Jahon | 21:31 / 13.04.2023
17222
9 daqiqa o‘qiladi

Isroil-Falastin urushining nihoyasi bormi?

Bir asrdan ortiq vaqt davomida yahudiylar va arablar bir-biri bilan qonli urushlar olib bormoqda. Nima uchun butun dunyo bu nizoning barchani qanoatlantiradigan yechimini topolmaydi?

O‘tgan yillar davomida o‘n minglab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan Arab-Isroil urushi goh susayib, goh avj oladi, ammo hech qachon butkul to‘xtamaydi.

BMT, dunyoning global lider davlatlari har doimgidek bu holatdan tashvishda ekanligini bildiradi, maslahatlashuvlar o‘tkazadi, ammo Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroga barham berilmaydi.

Xo‘sh, nima uchun butun dunyo bu nizoning barchani qanoatlantiradigan yechimini topolmaydi?  

O‘zaro munosabatlarning keskinlashuvi

Arab davlatlari va Isroil o‘rtasidagi aloqalarning jiddiy keskinlashuv tarixi 1947 yilning 29 noyabr sanasiga borib taqaladi. BMTning maxsus qo‘mitasi Falastinda ikki davlat: ham arab, ham yahudiy davlatini tuzish bo‘yicha qaror qabul qildi. 1948 yilning 14 may sanasida mustaqil Isroil davlati tashkil topgani e’lon qilindi, ammo Falastin arab davlati tuzilmay qoldi. Natijada bir qancha arab davlatlari Isroilga qarshi urush ochadi. Aynan shu voqealar fonida hozirga qadar hal qilinmay kelinayotgan arab–yahudiy nizosi yuzaga keladi. O‘tgan 70 yildan oshiq vaqt davomida olib borilgan urushlar, muzokaralarning hech qaysisi to‘laligicha tinchlik tiklanishiga olib kelmadi.

Quyida bugungi Arab-Isroil munosabatlarida urush va ixtiloflarga sabab bo‘layotgan asosiy muammolar ko‘rib chiqiladi.

Birinchi muammo: Quddusni kim nazorat qilishi

Tarixiy jihatdan musulmonlar uchun ham, yahudiylar uchun ham muhim bo‘lgan Quddus shahri maqomi Isroil va Falastin o‘rtasidagi barcha muzokaralarda o‘tib bo‘lmas to‘siq bo‘lib qolmoqda. Isroil 1980 yilda Quddusni o‘zining yagona va bo‘linmas poytaxti deb e’lon qilgan. Jahon hamjamiyati esa bu qarorni noqonuniy deb hisoblashga chaqirib keladi. Ayniqsa, bu masala Donald Trampning prezidentligi davrida yanada keskinlashdi. Dastlab Trampning Amerika elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishga qaror qilgani ommaviy namoyishlar va o‘nlab kishilarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Keyinchalik u Isroilning poytaxti «bo‘linmas» Quddus shahrida bo‘lishini taqozo etadigan, shuningdek, Falastin davlatining poytaxti ham sharqiy Quddusning sharqiy qismida bo‘lishini ko‘zda tutuvchi o‘zining «Asr kelishuv»ini taklif qildi, ammo Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos «Quddus sotilmasligi»ni hamda Tramp va Netanyahuning kelishuvi Falastin xalqi «tarixning chiqindi chelagiga uloqtirishi»ni ta’kidlagan.

Bu boradagi Isroil bilan nizoni hal qilish borasidagi muzokaralarda Falastin tomoni «1967 yilgacha» bo‘lgan chegaralarga qaytishni talab qilib keladi. Muammo shundaki, 1967 yilgacha Quddus to‘laligicha Isroilga tegishli bo‘lmagan.

Masalaning juda ham nozik jihat hisoblanmish diniy taomillarga borib taqalishi doimiy muzokaralar jarayonlarini boshi berk ko‘chaga olib kiradi.

Ikkinchi muammo: falastinlik qochqinlar

Falastinlik qochqinlar 1948 yilgi arab-isroil mojarosi va 1967 yilgi «olti kunlik urush» natijasida uyidan va tirikchilik vositalaridan ayrilgan odamlardir. Isroil tashkil topgandan keyin qochib ketgan yoki Isroildan chiqarib yuborilgan falastinliklar soni 1949 yilda 711 ming kishini tashkil etgan. 1967 yilgi Arab-Isroil urushi paytida esa 350 mingdan 400 minggacha falastinliklar ko‘chirilgan. Qochqinlarning uchdan bir qismi Iordaniya, Livan, Suriya va G‘azo sektoridagi tan olingan qochqinlar lagerlarida, qolganlari esa ushbu mezbon mamlakatlarning shaharlari va qishloqlarida yashaydi.

BMT rezolyutsiyasiga ko‘ra, Isroil arab qochoqlariga uylariga qaytishga ruxsat berishi yoki ularga tovon to‘lashi kerak. Arablarning to‘g‘ridan to‘g‘ri avlodlari ham qochoqlar hisoblanishadi va mos ravishda, ularning soni ayni paytda 5 milliondan ortiq. Arablar Falastin hududiga emas, aynan Isroilga, kindik qoni to‘kilgan vatanlariga qaytish huquqlarini talab qilishmoqda. Isroil bundan bosh tortyapti va kelajakda ham bunga ko‘nishiga ishonish qiyin.

Uchinchi muammo: Suv resurslaridan foydalanish

Yaqin Sharqda suv resurslari katta siyosiy ahamiyatga ega. Isroil foydalanadigan suvining katta qismini ikki o‘rtada tortilgan «Yashil chiziq» ostidagi ikkita katta yerosti suv qatlamlaridan olgani sababli, bu suvdan foydalanish Isroil-Falastin mojarosida munozarali bo‘lib kelgan. Isroilning ushbu hududlardan ko‘p miqdordagi suvni tortib olishi falastinlik arablarning katta e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, Isroilga Iordan daryosi tizimidan foydalanish imkoniyati berilgan, falastinliklar esa bunday huquqqa ega emas.

G‘azo sektorida aholining juda zich yashashi (bir kvadrat kilometrga 5800 kishidan ko‘proq) va aholi soni ortib borish tendensiyasining yildan yilga oshishi hisobga olinsa, toza ichimlik suvi bo‘yicha muammoli vaziyatlarning yanada keskinlashuvini kutish mumkin.

To‘rtinchi muammo: Quddusni «yahudiylashtirish» tomon intilish

So‘nggi bir necha yildan beri Isroil hukumati 1967 yildan keyin BMT tomonidan arab davlatini tashkil etish uchun ajratilgan Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida aholi maskanlarini qura boshladi. Falastinliklar bu maskanlarni noqonuniy deb hisoblashadi – ularning aholisi tez-tez terakt va hujumlar qurboniga aylanishadi. Ammo yahudiy diniy mutaassiblar bu yerda yashash orqali muqaddas yerni Isroilga qaytarishni o‘zlarining burchi deb bilishadi.  Qurilish tobora kengayib, falastinliklarni tashvishga solmoqda va g‘arbiy qirg‘oqning Falastinga qaytarilish ehtimolini qiyinlashtirmoqda.

Bir tomonlama o‘rtakashlik

Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish jarayoni 30 yil ilgari AQSh ishtirokida amalga oshirila boshlangan, o‘shandan buyon rasmiy Vashington asosiy o‘rtakash rolini o‘ynab keladi. AQSh rasman Yevroittifoq, Rossiya va BMT bilan bir qatorda Yaqin Sharq masalasi bo‘yicha kvartetga kirsa-da, amalda bu funksiyani mustaqil ravishda bajarib kelyapti.

Jarayon boshlanishi haqidagi ilk kelishuvga 1993 yil 9 sentabrda Osloda imzo chekilgan va bir necha kun o‘tib Vashingtonda, Oq uy hovlisida Bill Klinton ishtirokida «Prinsiplar haqidagi deklaratsiya» bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

O‘shanda tomonlar bir-biriga xavfsizlikni ta’minlash, Quddusning maqomi va boshqa munozarali hududlar bo‘yicha kelishuvga erishish hamda falastinlik qochqinlar muammosini aqalli qisman hal qilishga va’da berishadi. Bularga erishishga besh yil kerak bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

Oradan deyarli 30 yil o‘tdi, biroq hech narsa o‘zgargani yo‘q. Yaqin Sharq masalasi Amerika diplomatiyasining eng katta muvaffaqiyatsizliklaridan biriga aylandi.

Falastin-Isroil muammosi AQShning respublikachi va demokrat siyosatchilari birdamlik ko‘rsatadigan kam sonli masalalardan biridir. AQShning shu vaqtgacha hokimiyatda bo‘lgan barcha ma’muriyatlari Isroil tomon bo‘lib kelgan.

Xulosa

Isroil-Falastin munosabatlarida muammolar juda ko‘p va har ikki tomon ham ularni birgalikda hal qilishni xohlamaydi. Quddus maqomi to‘g‘risidagi to‘qnashuvlar va diniy nizolar aslida to‘qnashuvlarni yuzaga keltirish uchun bir bahonadek ko‘rinadi go‘yo. Isroil uchun o‘z davlatining hududini arablar yashaydigan hududlar hisobiga kengaytirish masalasi juda muhim. Falastinlik arablar uchun esa tirik qolish masalasi kun tartibidagi asosiy mavzu hisoblanadi. Har tomondan siqib olingan arab mamlakatining istalgan paytda doimiy mojaro zonasiga aylanish xavfi mavjud. Bu yerda resurslar uchun muttasil kelishmovchiliklar yuzaga keladi, chunki suv va oziq-ovqat mahsulotlari yetishmaydi. Bunday vaziyat esa keng miqyosli urush va yangi ixtiloflar istalgan paytda yuzaga kelishiga zamin yaratadi.   

Mavzuga oid