DXX Kubogi. Toshkent shahar bosqichida jamoalar raqiblarini bilib olishdi
2023 yilning 16 iyun kuni «Hilton» mehmonxonasida «Yoshlar o‘rtasida mini futbol va futbol sport turlari bo‘yicha bo‘yicha Davlat xavfsizligi xizmati kubogi» Toshkent shahar bosqichiga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda DXX Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi, hokimlik tizimidagi qator boshqarma mutasaddilari, tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston professional futbol ligasi va OAV vakillari ishtirok etishdi.
2023 yilning aprel-may oylarida o‘tkazilgan musobaqaning birinchi bosqichi poytaxtning barcha tumanlarida o‘tkazildi. Ularda jami 577ta mahalla jamoalari, ya’ni 15242 nafar yoshlar (ulardan 480 nafari qizlar) ishtirok etdi.
Tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, shahar bosqichiga yo‘l olgan jamoalar qur’ada o‘z raqiblarini bilib olishdi:
Futbol
Mirzo Ulug‘bek
Mirzo Ulug‘bek — Yakkasaroy
Mirobod — Yashnobod
Shayxontohur — Sergeli
Olmazor — Uchtepa
Bektemir — Chilonzor
Yangihayot — Yunusobod
Mini-futbol
Yangihayot — Olmazor
Yakkasaroy — Bektemir
Uchtepa — Sergeli
Yunusobod — Yashnobod
Chilonzor — Mirzo Ulug‘bek
Shayxontohur — Mirobod
Mini-futbol (qizlar)
Chilonzor — Olmazor
Uchtepa — Yunusobod
Shayxontohur — Yakkasaroy
Sergeli — Mirobod
Bektemir — Yangihayot
Yashnobod — Mirzo Ulug‘bek
Marosimdan so‘ng ba’zi mehmonlar va tashkilotchilar o‘z fikrlarini bildirdishdi.
«Bu turnir 3-bor o‘tkazilmoqda. O‘tgan yili final o‘yinlari «Jar» stadionida juda tomoshabop bo‘lgandi.
Bu yildan mana ayollar futboli ham qo‘shildi. Inson qanchalik sport bilan hamnafas bo‘lsa, yaxshi. Boshqa sport turlarida ham yo‘lga qo‘yish kerak.
Futbolchilarga omad tilaymiz. Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha yutsin», — deydi o‘zbek futbol afsonasi, OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayev bunday musobaqalar ko‘p bo‘lishi tarafdori: «Tuman bosqichida 15 mingdan ortiq yigit va qizlar jalb qilindi. Yoshlar vaqtini bekor o‘tkazmasligi uchun harakat qilish kerak. Qaniydi, boshqa tashkilotlar ham shunday turnirlar tashkil etsa.
Ba’zi o‘yinlarni ko‘rdim. Yoshlar o‘zlarini «Enfild» yoki «San-Siro»da o‘ynayotgandek his qilishmoqda».
PFL mutaxassisi Zohirjon Akramxonov musobaqa qamrovi va ruhiyati haqida gapirdi: «Turnir an’anaviy tus olmoqda va yildan yilga qamrovi oshib bormoqda. Bu yildan qizlar o‘rtasida mini-futbol musobaqalari ham qo‘shildi.
Mahallalarda futbol ruhi hukm suryapti. O‘yin kunlari odamlar o‘z jamoalariga muxlislik qilib, ajoyib atmosfera yaratishmoqda».
Muxbir — Abbosxon Yusufjonov,
Tasvirchi — Abdusalim Abduvohidov