Jahon | 09:52 / 10.04.2023
6060
3 daqiqa o‘qiladi

WP: «Vagner» Turkiyadan qurol sotib olishga harakat qilgan

«Vagner guruhi» NATO a’zosi Turkiyadan Ukrainaga qarshi urush uchun qurol sotib olishga uringan, deb yozadi The Washington Post oshkor qilingan maxfiy hujjatlarga tayanib.

Foto: Reuters

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) NATO a’zosi Turkiyadan Ukrainaga qarshi urush uchun qurol sotib olishga harakat qildi. Bu haqda 8 aprel, shanba kuni Amerikaning The Washington Post (WP) gazetasi xabar berdi. Jurnalistlar o‘nlab maxfiy razvedka hujjatlarining sizdirilishi natijasida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni tahlil qildilar, ulardan ba’zilari Pentagon tomonidan tayyorlangan.

WP ta’kidlashicha, elektron tinglash va xabarlarni ushlash natijasida XHK rejalarini ko‘rish imkoni paydo bo‘lgan. Bir xabarga ko‘ra, fevral oyi boshida «Vagner» guruhi a’zolari Turkiya tomonidan Mali va Ukrainadagi harbiy amaliyotlarga «qurol va jihozlar sotib olish uchun Turkiyadagi suhbatdoshlar bilan» uchrashgan. Mali muvaqqat prezidenti Assimi Goita uning mamlakati Yevgeniy Prigojin kompaniyasi manfaatlaridan kelib chiqib, «Turkiyadan qurol sotib olishi» mumkinligini tasdiqlagani aytiladi.

Turkiya hukumati «Vagner» XHKning qurol olishga urinishlari haqida bilganmi yoki yo‘qmi, bu hozircha noma’lum, deb yozadi gazeta. Turkiya hukumati vakili izoh berishdan bosh tortdi. Vashingtondagi Mali elchixonasi WP so‘roviga javob bermadi.

AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysiga ko‘ra, oshkor qilingan hujjatlarning ko‘pchiligi qishda AQSh shtablari boshliqlari qo‘mitasi raisi general Mark Milli va boshqa yuqori martabali harbiylar uchun tayyorlangan. Hujjatlar 28 fevral va 2 mart kunlari geymerlar orasida mashhur bo‘lgan Discord chat-platformasida joylashtirildi. Materiallar serverga Wow Mao taxallusi ostidagi foydalanuvchi tomonidan yuklangan.

Bir qator hujjatlarning tasvirlari 4chan platformasida ham tarqatildi hamda Telegram va Twitter'da paydo bo‘ldi. Kamida bir holatda, dastlab Discord'da e’lon qilingan slayd urushda Pentagon ishonganidan kamroq rus askari halok bo‘lgan degan taassurot qoldirish uchun o‘zgartirilgan, deb yozadi WP.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid