Jahon | 20:03 / 06.06.2023
36782
8 daqiqa o‘qiladi

Kaxovka GES to‘g‘onidagi portlash: endi Qrim suvsiz qoladimi?

Ukrainaning Xerson oblastida Dnipro daryosi o‘zani to‘sib qurilgan Kaxovka gidroelektrstansiyasi to‘g‘oni portlatib yuborildi. Suv omborining suvi sathi shiddat bilan kamaymoqda, dalalar va shaharlarni suv bosmoqda. Hodisa allaqachon tarixiy miqyosdagi texnogen falokat deb atalmoqda.

Foto: Kaxovka GESi to‘g‘oni yorilishi. Foto: Ukraine now

Kaxovka GES Dnipro daryosida qurilgan gidroelektrstansiyalar kaskadining oltinchi bosqichi va Xerson oblastining Nova Kaxovka shahridan 5 km shimolda joylashgan.

Qayd etish joizki, Ukrainaning Xerson oblastidagi Dnipro daryosining so‘l qirg‘og‘ida joylashgan Kaxovka va Nova Kaxovka aholi punktlari Rossiya qo‘shinlari okkupatsiyasi ostida. Daryoning o‘ng qirg‘og‘i 2022 yilning noyabr oyi boshlarida Ukraina QK tomonidan ozod qilingan edi.

Ayni paytda kritik darajada suv bosishi mumkin bo‘lgan zonada 16 ming kishi qolgan, o‘ndan ortiq aholi yashash punktlari xavfli zonada joylashgan.

Rossiya tomoni avvalroq BMT Xavfsizlik kengashida Ukraina qurolli kuchlari tomonidan GESning o‘qqa tutilishi bilan bog‘liq provokatsiyalarni to‘xtatishga chaqirgan xatni tarqatgan edi.

Rossiya nashrlari to‘g‘on Ukraina harbiylarining o‘t ochishlari tufayli yorilib ketganini ta’kidlashmoqda.

Ammo Ukraina tomoni GES to‘g‘onining portlatilishida rossiyalik harbiylarni ayblamoqda. Okkupatsiya ostidagi Nova Kaxovka shahrining Ukraina tomonidan tayinlangan meri Volodimir Kovalenko GESning mashina zali portlatib yuborilganini aytgan. «Ukrgidrenergo» AJ esa GESni endi tiklab bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Kaxovka GESining joylashish o‘rni. Foto: Google Maps

Ukraina Razvedka bosh boshqarmasi 2022 yil aprelidan buyon rus qo‘shinlari suv ombori to‘g‘onini minalashtirish bo‘yicha asosiy ishlarni amalga oshirib bo‘lishganini ta’kidlab keladi. 2022 yil oktyabrida Kaxovka GESi shlyuzlari va tirgaklarini qo‘shimcha ravishda minalashtirishgan.

«To‘g‘onda tentlangan ikkita «KamAZ» mashinasi haydovchilarisiz o‘rnatilgan. Ularga to‘liq portlovchi moddalar ortilgan», — deb yozgandi Ukraina razvedka bosh boshqarmasi.

Ukrainaning «Atesh» partizanlik harakati Kaxovka GESi to‘g‘onini kim portlatganini aniqlab bo‘lishganini ta’kidlagan. Ularning axborotiga ko‘ra, bu ishni RF MV 205-motoo‘qchi brigadasining 1-bataloni askarlari qilishgan.

Shaharlarni shiddat bilan suv bosmoqda

Nova Kaxovka shahrini ham sekin asta suv bosmoqda. Volodimir Kovalenkoga ko‘ra, suv allaqachon shaharning Dnipro shohko‘chasigacha yetib kelgan. Shahar hayvonot bog‘i, yozgi teatr, Shevchenko haykali oldigacha suv yetib kelgan.

«Portlatish juda dahshatli tus oldi. Ular nafaqat to‘g‘on ustidagi yo‘lni, Kaxovka GESining mashina zalini ham portlatishgan. Vayrongarchiliklar texnogen xarakterga ega — suv omboridan katta hajmdagi suv oqib chiqmoqda», — degan u.

Nova Kaxovkadagi stadionning hozirgi holati. Foto: UNIAN

Kovalenkoning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar o‘zlari okkupatsiya qilgan hududlarda informatsion vakuum hosil qilib, signallarni to‘sishmoqda. Operativ vaziyatdan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish murakkab bo‘lib turibdi.

Dnipro daryosining quyi oqimida suv hajmi ko‘paymoqda. Nova Kaxovka rayonining Rossiya ta’siridagi ma’muriyati rahbari Vladimir Leontev Nova Kaxovkada suv sathi 10 metrga ko‘tarilganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Korsunka va Dnipryani aholi punktlarida tinch aholini evakuatsiya qilish boshlangan.

Nova Kaxovkada odamlarning qutqarilishi. Foto: Ukraine now

Avvalroq Ukraina hukumati Dnipro daryosining o‘ng sohiliga evakuatsiya boshlanganini e’lon qilishgan edi. Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko Toshkent vaqti bilan 12:00 gacha 742 kishi qutqarilganini aytgan. Ayrim aholi punktlariga qutqaruvchilar yetib bora olishmayapti.

Suv toshqini xaritasi. Foto: Ukraine now

To‘g‘on portlatilishi qanday oqibatlar keltirib chiqaradi?

70 foiz suvni Kaxovka suv omboridan oladigan Kriviy Rig (Krivoy Rog) shahrida ham suv bilan bog‘liq muammolar boshlangan. Shahar ma’muriyati rahbari Oleksandr Vilkulning yozishicha, suv iste’molini zudlik bilan 30 foizgacha kamaytirish talab etiladi. Shahar aholisi do‘konlardan ommaviy tarzda ichimlik suvini xarid qila boshlashgan.

Zaporijjya atom elektr stansiyasi ham Dnipro daryosi qirg‘og‘ida joylashgan. Suv ombori sathi tushib ketishi ham AES ishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.

Suv ombor to‘g‘oni oldidan Shimoliy Qrim kanaliga ham suv olinadi. Suv sathi tushib ketishi kanalga suv o‘tmay qo‘yishi, binobarin, urush boshlanganidan buyon Dnipro daryosidan to‘yintirilayotgan Qrim yarimorolining suv ta’minoti ham to‘xtashiga olib keladi.

Suv toshqini oqibatlari. Foto: Ukraine now

Aynan mana shu vaj bilan Rossiya tomoni to‘g‘on qarshi hujumga tayyorlanayotgan ukrainaliklar tomonidan portlatilgan degan versiyani ilgari surib, javobgarlikni Ukraina QK zimmasiga yuklamoqchi bo‘lmoqda.

Lekin Shimoliy Qrim kanalidan tashqari, Dnipropetrovsk oblasti va Kriviy Rig shahrini suv bilan ta’minlovchi Kaxovka kanali ham suv omboridan suv oladi. Suv sathi pasayishi bilan bu kanallarga suv o‘tmay qo‘yadi. Yuz ming gektarlab dalalar, o‘nlab kichik aholi punktlari va katta bir shahar suvsiz qoladi.

Rossiya hukumati Qrimga suv qaytishini bayram qilgandi, ammo endi suv yana yo‘qolishidan qayg‘uga tushmayapti

«Qrimda 2,5 mln kishi yashaydi. [Ukraina hukumati] suvni uzib qo‘ydi. Qo‘shinlar kirishiga va Qrimga suvni ochishiga to‘g‘ri keldi. Bu bizning harakatlarimiz mantig‘iga misol. Agar bu harakat qilinmaganida - boshqa harakat ham bo‘lmasdi», - 2022 yil 14 oktyabrida Vladimir Putin Astanadagi chiqishi vaqtida urush reja asosida ketayotgani va Rossiya qo‘shinlari barchasini to‘g‘ri qilayotganini shunday tushuntirib bergandi.

2022 yil 24 fevralida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanib, Xerson oblasti zudlik bilan egallab olinganida esa anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov darhol Shimoliy Qrim kanalidan suv ta’minotini tiklashga buyruq bergandi.

O‘shanda Aksenov Qrimga suv ta’minoti tiklanishi boshlangan urush maqsadlaridan biri ekanini yashirmagandi. Kanal razblokirovka qilinishi o‘nlab milliard rublni tejash va yarimorolda qishloq xo‘jaligini qayta yo‘lga qo‘yishga imkon bergan.

Senator Olga Kovitidi o‘shanda ko‘plab intervyularida tez orada yarimorolda xuddi sovetlar davrida bo‘lgani kabi yana guruch va makkajo‘xori yetishtirish boshlanishini takrorlagan, propaganda buni xursandchilik bilan nishonlagandi.

Endi esa rossiyalik mulozimlar bugungi hodisa Qrimga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini aytishga shoshilmoqda. Ertalab RIA Novosti muxbiriga to‘g‘onda barchasi joyidaligini aytgan Nova Kaxovka «meri» Vladimir Leontev esa endilikda kanal suvsizlanishi xavfi yo‘qligini aytmoqda. Sevastopol gubernatori Mixail Razvozjayev esa barchasi joyida bo‘lishi, chunki yarimoroldagi suv omborlari to‘ldirilganiga ishontirishga urinmoqda - lekin bu suv omborlarga suv shu kanaldan keladi.

Kaxovka GES vayron bo‘lishi natijasida katta ehtimol bilan yarimorol yana suvsiz qoladi. Endi Rossiya rasmiylari ham Qrim bu suvga unchalik muhtoj bo‘lmagani haqida ayta boshlashini kutish qoldi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid