O‘zbekiston | 10:06 / 19.04.2023
61779
14 daqiqa o‘qiladi

“Mushtumzo‘rga tegishli jazo berilganda video internetga chiqmasdi” – faollar Surxondaryoda do‘pposlangan o‘qituvchi ayollar haqida

Surxondaryoda ikki o‘qituvchi ayolning erkak kishi tomonidan do‘pposlanishi jamoatchilikni junbishga keltirdi. Faollar 14 aprel kuni sodir bo‘lgan voqeaga rasmiylar jarayon aks etgan video internetda tarqalganidan keyingina reaksiya bildirgani, ungacha mushtumzo‘rga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaganini tanqid qilishmoqda.

Videodan kadr

O‘zi nima gap?

18 aprel kuni internetda Surxondaryodagi maktablarning birida 2 ayol o‘qituvchi do‘pposlangani aks etgan video tarqaldi. Keyinchalik holat Uzun tumanidagi 31-maktabda sodir bo‘lgani aniqlandi.

Bosh prokuratura ayollarga qo‘l ko‘targan 34 yashar erkakning o‘zi ham o‘qituvchi ekani, u qo‘lga olingani va ro‘y bergan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ushbu voqea 14 aprel kuni sodir bo‘lgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga ko‘ra, do‘pposlangan ikki ayol o‘qituvchi shifoxonada davolanayotgani, ro‘y bergan voqeani shaxsan nazorat qilib turganini bildirdi. Vazir ustozlar orasida bir-biriga qo‘l ko‘tarilishi juda achinarli holat deb atagan.

“Najot faqat internetdan bo‘lib qoldi”

Bloger Isroil Tillaboyev ayollar do‘pposlangani tasvirlangan video internetda tarqalgandan keyingina mushtumzo‘r qo‘lga olinib, jinoyat ishi ochilgani, nima uchun bu ishlar ilgariroq qilinmaganiga e’tibor qaratgan.

“Meni bir narsa o‘ylantiryapti. 18 aprelda jinoiy ish ochilibdi, voqea esa 14 aprelda bo‘lgan ekan. Bosh prokuratura yaxshiyam insof qilib voqea qachon bo‘lganini-yu, ish esa qachon ochilganini aytib o‘tib ketibdi. Nahot shu kungacha u o‘qituvchilarning o‘zlari yoki oila a’zolari uchastka noziriga yoki boshqa tegishli mas’ullarga arz qilmagan? Men ishonmayman bunga, arz qilgan deb o‘ylayman.

Lekin balki anavi mushtumzo‘rning kuchi yoki «iltimosi» bilan bu ish ochilmay qolgan va yoki keyinchalik ham ochilmaydigan bo‘lgandirki, voqea aks etgan videoni oxirgi najot sifatida internetga joylashmoqda. Shundan so‘nggina mushtumzo‘r qo‘lga olindi, jinoyat ishi ochildi, ish nazoratga olindi.

Savol tug‘iladi-da, agarda video internetga chiqarilmaganda nima bo‘lardi? Shunday jirkanch ish jazosiz qolib ketardimi? Voqea yaxshiyam kameraga tushib qolgan, tasavvur qilyapsizmi endi, agar shu vaziyatda, 4 kundan buyon bosdi-bosdi qilinib turgan ishda mana shunday kuchli dalil bo‘lmaganda nima bo‘lardi? Bu haqda o‘ylashga ham qo‘rqasan kishi.

Agar qonunlar belgilangan tartibda ishlaganida, mushtumzo‘rga tegishli jazo berilib, jabrdiydalar himoya qilinganda edi, video internetga chiqishigayam, jamoatchilikning junbishga kelishigayam hojat qolmasdi.

Xullas, tergov jarayonida mahalla uchastkavoyidan tortib barcha mas’ullarning harakati (harakatsizligi) tekshirilishi kerak. Ular adolatli bo‘lishmas, xalqning ichiga kirib ishlamas ekan, odamlarning oxirgi najoti yana internet bo‘lib qolaveradi!” deb yozadi Isroil Tillaboyev.

 “Barchasiga tarbiya tizimimiz aybdor”

Taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad ham ro‘y bergan voqeani qoraladi.

“Surxondaryo maktablaridan birida bir mol (bu so‘zni qo‘shtirnoq ichiga olmadim) qilgan qilmishi uchun javob bersin! U erkak emas, u haqiqiy mol! Ayollarning ana shunday tarbiyasiz mollar qo‘lida kaltaklanishi va tahqirlanishini nafaqat qoralayman, balki jazolanishini talab qilaman. 

Jamiyatimizning nozik qatlamiga nisbatan jinoyatlar sodir bo‘lishiga qaysidir jins vakillari aybdor emas. Balki ayollarni hurmat qilmaydigan va ularni inson o‘rnida ko‘rmaydigan, jinoyatchini tanlab jazolaydigan va jazo muqarrar bo‘lmagan hamda muammolarning sabablari emas, oqibatlari bilan kurashadigan tarbiya tizimimiz aybdor! Ishoning, jazoning muqarrar bo‘lishi va hammaga nisbatan joriy qilinishi ham tarbiyaga bog‘liq. Boshqa narsaga emas”, deb yozadi Mubashshir Ahmad.

“Zo‘ravonlikka moyillik” darajasini aniqlash ustida bosh qotirishni boshlash kerak”

Iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanaqulova Xotin qizlar qo‘mitasidan zo‘ravon erkakning oilasidagi qiz-ayollar holatini ham o‘rganishni talab qilgan.

“Surxondaryodagi holat bo‘yicha ko‘nglim tinch, negaki jamoatchilik bosh ko‘tardi, jazolamay ilojisi yo‘q, meni boshqa bir nechta faktlar judayam tashvishga solyapti.

1. Bu zo‘ravon erkakning oilasidagi xotini, qizlari, opa-singillarining ahvoli qanday? Ular qanday ahvolda kun ko‘rishyapti, zo‘ravon qurboni bo‘lib kelmayaptimikin, chunki bu erkak nusxa uchun zo‘ravonlik odatiy normal hayotiy rejimga aylanganki, kuppa-kunduzi davlat maktabida, kameralar ishlab turganini ko‘rib bilib tursa-da, bemalol zo‘ravonlik qilyapti! Tasavvur qiling, endi bu erkak nusxa uyida, yopiq eshiklar ortida nimalar qilishga qodir!

2. Surxondaryo viloyatidagi qiz-ayollar holati qanday? Agar ularni davlat maktabida shunaqa urish mumkin bo‘lsa va bunga atrof-muhit normal qarab turish holatida bo‘lsa, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyati katta so‘roq ostiga olinishi kerak! Xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlaridan bu zo‘ravonning oilasidagi qiz-ayollar holatini ham o‘rganishni, nazoratga olishini talab qilaman!

3.Bu hodisa kuppa-kunduzi, ish vaqtida ta’lim dargohida bo‘layotgani o‘ta jiddiy signal sifatida qabul qilinishi kerak! Ta’lim vaziri esa bu holatni jiddiy keys sifatida o‘rganishi, o‘qituvchilarni ishga olish jarayonida talabgorlarning “zo‘ravonlikka moyillik” darajasini aniqlash masalasida ham buyog‘iga yechim topish ustida bosh qotirishni boshlashi kerak, bu holatda quruq bayonot bilan cheklanish yetarli emas!

4.Shu tuman hokimligi esa zo‘ravonlikka qarshi kurashish targ‘ibotini boshlashi kerak zudlik bilan, videodagi bir nechta erkakning o‘zini bemalol erkin tutishi,tomosha qilishi bu tumanda zo‘ravonlik odatiy hayotiy jarayon ekanidan signal berayotgan bo‘lishi ham mumkin!” deb yozadi professor.

“Kaltaklangan ayol o‘zini qanday his qiladi?”

Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi va bloger Shahnoza Soatova odamlar ko‘z o‘ngida kaltaklangan ayol nimalarni his qilishini tasvirlab bergan.

“Bir marta meni ham urishgan, hali maktabda o‘qib yurgan o‘smirligimda. O‘sha paytda tuyganlarimni hanuz unutolmayman (Ta’kidlash joiz, meni erim hech qachon urmagan).

Agar mana bu videoda aks etganidek jamoat ichida, odamlar ko‘z o‘ngida va qarindosh bo‘lmagan, jismonan kuchliroq odam tomonidan kaltaklansa, ayol (yoki ojiz inson) nimalarni his qiladi?

Birinchi, shok bo‘ladi. Kutilmaganda bo‘ldi-da, axir, urgan otang, akang, ering bo‘lmasa... (ular o‘zi nimaga urishi kerak?) seni doim urib yurgan odam bo‘lmasa, kelib to‘satdan “tushirib” qolishini o‘ylamaysan ham.

Ikkinchi, jismoniy og‘riq sezasan, lekin u kuchli bo‘lmaydi. Ya’ni hali bu og‘riqni to‘liq his qilish bo‘lmaydi, shunchaki signal, lekin sen uni orqaga tashlaysan, hozir bu muhimmas.

Uchinchi, alam bo‘ladi. Hech nima qilolmasliging, shu paytda seni hech kim himoya qilolmasligi, mana shu zo‘ravon bilan yakkama-yakka qolganing va endi bu faqat sening muammong ekanini anglash. Bu – rosa yomon tuyg‘u.

To‘rtinchi, isyon keladi. Kuching yetish-yetmasligini o‘ylamaysan, shunchaki, bu holatga ko‘na olmaysan, nimadir qilging keladi. Qo‘lingdan kelganicha qarshilik qilasan. Shunda keyingi mushtlar ham tushishi mumkin. Lekin og‘riq alami birinchi musht, turtki, shapaloqnikidek bo‘lmaydi.

Beshinchi, aql uyg‘onadi, tushunasanki, bari befoyda. Balki kimdir ko‘rib, kameraga yozilib, jamoatchilikka oshkor bo‘lgani uchun anavi zo‘ravonni vaqtincha (15 sutkaga) qamashar ham. Jamoatchilik bilmasa, shu ham yo‘q. Lekin endi sening singan g‘ururing, oring, insoniyliging tiklanmaydi. Buni tushunasan. Sinasan.

Har safar musht yegan joying og‘riganida shu alamni tuyasan. Keyin jismoniy og‘riqlar bitib, unutilib ketganda ham, xotirangga bir chandiq tushadi – bot-bot esingga tushaveradi va alam qilaveradi.

Oltinchi, atrofdagilar xulosa qiladi, afsuski, bu juda zararli xulosa bo‘ladi. Zo‘ravonlar battar quturadi, mazlumlar battar sinadi. Jamiyat tanazzuli shunday davom etadi.

Zulm bu – bir lahzalik akt emas, bu aks sadosi va oqibati uzoq davom etadigan yemiruvchi jarayondir. Oldini olish samaraliroq, oqibatlari bilan kurashish qimmat va qiyin.

Surxondaryodagi maktabda kaltaklangan ayollar bilan hamdardman. Endi bu bilan siz, yaqinlaringiz bir umrga yashaysiz. Biz ham! Boshqa takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak bo‘lsa, barini qilish lozim.

Mana shunday jamiyatda feminizm haqida gapirsa, dod solmanglar. Ayollarga jiddiy himoya kerak. Agar ahvol shunday davom etaversa, ayolning qadri battar bo‘ladi, u ayol sizning oilangiz a’zosi, yaqiningiz bo‘lishi mumkin. Bizda feminizm ayollarning jismoniy va ruhiy xavfsizligini so‘raydi, chunki mana bunday tahdidlar bor.

O‘qituvchini direktor ursa, o‘quvchi ursa, ota-ona ursa... Keyin jaholat qaydan kelyapti, nimaga bizning o‘zbek nuqul xorijda ko‘cha supuradi, yuqori malakali emas demanglar-da, maylimi? Bizning jaholat – jahli murakkab!” deb yozadi Shahnoza Soatova.

Ayolga qo‘l ko‘targan “erkak” erkakmas!

Oliy Majlis sobiq deputati, tabiat resurslari vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ayol kishiga qo‘l ko‘tarish, do‘pposlashni hech nima bilan oqlab bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Aytishlaricha, Surxondaryo viloyatining Uzun tumani 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabida noma’lum erkak o‘qituvchi ayollarni kaltaklagan.

Men bunaqa zaif erkaklar bor jamiyatda ular bilan bir safda yashayotganimdan uyalaman. Har ne bo‘lganda ham ayol kishiga qo‘l ko‘tarish, do‘pposlashni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi.

Holatni prokuratura o‘rganmoqda ekan. Ishonamanki, ko‘rinishidan “erkak”larga keskin choralar ko‘riladi”, deya ta’kidlagan Rasul Kusherbayev.

“Feminizm erkakning inson sifatidagi huquqini kamaytirgani yo‘q”

Kanadaning British Columbia universiteti o‘qituvchisi, sotsiolog Dilsora Komil (Fozilova) ayolga qarshi zo‘ravonlikka qarshi bo‘lgan har bir ayol va har bir erkak feminist bo‘lishi lozim deb hisoblaydi.

“Feminizmni ijtimoiy illat sifatida tasvirlashga urinayotganlar feminizm erkak agressiyasiga qarshi ayol o‘z haq-huquqini talab qila bilishi uchun muhit yaratish ekanini tushunmasliklariga shubham yo‘q. Feminizm ayolga siyosiy jarayonlarda, saylovlarda qatnashish, universitetlarda o‘qish, sudda o‘zini representatsiya qilish, bir xil mehnat uchun bir xil maosh talab qilish, jinsiy tajovuzga qarshi kurashish, nikoh buzilishi holatlarida oila boyligining yarmini talab qilish va farzandlarini o‘ziga olish huquqini berdi. Ammo feminizm erkakning inson sifatidagi huquqini kamaytirgani yo‘q.

Dunyodagi eng kambag‘al qatlam yolg‘iz onalar ekanini bilasizmi? Dunyoda eng ko‘p zo‘ravonlik qurbonlari yosh ayollar ekanini-chi? Biznikiga o‘xshagan jamiyatlarda «Kelinizm» illati yosh qizlarni ovozsizlantirishini, qadrsizlantirishini, tinimsiz oilaning hamma mehnatini bo‘yniga qo‘yishini va insonlik darajasini tushirib yuborishini ko‘pchilik yaxshi biladi. Oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan, ammo uydagi gapni ko‘chaga chiqarmaslik uchun jim yashashni tanlagan opa-singillarimiz qancha.

Feminizm bu – kurash yo‘li! Ayolga qarshi zo‘ravonlikka qarshi bo‘lgan har bir ayol va har bir erkak feminist bo‘lishi lozim! Erkak kishi feminist bo‘lishi uchun esa haqiqiy erkak bo‘lish kerak! Chunki u onasini, xotinini, qizini va jamiyatda boshqa ayollarni himoya qilishga tayyor erkak hisoblanadi! Jamiyatda ayolga qarshi zo‘ravonlik qanday darajaga chiqqanini esa rad etolmaysiz! Feminizmga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashishning o‘ziyoq erkak agressiyasidan boshqa narsa emas!” deb yozgan Dilsora Komil.

Mavzuga oid