O‘zbekiston | 10:27 / 08.07.2023
28231
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat bayrog‘idan foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi

Foto: Kun.uz

"O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Davlat bayrog‘idan foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi, jumladan: 

bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;

bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;

xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkin.

Qonun bilan bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi, xususan:

  • bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
  • biror bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish;
  • stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
  • kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
  • bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakka, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
  • bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.

Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun mas’uliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatiladi.

Mavzuga oid