 13:40 / 06.04.2023
8469
2 daqiqa o‘qiladi

IHeSning ijro etilmagan qarorlari 38 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelyapti

IHeSning 2022 yilda ijro etilmagan qarorlarining 38 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi, bu haqda sud qarorlari ijrosini nazorat qilish bo‘yicha hisobotda aytilgan.

Foto: Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi binosi

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining (IHeS) ijro etilmagan hukmlarining 38 foizga yaqini Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda 6 aprel, payshanba kuni e’lon qilingan 2022 yil uchun IHeS qarorlari ijrosi ustidan nazorat bo‘yicha hisobotda aytilgan. Hujjat Yevropa Kengashi vazirlar qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan.

O‘tgan yil oxiriga kelib, IHeSning 6112 ta qarori ijro etilmagan bo‘lsa, ulardan 1299 tasi - shov-shuvli ishlar bo‘yicha. Shu bilan birga, 880 ta, jumladan, 200 ta pretsedent holatlar bo‘yicha qarorlar ijro etilgan.

2022 yilda IHeS 1459 ta qaror chiqargan, shundan 413 tasi Rossiyaga, 145 tasi Ukrainaga va 137 tasi Ruminiyaga qarshi. To‘rtinchi o‘rinda 78 ta qaror bilan Serbiya, undan keyin 77 ta qaror bilan Turkiya joy oldi.

Strasburg sudyalari da’vogarlarga jami 110,8 million yevro to‘lash haqida qaror chiqardi, shundan deyarli 80,2 million yevro rossiyalik arizachilarga to‘g‘ri keldi.

Hukmlar ijrosini takomillashtirish masalasi 16 va 17 may kunlari Reykyavikda bo‘lib o‘tadigan Yevropa kengashi sammitida muhokama qilinadi.

Yevropa Kengashi bosh kotibi Mariya Pejchinovich-Burich a’zo davlatlarni ko‘proq siyosiy iroda ko‘rsatishga chaqirdi. Uning fikricha, bu qonun ustuvorligini ta’minlash uchun zarur. Yevropa Kengashi davlatlari yillar davomida bu borada barqaror taraqqiyotga erishgan bo‘lsa-da, IHeS «ko‘proq murakkab ishlarni ko‘rib chiqmoqda», dedi Peychinovich-Burich.

Mavzuga oid