Toshkentdagi maktab hovlisida 26 tup daraxt kesib tashlandi
Bir necha yil oldin kesib tashlangan, lekin yana hayotga qaytgan daraxtlar ikkinchi marta hujumga uchradi. Kamera yozuvlarida buni maktabning bog‘bonchilik ishlarini bajarib kelgan shaxs qilgani ko‘rinadi. Tabiatga yetkazilgan zarar 312,1 mln so‘mga baholandi.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktab hovlisida daraxtlar kesib tashlandi. Poytaxt hokimligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Unda aytilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi Mafifdum (sobiq 171-maktab) hududidagi 26 tup Gledichiya navli manzarali daraxt 28 may, yakshanba kuni fuqaro Anatoliy Strashko tomonidan kesilgan.
Videokuzatuv kamerasining ko‘rsatishicha, fuqaro bu ishni maktabni o‘rab turuvchi panjaraga tutash bo‘lgan garajlardan oshib tushib, amalga oshirgan.
Ushbu holat Toshkent shahar va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va uning tuman bo‘limi hamda tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, daraxtlar nobud qilinishi natijasida o‘simlik dunyosiga 312,1 mln so‘m zarar yetkazilgan.
«Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 171-maktab hovlisidagi 26 tup gledichiya daraxtlari nobud qilingani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
16:47 / 22.11.2024
Daraxtlarga kimyoviy vositalar bilan shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi
13:56 / 22.11.2024
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
20:51 / 18.11.2024