O‘zbekiston | 21:55 / 30.05.2023
71632
3 daqiqa o‘qiladi

Ozodbek Nazarbekov MChJ ta’sischisi ekani aniqlandi

Qonunga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. Qonunchilikka zid holat bartaraf etilib, korxona ta’sischisi o‘zgartirilgani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov «Koba san’at majmuasi» MChJ ta’sischi ekani tasdiqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi. 

«O‘rganish mobaynida haqiqatan ham O.Nazarbekovning 2016 yil 16 martda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan «Koba san’at majmuasi» MChJda 100 foizlik ulush bilan ta’sischi ekanligi aniqlandi», deyiladi xabarda. 

Agentlikning eslatishicha, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi «Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro‘yxati to‘g‘risida»gi qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. 

Shu bilan birga, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari bo‘lishi mumkin emas. 

Shuningdek, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emas. 

Agentlikning ta’kidlashicha, bugungi kunda yuqoridagi qonunchilikka nomuvofiqlik bartaraf etilib, «Koba san’at majmuasi» MChJ ta’sischisi o‘zgartirilgan. 

Shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligiga kelgusida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga qat’iy rioya qilinishini hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.

Mavzuga oid