O‘zbekiston | 11:39 / 18.05.2023
4398
2 daqiqa o‘qiladi

YeXHT missiyasi prezident sayloviga tayyorgarlik bilan tanishish uchun O‘zbekistonga keldi

Joriy yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi munosabati bilan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Markaziy saylov  komissiyasi (MSK) ma’lumotiga ko‘ra, tashrif doirasida Missiya vakillari YeXHT DIIHB Saylov departamenti rahbari Megan Fitsdjyerald hamda saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kseniya Dashutsina MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev bilan uchrashdi.

Muloqot davomida DIIHB saylovlarni kuzatish missiyalarining O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlar natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalarida keltirilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida, shu jumladan Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

YeXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha Ehtiyojlarni baholash missiyasi tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.

Tashrif doirasida Missiya vakillari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan.

 

Mavzuga oid