13:25 / 28.06.2023
62863

«Vagner» Il-22 havo qo‘mondonlik punktini urib tushirdi. Bu qanday samolyot edi?

23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan «Vagner» isyoni Rossiya harbiy aviatsiyasida yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi. Ochiq manbalarga ko‘ra, Mi-8MTPR rusumli uchta radioelektron kurash vertolyoti, Ka-52 va Mi-35 rusumli zarbdor vertolyotlar, Mi-8 rusumli harbiy transport vertolyoti, shuningdek, «himoyalangan havo boshqaruv punkti» - Il-22M samolyoti ham vagnerchilar tomonidan urib tushirilgan.

Il-22’ga o‘xshash Il-20 samolyoti. Foto: MAXIM KUZOVKOV/TASS

Aynan ushbu turdagi samolyot yo‘q qilingani haqidagi ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Bu haqda rossiyalik jurnalistlar va urush tarafdori bo‘lgan blogerlar xabar bergan. Conflict Intelligence Team tadqiqot guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 23 iyun kuni Luhansk yaqinida yana bir Mi-8MTPR vertolyoti urib tushirilgan bo‘lishi mumkin, biroq ochiq manbalarda bu voqea haqida tafsilotlar yo‘q. Ekipaj a’zolarining qanchasi halok bo‘lgani ham noma’lum.

24 iyun kuni telegram-kanallarda samolyot qulashi vaqtida olingan video va halokat joyidan olingan kadrlar paydo bo‘ldi.

Agar yerdagi qoldiqlar haqiqatan ham 24 iyun kuni urib tushirilgan samolyotga tegishli bo‘lsa, unda kadrlardan birida havodayoq samolyotdan ajralgan quyruq qismining nisbatan buzilmagan bo‘lagi ko‘rinadi. Undagi raqam — 75917 — seriya raqami 2964010105 bo‘lgan Il-22M samolyotiga tegishli. Uni turli onlayn xizmatlarda Il-18M-11 yoki Il-22M-11 deb ham atashadi.

Turli aviatsiya saytlaridagi fotosuratlarga ko‘ra, ushbu samolyot ilgari Ivanovo shahri yaqinidagi Ivanovo-Shimoliy harbiy aerodromida, shuningdek, Tverdagi Migalovo aerodromida qayd etilgan. Samolyot aynan qaysi aviatsiya bo‘linmasiga tegishli ekani noma’lum.

Ivanovo aerodromida 2457-uzoq masofali radiolokatsiya aniqlovchi samolyotlardan jangovar foydalanish bazasi joylashgan. Il-22M aynan shu qismga tegishli bo‘lishi mumkin, chunki bu yerda bunday samolyotning elektron apparatlariga xizmat ko‘rsatish osonroq bo‘ladi. Migalovo aerodromida esa harbiy-transport aviatsiyasi joylashgan.

Havo qo‘mondonlik punkti

Il-22M isyon natijasida yo‘qotilgan texnikalarning eng qimmati edi. Ushbu samolyotning nomini ifodalashda ba’zan HHBM qisqartmasidan foydalaniladi — «himoyalangan havo boshqarish markazi».

Ushbu nomdagi «himoyalangan» so‘zi jismoniy himoyaga emas, balki radioelektron kurash vositalari ta’siriga chidamli aloqa kanallariga ishora qiladi.

Samolyot jangovar harakatlar paytida qo‘shinlarni boshqarish mumkin bo‘lgan havo qo‘mondonlik punktini o‘zi bilan olib yuradi. Bu punkt havoda bo‘lgani uchun uni operativ-taktik raketalar bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi.

Samolyotning ikkinchi afzalligi shundaki, yuqoridan yerdagi jangovar qismlar bilan aloqani ta’minlash osonroq. Ayniqsa, aloqani murakkablashtiruvchi past balandlikda uchadigan front aviatsiyasi bilan bu asqatadi.

Rossiya hukumati ta’siridagi bir nechta telegram-kanallar ta’kidlashicha, urib tushirilgan samolyot keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri radio signallarni retranslatsiya (zararlangan va yo‘qolib qolgan signallarni avtomatik qayta uzatish) qilish vazifasini bajargan, ya’ni yerdagi qo‘mondonlik punktini qo‘shinlar bilan bog‘lovchi baland antenna sifatida ishlagan.

Il-22 eski Il-18 avialayner asosida yaratilgan. Foto: TASS

Biroq, bu ma’lumotni tasdiqlovchi hech qanday rasmiy manba yo‘q. Shuning uchun samolyot bortida frontdagi janglarga rahbarlik qiluvchi ofitserlar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini inkor etib bo‘lmaydi.

Il-22 samolyoti 1970-yillarda yaratilgan. Havo qo‘mondonlik punkti g‘oyasini amalga oshirish uchun bir necha samolyotlar ko‘rib chiqilgan, ular orasida, jumladan An-10, An-12 va Il-18 bo‘lgan. Ularning barchasi havoda uzoq vaqt ucha olardi, ammo oxir-oqibat Ilyushin konstruktorlik byurosining muvaffaqiyatli fuqarolik layneri tanlangan.

Il-18 juda ishonchli samolyot edi va eng muhimi, 1958 yildan 1978 yilgacha bunday samolyotlar ko‘p miqdorda ishlab chiqarilgandi. 1970-yillarda bu tip asta-sekin fuqarolik parvozlaridan olib tashlana boshlanadi va uning asosida harbiy samolyot yaratish mantiqan to‘g‘ri edi.

Natijada, Il-18 bazasida birdaniga bir necha harbiy samolyot ishlab chiqiladi, ular orasida Il-22M’dan tashqari Il-38 suv osti kemalariga qarshi samolyoti, Il-20 razvedka samolyoti (ulardan biri 2018 yilda Suriya havo mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan) va Il-22PP radioelektron kurash samolyotlari bor edi. Il-22PP yangi modifikatsiyalardan biri bo‘lib, 2010-yillarning ikkinchi yarmidan paydo bo‘lgan.

Il-18’ni qayta jihozlash jarayonida yo‘lovchilar saloni laynerlardan butunlay olib tashlanadi va maxsus qurilmalar o‘rnatiladi. Il-22M’da esa, samolyotga qo‘mondonlik tarkibi uchun ish joylari ham o‘rnatilgan.

1970-yillardan beri jami o‘ttizga yaqin Il-22 ishlab chiqarilgan yoki jihozlangan. Ular doimiy ravishda takomillashtiriladi va hozirda Il-22 SURT (boshqaruv va retranslatsiya samolyoti) versiyasi yaratilgan oxirgi dastur ustida ish olib borilmoqda.

Military Balance 2022 ma’lumotnomasiga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshida Rossiyada 12 ta Il-22M va 10 ta Il-22 (eski modifikatsiya) samolyoti bo‘lgan.

Kamida bitta samolyot jangovar harakatlar paytida shikastlangan. Rossiyaning «Moskovskiy komsomolets» gazetasi 2022 yil oktyabr oyida Il-22 samolyoti Ukraina havo hujumidan himoya tizimi tomonidan o‘qqa tutilgani va shikastlangani haqida yozgandi. Samolyot bazaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan, ammo uning keyingi taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas.

Radioelektron kurash vertolyotlari

Urib tushirilgan ikkita radio elektron razvedka vertolyotlari ham Rossiya aviatsiyasi uchun juda katta yo‘qotishdir.

Mi-8MTPR-1 vertolyotlari Rossiya harbiy-sanoat kompleksining yangi ishlanmalaridan biri. Bu qurilmalar «Rychag-AV» radio elektron kurash tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, u yer va havo radarlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va aviatsiya qurollariga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, bunday vertolyotlar radio elektron razvedka ishlarini ham olib boradi.

«Rychag-AV» — bu maxfiy ishlanma va u haqida faqatgina umumiy ma’lumotlar mavjud, shuning uchun uning samaradorligini baholash juda qiyin.

Rossiya an’anaviy ravishda radio elektron urushga katta e’tibor qaratadi va bu vertolyotlar qo‘shinlarga so‘nggi yillarda faol kirib kelgandi. Military Balance 2022 hisobotida aytilishicha, 2022 yilda ularning soni o‘ttizdan ortiq bo‘lgan, ammo urush paytida ham bir necha vertolyot ishlab chiqarilgan bo‘lishi mumkin.

Vagnerchilar tomonidan urib tushirilgan ikkita Mi-8MTPR-1 bunday texnikaning ma’lum bo‘lgan birinchi urib tushirilishi emas. 2023 yil may oyida Bryansk oblastida ikkita shunday vertolyot urib tushirilgandi. Ushbu vertolyotlar va ikkita Su-30 va Su-34 samolyotlarining halokati sababi hali aniqlanmadi. Bir versiyaga ko‘ra, ular Ukraina havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan, boshqa taxminga ko‘ra esa, ruslarning o‘zi ularni xato oqibatida nishonga olgan.

«Ahmoq PVOchi»

Hujumkor Ka-52 va Mi-35, shuningdek, harbiy transport vertolyoti bo‘lgan Mi-8 ham ancha qimmat qurilmalar, ammo urush paytida bunday transport vositalari tez-tez front chizig‘i yaqinida paydo bo‘ladi va yo‘qotishlarga duch keladi.

Ular «Vagner» jangarilariga zarba bergan bo‘lishi mumkin. Hech bo‘lmaganda, Yevgeniy Prigojin shunday da’vo qilgan.

Rostov-Donni amalda o‘z nazorati ostiga olgan, Voronejni aylanib o‘tib, Moskva tomon harakat qilgan «Vagner» guruhlarida «Pansir-S1» zenit-raketa tizimlari mavjud edi — kolonnalarda kamida ikkita shunday qurilmani ko‘rishgan.

Bundan tashqari, Voronej yaqinida olingani aytilayotgan videoda past balandlikda uchayotgan Ka-52 vertolyoti katta ehtimol bilan qo‘l zenit-raketa tizimidan o‘qqa tutilganini ko‘rish mumkin.

Agar zarbdor vertolyotlar «vagnerchilar»ga hujum qilgan bo‘lsa, ularning javob harakatini, kamida tushunish mumkin. Hatto Mi-8 va vizual jihatdan undan umuman farqlanmaydigan Mi-8MTPR-1 ham uzoqdan tahdiddek ko‘rinishi tabiiy edi.

Ammo hech qanday hujumkor samolyotga o‘xshamaydigan, katta Il-22 samolyotini urib tushirishdan hech qanday aniq ma’no yo‘q edi.

«Birinchi kanal» muxbiri Irina Kuksenkova o‘z telegram-kanalida Prigojinning so‘zlariga tayanib, voqeaga «Vagner»ning zenit otuvchisi aybdor ekanini yozdi: «Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasida Prigojindan bu samolyotga nima uchun zarba berilgani, u zarbdor emasligi, balki boshqa funksiyalarni bajarishi haqida so‘ralganida, u kolonnadagi ahmoq havo hujumidan himoya askari parvoz qilgan hamma narsani urib tushirganini aydi».

Mavzu
Prigojin isyoni
23 iyun kuni kechqurun «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin RF mudofaa vazirligini vagnerchilarga hujum qilishda ayblab, «adolat marshi» e’lon qildi. 24 iyun kuni uning qo‘shini Rostovni egallab, Moskva tomon yo‘lga tushdi.
Barchasi
Top