Jahon | 20:13 / 22.06.2023
25789
12 daqiqa o‘qiladi

«Mojaro muzlatilishiga rozi bo‘lmaymiz» - Zelenskiy

Ukrainaning iyun oyi boshida boshlangan qarshi hujumi natijalari kuzatuvchilar tomonidan ancha ehtiyotkorlik bilan baholanmoqda, prezident Volodimir Zelenskiy esa bu bosqichda hujum tezligi yuqori bo‘lishi shart emasligini ta’kidladi.

Zelenskiy NATOning Vilnyusdagi navbatdagi sammitida alyans Ukrainani yaqin kelajakda o‘z tarkibida ko‘ryaptimi degan savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishini istamoqda. Chunki, Ukrainaning urushdan keyin qaysi yo‘nalishda rivojlanishi shunga bog‘liq bo‘ladi.

Hozircha Zelenskiy ancha vaqt oldin ishlab chiqilgan pozitsiyada qolmoqda: Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan to‘liq olib chiqmagunicha, u bilan muzokaralar o‘tkazilmaydi. Vladimir Putinning yadro qurolidan foydalanish xavfi esa minimal — lekin Zelenskiy Rossiya prezidenti uchun javob berishga tayyor emas.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 20 iyun kuni BBC nashri jurnalisti Yalda Hakimga yuqoridagi masalalar bo‘yicha intervyu bergan.

«Agar biz oldinga siljiyotgan bo‘lsak, demak, hammasi joyida»

Volodimir Zelenskiy intervyuda Ukraina qo‘shinlarining hozirda mamlakat janubi-sharqida olib borayotgan qarshi hujum operatsiyasiga aniq baho berishdan bosh tortgan.

«Hozir bir nima deyish juda qiyin. Hozircha hammasi asta-sekin ketmoqda. Agar biz bir joyda qotib qolmasdan, oldinga siljiyotgan bo‘lsak, demak, hammasi joyida», deya hujumning muvaffaqiyatini baholash haqidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savolga javob bergan Ukraina prezidenti.

Hujum sekinlik bilan kechayotganining asosiy sababi sifatida Zelenskiy Ukrainaning deyarli ikki yuz ming kvadrat kilometr hududi Rossiya tomonidan minalanganini keltirgan.

«Biz ortga chekinmaymiz, biz oldinga yuramiz. Qadamlarni kattaroq qilish istagi bor, ular biroz kichikroq — lekin bu qanday amalga oshirilishini bilasiz: kim kurashsa, u yengadi; kim eshikni taqillatsa, unga eshik ochiladi. Shuning uchun har qanday holatda ham biz qarshi hujum harakatlari muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonamiz», degan Ukraina rahbari.

Zelenskiy Ukraina qo‘shinlarining 2022 yil kuzidagi qarshi hujum operatsiyalari ham yetarlicha sekin sur’atda o‘tganini eslagan. «Ammo qandaydir vaziyatda hamma bizning u yerda qanday tezkor harakat qila boshlaganimizni ko‘rdi. Bu yerda ham xuddi shunday bo‘ladi», deya taxmin qilgan u.

Ukraina prezidenti qanday operatsiyalar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmagan, lekin, katta ehtimol bilan gap yakuniy nuqtasi rus qo‘shinlarining Xersondan olib chiqilishi bo‘lgan bir necha hujumkor harakatlar seriyasi haqida borgan.

Volodimir Zelenskiyning baholari bir qator G‘arb nashrlarida Ukraina qo‘shinlarining okkupatsiya qilingan Zaporijjya va Donetsk oblastlari janubida ruslar tomonidan tayyorlangan mudofaa chizig‘ini yengib o‘tishda duch kelayotgan qiyinchiliklari tasvirlangan maqolalar paydo bo‘lishi fonida yangradi.

Ukraina rasmiylari mamlakat qurolli kuchlarining hujumi harbiy rahbarlar tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq davom etayotganini da’vo qilmoqda.

«Biz harbiylar ularning oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarayotgani, hujum boshlangan barcha yo‘nalishlarda bosqichma-bosqich harakat qilayotganini tushunishimiz kerak. Lekin, shubhasiz, asosiy zarba hali oldinda», deb yozgan Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar o‘z telegram-kanalida.

«Bu Hollivud filmi emas»

Volodimir Zelenskiy Ukrainaning hozirgi hujumi muvaffaqiyati G‘arbning Kiyevga harbiy yordami hajmi va intensivligiga ta’sir qiladigan hal qiluvchi omillardan biri ekanini tasdiqlagan.

Shu bilan birga, u g‘arblik hamkorlar qarshi hujumdan tezkor natijalar kutib, Kiyevga ma’lum bosim o‘tkazayotganini inkor etmagan.

«Ba’zilar Hollivud filmidagi kabi narsalarni xohlaydi, biroq bu boshqacha sodir bo‘ladi ... (lekin) bizga ta’sir o‘tkazishga urinishning narxi juda yuqori. O‘rtaga odamlar hayoti tikilgan, shuning uchun ham hammasi shunday ketmoqda. Kimning nimani xohlashi, har qanday davlatning bizga u yoki bu tarzda bosim o‘tkazishga urinishi bizning harakatlarga ta’sir qilmaydi. Biz jang maydonida o‘zimiz to‘g‘ri deb bilgan tarzda harakat qilamiz», degan Zelenskiy.

Zelenskiy G‘arb Kiyevga ko‘rsatayotgan moliyaviy va harbiy yordamsiz Ukraina Rossiya tomonidan zabt etilishi mumkinligini tan olgan holda, F-16 qiruvchilarini Ukrainaga tezroq berishi uchun g‘arblik hamkorlariga ba’zan juda qattiq bosim o‘tkazayotganini ham aytgan.

G‘arbning zamonaviy qiruvchi samolyotlari Kiyev g‘arblik hamkorlaridan so‘ragan qurollar ro‘yxatining oxirgi elementi bo‘lib qolmoqda. Ukrainaga jangovar samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha rasmiy qaror hali qabul qilingani yo‘q, biroq o‘tgan haftada Kiyev ittifoqchilari koalitsiyasi ukrainalik uchuvchilarni ushbu mashinalarda ishlashga o‘rgatishni boshlash to‘g‘risida prinsipial qaror qabul qildi. Kuzatuvchilar shundan keyin Ukrainaga F-16 samolyotlarini yetkazib berish qarori allaqachon rasmiyatchilik bosqichida degan fikrga keldi.

Ukraina va G‘arb davlatlari rasmiylari butun jarayon bir necha oy davom etishi mumkinligini aytgan holda, Kiyev ushbu qiruvchi samolyotlarni qachon olishi haqida aniq prognoz qilishdan tiyilmoqda.

Zelenskiy ushbu yetkazib berish jadvaliga doir ba’zi aniqliklarni aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyotlarni yetkazib berish rejasi shu yil yozida tayyor bo‘ladi. Reja doirasida iyul-avgust oylarida uchuvchilarni tayyorlash boshlanadi.

«Mashg‘ulotlar boshlangandan so‘ng olti-yetti oy o‘tib, biz birinchi samolyotga ega bo‘lishimizga ishonamiz», degan Ukraina prezidenti.

«Agar sen Rossiyaga qo‘shni bo‘lsang, sen xavf ostidasan»

Intervyuda Volodimir Zelenskiy yana bir bor uning mamlakatining NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidan boshqa muqobil yo‘q ekani va Ukrainaning alyansga a’zoligi uni mustahkamlashi, chunki Ukraina NATO sharqiy qanotida eng qudratli armiyaga ega ekanini ta’kidladi.

«Hozirda turli maydonlarda muhokama qilinayotgan Ukraina uchun har qanday xavfsizlik kafolatlari NATOga a’zolikka muqobil emas, balki Kiyev alyansga to‘liq a’zo bo‘lishidan oldin kerak bo‘ladigan vositadir», degan prezident.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish istagi Kiyevning Rossiyaga hujum qilish rejalari bilan bog‘liq emas, balki uning yangi ehtimoliy tajovuzlaridan o‘zini himoya qilish xohishi bilan bog‘liq.

«Agar sen Rossiyaga qo‘shni bo‘lsang, sen xavf ostidasan. Agar sen Rossiyaga qo‘shni bo‘lsang, NATO tarkibida bo‘lganing ma’qul», degan u.

Zelenskiy NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan alyans sammitida Ukraina NATOga a’zo bo‘lish taklifini olmasligi haqidagi bayonotiga ilk bor izoh berdi.

«Yomon reaksiya... Eshiting, oyog‘imiz ostidagi fundamentni yiqitmang... Bizga taklif berilishi — bu fundament. Har qanday holatda ham bu texnik taklif va bu biz ertaga NATO tarkibida bo‘lamiz degani emas. Ammo Ukrainadagi odamlar kelajakda NATOda bo‘lishlari, hamkor davlatlar nafaqat qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi, balki yelkama-yelka bo‘lib bizni kelajakda ko‘ruvchi chinakam hamkor va do‘stlar ekanini bilishi muhim», — deydi prezident.

Bir necha hafta oldin, Volodimir Zelenskiy Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida, agar Ukraina alyansga qachon qo‘shilishi mumkinligi haqida aniq signal olmasa, NATOning Vilnyusdagi sammitida ishtirok etishdan ma’no ko‘rmayotganini aytgandi.

BBC nashriga bergan intervyusida Zelenskiy NATOni, agar alyans kelajakda Ukrainani o‘z a’zolari qatorida ko‘rmayotgan bo‘lsa, buni tan olishga va baland ovozda aytishga chaqirgan: «Shunda Ukraina ham, Ukraina aholisi ham biz boshqacha yashashimiz kerakligini tushunadi. Biz hatto g‘alaba qozongan va bu urush tugagan taqdirda ham, bizda urushning takrorlanishi xavfi yuqori bo‘ladi, demak, biz iqtisodiyotni boshqacha quramiz. Boshqa biznes, boshqa ta’lim, boshqa bolalar, boshqa tarbiya. Rossiya qaytishi mumkinligini hisobga olsak, hamma narsa boshqacha».

«Biz urush muzlatilishi taklifiga rozi bo‘lmaymiz»

Ukrainaning hozirgi qarshi hujumi boshlanishi arafasida G‘arbdagi qator ommaviy axborot vositalari ehtiyotkorlik bilan hujumdan asosiy maqsad Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik muzokaralarida Ukrainani maksimal qulay pozitsiya bilan ta’minlash deb atadi.

«Bu tezis — Kiyevning rasmiy pozitsiyasiga ziddir», dedi Ukraina prezidenti.

«Agar ular bizning hududimizdan chiqib ketmasa, u yerda kim prezident bo‘lishidan qat’i nazar, Rossiya bilan hech qachon muzokaralar stoliga o‘tirmaymiz», dedi Zelenskiy. U bu pozitsiya 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimoroli hududini ham qamrab olishini ta’kidlagan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududidan to‘liq olib chiqilishidan oldin boshlanuvchi muzokaralar jarayoni mojaro maqomini muzlatilgan holatga o‘tkazadi va xuddi Minsk kelishuvlari Donbassdagi mojaro Rossiyaning Ukrainaga qarshi hozirgi keng ko‘lamli bosqiniga aylanishiga to‘sqinlik qilmaganidek, kelajakda yangi katta urush xavfini yaratadi.

«Qarshi hujumda qayergacha borsak ham, biz muzlatilgan mojaroga rozi bo‘lmaymiz... Va men xalq nima bilan nafas olishini bilaman. Ukrainaliklar ikkinchi marta muzlatilgan mojaroga rozi bo‘lmaydi. Bu tuzoq. Menimcha, (Rossiyada) allaqachon ular urush boshlagani va bu ularning qonli xatosi ekanini tushunadigan odamlar bor. Ular bu urushda oxir-oqibat yengilishlarini tushunadi. Shuning uchun, chiqish — kamroq qurbonlar degani. Ular hududimizdan chiqmaguncha, ular bilan hech qanday muzokaralar formati bo‘lmaydi», degan Zelenskiy.

«Putin o‘z hayotidan qo‘rqadi»

AQSh prezidenti Jo Baydenning Vladimir Putin hozirgi urushda yadro qurolidan foydalanishga qodirligi haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan, Volodimir Zelenskiy bunday tahdidni ko‘proq «siyosiy, media, axboriy» deb baholagan.

«Men u o‘z hayotidan qo‘rqayotganiga ishonaman ... Men u bugungi kunda buni qilishga tayyor deb o‘ylamayman, chunki u o‘z hayoti haqida o‘ylaydi ... U o‘z hayotini juda yaxshi ko‘radi. Hech bo‘lmaganda, menga shunday tuyuladi», degan Zelenskiy.

«Ammo men XXI asrda qo‘shnisiga qarshi keng ko‘lamli urush boshlagan noadekvat odamga hech qanday holatda kafil bo‘lishni xohlamayman», deya qo‘shimcha qilgan u.

Mavzuga oid