O‘zbekiston | 16:13 / 18.04.2023
5251
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi prinsipial masala – Xalq demokratik partiyasi

Foto: Xalq demokratik partiyasi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari respublika bo‘ylab davom etmoqda.

“Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi navbatdagi siyosiy-huquqiy muloqot tadbiri Qarshi shahridagi Istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Unda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, shijoatli yoshlar va faol xotin-qizlar, umuman o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan yuzlab qashqadaryoliklar ishtirok etishdi.

Qashqadaryo viloyati yurtimizda o‘z o‘rni va mavqeiga ega hudud hisoblanadi. Neft, gaz, kondensat qazib olish va tabiiy gazni qayta ishlash bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda turadi. Hududda xorijiy investorlar ishtirokidagi ko‘plab qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Siyosiy-huquqiy muloqot tadbirida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov so‘zga chiqib, keyingi yillarda yurtimizda inson manfaatlari, qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani, Konstitutsiyaviy islohotlar orqali davlat zimmasiga qator ijtimoiy majburiyatlar yuklanayotgani, jamoatchilik takliflari asosida bosh qomusimiz haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylanayotganini ta’kidladi.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 13- va 14-moddalarida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshirishi belgilab qo‘yilmoqda.

43-moddada davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag‘batlantirish nazarda tutilmoqda.

57-moddada esa mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasiga olinmoqda. Mazkur modda bilan, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlari mustahkamlanib, ularning ishga joylashishi, ta’lim olish imkoniyatlarini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Tadbirda Mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar, yoshlar ham so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya “inson-jamiyat-davlat” konsepsiyasiga amal qilingan holda ishlab chiqilgani, 30 aprel kungi referendumda faol ishtirok etish O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan har bir insonning fuqarolik burchi ekanini ta’kidlashdi.

Xalq demokratik partiyasi axborot xizmati

 

Mavzuga oid