O‘zbekiston | 16:51 / 20.06.2023
24978
8 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar agentligi o‘z homiyligidagi loyiha ijrochilarini tender g‘olibi deb topdi

Yoshlar ishlari agentligi o‘zi homiylik qilib kelgan “Ibrat farzandlari” loyihasi uchun tender o‘tkazdi va loyihaning amaldagi ijrochisini g‘olib deb topib, u bilan 1,5 mlrd so‘mlik shartnoma tuzdi. Davlat tashkiloti xorijiy tillarni o‘rgatuvchi qisqa va sodda montaj qilingan videolarning har biri uchun salkam 7 mln so‘mdan to‘lamoqda. Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, bu bozor narxidan ancha qimmat bo‘lishi mumkin.

Foto: Wikipedia

2023 yilning 27 aprel kuni Yoshlar ishlari agentligi xorijiy tillarni o‘rgatuvchi “Ibrat farzandlari” loyihasiga videoroliklar tayyorlash va xorijiy tillar marofonini o‘tkazish uchun tender e’lon qilgan.

Tender natijasi 28 aprelda ma’lum qilingan. Boshlang‘ich narx 1 mlrd 580 million so‘m deb ko‘rsatilgan savdoda 1 mlrd so‘m 530 mln so‘m narx taklif qilgan “Language-Media” MChJ g‘olib deb topildi.

Bu korxona 2023 yil 18 yanvarda tashkil etilgan. Ustav kapitali – 1 mln so‘m. MChJning rahbari va yagona ta’sischisi – Sanjar Muhiddinov.

Sanjar Muhiddinov, bir paytning o‘zida, 2022 yil noyabrda tashkil qilingan va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Ibrat farzandlari” loyihasi rahbari o‘rinbosari hamdir. Ya’ni “Ibrat farzandlari” loyihasi uchun e’lon qilingan tenderda aynan shu loyiha rahbarining o‘rinbosari g‘olib bo‘lgan.

Tenderda yutgan, 1 mln so‘m ustav kapitaliga ega yoshgina kompaniyaning videorolik ishlash bo‘yicha tajribasi bor-yo‘qligi haqida internetda ma’lumot uchramaydi. Nega unda bu MChJ tenderda yutib ketdi, tanlovda boshqalar ishtirok etmaganmi?

Aynan shu savol sal oldinroq Telegram'dagi G‘azna kanalida ham ko‘tarilgandi. Unga javoban agentlik matbuot xizmati tanlov ochiq va qonuniy tarzda o‘tkazilganini ma’lum qilgandi.

Agentlikka ko‘ra, “Ibrat farzandlari” loyihasi 15 nafar malakali ustozlar va ko‘ngillilar loyihasi bo‘lib, uning doirasida yoshlarning xorijiy tillarni bepul va oson o‘rganishi uchun 10 dan ortiq xorijiy til bo‘yicha jami 900 dan ortiq videorolik yaratilgan. Agentlik esa loyihaning targ‘ibotiga hissa qo‘shgan va tashkiliy ishlarda yordam ko‘rsatib kelmoqda.

“Loyiha Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va targ‘ib qilinishi ortidan yoshlarning qiziqishiga sabab bo‘ldi. Lekin, har bir loyihaning rivojlanishi va yana millionlab yoshlarga bepul til o‘rgatishda davom etishi uchun ochiq tanlov e’lon qilindi.

Tanlov ochiq asosda o‘tkazilgan bo‘lib, unda 3 ta mustaqil va bir-biridan farqli MChJlar qatnashgan va e’lon qilingan talablar asosida tanlab olingan. Tanlov ishtirokchilari barcha kerakli hujjatlarni topshirdilar va ko‘rsatilgan barcha talablar bo‘yicha loyiq deb topilgan tashkilot tanlov g‘olibiga aylandi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Bayonotda aytilishicha, tanlovda g‘olib bo‘lgan “Language Media” MChJ va uning rahbari Sanjar Muxiddinovning “agentlikka aloqasi yo‘q” va u “tashkilotda faoliyat olib boruvchi mas’ullarning qarindoshi hisoblanmaydi”.

“Sanjar Muhiddinovning loyiha doirasidagi videolarda ko‘rinish bergani uning tanlovdagi ishtirokida hech qanday ustunlik bermaganini alohida ta’kidlaymiz”, – deya qayd etgan Yoshlar ishlari agentligi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Sanjar Muhiddinov Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti talabasi hisoblanadi. U 2023 yilning fevral oyidan boshlab Yoshlar ishlari agentligi homiyligidagi “Ibrat farzandlari” loyihasi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlaydi va u ochgan 3 oylik MChJ o‘zi hamkorlikda ishlaydigan tashkilotning tenderida yutib chiqqan.

“Language-Media” MChJning yuridik manzili sifatida Toshkent shahri Yunusobod tumani 15-mavze 40-uy 4-xonadon ko‘rsatilgan. Kun.uz'ning e’tibor qaratishicha, bu yerda hech qanday korxona faoliyat yuritmaydi – bu manzil aholi yashaydigan ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonning manzili. Bu esa g‘olib kompaniyaning videolar s’yomka-montaji bilan qayerda shug‘ullanishi va umuman qay darajada bunga salohiyatli ekani haqidagi savolni keltirib chiqaradi.

Shartnomaga asosan, mablag‘ning 1 mlrd 380 million so‘mi ispan va ingliz tillaridan 200 ta videodars tayyorlash uchun (har bir videodars 6,9 mln so‘mga baholangan), qolgan 150 mln so‘mi esa 3ta hududda xorijiy tillar marafonini o‘tkazish uchun ajratiladi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, videolar s’yomkasi agentlik ajratgan hududda va Sanoatqurilishbank homiyligida ajratilgan pavilonda olinadi. S’yomka qilish uchun joyni davlatning o‘zi ta’minlab bersa, ya’ni xususiy tashkilot videolarni suratga olish uchun pavilon qurish yo ijaraga olishga xarajat qilmasa, 1 ta video uchun 6,9 mln so‘m ajratilishi bugungi bozor narxiga qanchalik mos keladi?

Davlat buyurtmasini bajarayotgan xususiy kompaniya videolarni o‘ziga tegishli kamera, mikrofon va chiroqlar yordamida s’yomka qilib, o‘ziga tegishli kompyuterlarda montaj qilyaptimi yoki zarur texnikalarni ham davlat tashkiloti taqdim etyaptimi – bu ma’lum emas. Shu o‘rinda, kompaniyaning ustav kapitali bor-yo‘g‘i 1 mln so‘m ekanini eslatib o‘tish zarur, video tayyorlashda kerak bo‘ladigan zamonaviy texnikalar esa arzon turmaydi.

Kun.uz muxbiri videoroliklar olishga ixtisoslashgan taniqli firmalardan biri bilan mijoz sifatida bog‘lanib, “Ibrat farzandlari” loyihasidagi videolarni ko‘rsatgan holda, bunday videolarni qancha haq evaziga tayyorlab berishlari bilan qiziqdi. Kompaniya rasmiy tijoriy taklif yo‘llagan holda, bunday turdagi (10-15 daqiqali, murakkab elementlarsiz, o‘qituvchidan tashqari asosan statik matn va suratlardan iborat, nisbatan sodda montaj qilingan) 10 ta videoni 23 mln so‘mga tasvirga olish va montaj qilib berishga tayyorligini bildirdi. Bunda bitta video uchun 2 mln 300 ming so‘m narx to‘g‘ri keladi. Davlat esa, yuqorida aytilganidek, 6 mln 900 ming so‘mdan to‘lamoqda.

Biz bog‘langan kompaniya taklif etgan narx ichiga o‘qituvchi xizmati kiritilmagan. Kun.uz muxbiri o‘qituvchilarga videodarslar uchun to‘lanadigan haq miqdori haqida ma’lumot olish uchun “Ibrat farzandlari” loyihasi rahbari Rustam Qoriyev bilan bog‘landi. Uning so‘zlariga ko‘ra, videodarslar uchun o‘qituvchilarga ularning mahorati va pedagogik tajribasiga qarab 500-1000 dollar atrofida haq to‘lanadi.

“Biz oylik bermaymiz. O‘qituvchiga bitta tildan dars o‘tish uchun ma’lum yuklama qo‘yiladi. Masalan, o‘rtacha darsimizning soni 100ta bo‘ladigan bo‘lsa, o‘qituvchi uni 1, 2 yoki 3 oyda ham tugatib qo‘yishi mumkin. Qanchalik tez va qanchalik sifatli qilib bersa, shunga qarab beraveramiz”, – dedi Qoriyev.

U o‘qituvchilar bilan bitta videodars uchun qancha narxda hisob-kitob qilinayotganiga aniqlik kiritmadi. Agar uning so‘zlaridan kelib chiqib 100 ta videodars uchun 1000 dollar to‘lanadi deya taxmin qilsak, bitta videodars uchun ehtimoliy 10 dollarlik narx kelib chiqadi. Bu esa davlat tomonidan bitta videodars uchun to‘lanayotgan 6,9 mln so‘mning ichida o‘qituvchining xizmat haqi katta o‘rin tutmasligiga ishora qiladi.

Mavzuga oid