Jamiyat | 15:21 / 21.06.2023
13449
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik shifokor Koreyaning nufuzli tibbiyot instituti professori bo‘ldi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, travmatolog-ortoped Kamolxo‘ja Eshnazarov Koreyaning Tedjon tibbiyot texnologiyalari instituti professori ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi.

«Tibbiyot bo‘yicha xalqaro hamkorlikda mutaxassislar almashinuvining alohida o‘rni bor. Shu sababdan ham sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha xalqaro kelishuvlar va muloqotlarda shifokorlarimizning chet elda malaka oshirishi masalasi ustuvor ahamiyat kasb etib keladi.

Shunday hamkorlik natijasida tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, travmatolog-ortoped Kamolxo‘ja Eshnazarov Koreyaning Tedjon tibbiyot texnologiyalari instituti professori ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi. 

Kuni kecha sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligida o‘tgan navbatdagi Hay’at yig‘ilishida tibbiyot sohasidagi ilmiy va amaliy yutuqlar, O‘zbekiston — Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim sohasini yanada rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun mutaxassisga professorlik sertifikati tantanali topshirildi. 

Tedjon tibbiyot texnologiyalari instituti prezidenti janob Byung-Ki Lining sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovga yo‘llagan rasmiy maktubida K.Eshnazarovning Koreya Respublikasi Yonsey, Chonnam kabi nufuzli xalqaro universitetlarda ta’lim olganligi hamda koreyalik professor va olimlar bilan hamkorlikda Amerika, Yevropa va Osiyoning qator yirik nashrlarida yigirmadan ortiq ilmiy maqolalar chop etgani, xalqaro ilmiy konferensiya va forumlarda doimiy ishtirok etib kelishi ta’kidlangan», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot uchun, Koreya Respublikasining Tedjon tibbiyot texnologiyalari instituti tibbiy texnologiyalarni rivojlantirish, amaliyotga joriy etish hamda sohaga malakali kadrlar yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan nufuzli oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. 

Mavzuga oid