Iroqda yuzlab namoyishchilar Shvetsiya elchixonasiga bostirib kirdi
Olomon Shvetsiyada yana Qur’on yoqib yuborilmoqchi ekani haqidagi xabardan g‘azabga kelgan.
Iroq poytaxti Bag‘dodda yuzlab namoyishchilar Shvetsiya elchixonasi hududiga bostirib kirib, unga o‘t qo‘ydi.
Avvalroq, Shvetsiya poytaxti Stokholmda namoyishchilar Iroq elchixonasi oldida mamlakat bayrog‘i va Qur’onni yoqib yubormoqchi ekani haqida xabar berilgan edi. Bunga javoban Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi oldida norozilik namoyishi boshlandi.
OAV xabarlariga ko‘ra, aksiyada yuzlab odamlar ishtirok etgan. Namoyishchilar elchixonaga bostirib kirib, o‘t qo‘yishgan. Iroq politsiyasi namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun suv purkagichlar va elektroshokerdan foydalangan.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi Iroq poytaxtidagi elchixona xodimlari xavfsiz joyda ekani haqida xabar berdi. Vazirlik matbuot xizmati, shuningdek, Iroq rasmiylari diplomatik vakolatxonalar va ularning xodimlari xavfsizligi va himoyasini ta’minlash uchun mas’ul ekanini ta’kidladi.
Iroq Tashqi ishlar vazirligi ham Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumni va namoyishchilarning harakatlarini qoraladi. Idoraning bildirishicha, xavfsizlik kuchlariga hujum bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish, jinoyatchilarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Bu Bag‘doddagi Shvetsiya diplomatik missiyasi binosiga birinchi hujum emas. Iyun oyida ham bir necha namoyishchilar elchixona darvozalarini buzib, hovliga bostirib kirishga muvaffaq bo‘lishgan edi.
Yanvar oyi boshida Shvetsiyadagi Turkiya elchixonasi oldidagi namoyishda Qur’on yoqib yuborildi. Yuzga yaqin odam ishtirokidagi aksiya islom olamida noroziliklarga sabab bo‘ldi va Shvetsiya bilan Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirdi. Qur’onning tahqirlanishi xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan qoralangan edi.
Mavzuga oid
22:14 / 19.11.2024
Shvetsiya prokuraturasi Boltiq dengizi tubidan o‘tgan kabellarga shikast yetkazilishini qo‘poruvchilik deb baholadi
22:40 / 05.11.2024
Mudofaa «yashil energetika»ga qarshi: Shvetsiya 13 ta shamol generatori qurilishiga ruxsat bermadi
21:59 / 02.11.2024
Shvetsiyada noqonuniy migrantlarga qarshi kurash kuchaytiriladi
09:20 / 31.10.2024