Jamiyat | 16:41 / 27.07.2023
15758
9 daqiqa o‘qiladi

«Chayongul» – «gul»ning «chayon»ga aylanishi haqida qissa

Ayolni gulga mengzashadi. Aslida bu judayam chiroyli o‘xshatish. Ayolga e’tibor, mehr berilsa, nozik ko‘ngliga qaralsa, guldek yashnaydi, o‘zidan mehr-muhabbat iforini taratadi, iliq samimiyatga to‘ladi. Atrofiga, yaqinlariga kulib boqadi. Agar aksincha bo‘lsa-chi? Mehr o‘rniga qahr, shirinso‘z o‘rniga jyerkish, samimiyat o‘rniga adolatsizlik, sadoqat o‘rniga xiyonat ko‘rsa-chi?

Foto: Getty Images

Ayol ko‘ngli chil-chil sinib, qattiq toshga aylanmaydimi? Mehr istagan qalbi alamzadalikka to‘lmaydimi? Oydek yuzlarida xo‘rlanganlik alamining zahri qotib qolmaydimi? Ayni shunday bo‘ladi. Ayol suyanishni istaydi. O‘zining bir mard kishisi bo‘lishini, beshafqat hayotning hamlalaridan o‘sha kishisi himoya qilishini istaydi. Unday mardi topilmasa, ayol xorlik ko‘rsa, u gul emas chayonga aylanadi, chayonga!

Ëzuvchi Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining «Chayongul» nomli qissasida aynan «gul»ning «chayon»ga aylanish holatini ko‘rsatib bergan.

Syujyet:

Quyiqishloq nomli qishloqda yashovchi Chaman momoning ikki qizi va bir o‘g‘li bor. Katta qizi Gulgunni qo‘shni qishloqqa uzatgan. 4 yoshli nabirasi ham bor. 20 yoshli o‘g‘li Yoqub Toshkentda o‘qiydi. Kenja qizi Gulshod 10-sinf o‘quvchisi. 

Gulgun turmushga chiqqaniga 5 yil bo‘libdi hamki haligacha qaynona va turmush o‘rtog‘i bilan til topisholmaydi. O‘sha mash’um voqea sodir bo‘lgan kun ham arazlab kelib o‘tirgandi. Pomidor terimiga ikki dugonasi bilan chiqib ketayotgan Gulshod opasidan bugun uyda qolish-qolmasini so‘raydi. Gulgun qolmasligini aytadi. 

Gulshod opasi bilan ozroq o‘tirish maqsadida ikki dugonasini jo‘natib yuboradi. Aslida Gulgun butunlayga kelgandi. Buni esa biroz vaqt o‘tgach aytadi. Opasining uylarida qolishini bilgan Gulshod dugonalarining ketidan shoshiladi. Yo‘lni qisqartirish maqsadida so‘qmoqdan yuradi. Kimsasiz so‘qmoq bo‘yidagi anhorda Ashur ismli qishloq yigiti baliq tutayotgan bo‘ladi va Gulshodni yordamga chaqiradi. Gulshod yugurib paqir olib boradi.

Orada Ashur qizning go‘zalligidan ko‘z uzolmay qoladi va niyati buziladi. Qizga tashlanib, tegina boshlaydi. Qiz ojizlik qiladi. Amallab qutulib ketay degan payt Ashurning hali go‘dak bo‘lgan ukasi Akbar kelib qoladi va akamni uryapti deb o‘ylab Gulshodning sochidan tortib, yiqitadi. Mash’um hodisa sodir bo‘ldi...

Uyiga dodlab kelgan Gulshodni ko‘rgan Chaman momo adoyi tamom bo‘ladi. Voqea joyiga yugurishadi. U yerda Ashur, Akbar va ularning dadasi Adham muallim turardi. Ayollarning jahlini bosishga va bir yechimini topishga uringan muallim 4-5 kundan keyin sovchi yuborishga va’da berib Gulshodlarni uyiga jo‘natadi. 

Bir hafta o‘tibdiki sovchidan darak yo‘q. Gulgun va Chaman momoning yuragiga qo‘rquv tushadi. Orada Yoqub ham Toshkentdan kelib ketadi. Ammo unga hech narsa aytishmaydi...

Bir kuni Gulshod maktabda Akbarga duch keladi. Akbar: «Akam sizga baribir uylanmaydi. Oyim ruxsat bermadi. Akamni tog‘amlarnikiga jo‘natib yubordik. Dadam kasal yotibdi», deb aytadi. Gulshod qattiq tushkunlikka tushadi. 

Ammo o‘zini qo‘lga olib, uyidagilar bilan ochilib gaplasha boshlaydi. O‘sha kuni qo‘shnisining uyida to‘y edi. Dugonalari bilan to‘yga kirishga kelishadi. Chaman momoni ham kirgazib yuboradi. Gulgun esa o‘sha kech ishxonasida navbatchilikda edi. 

Onasi va jiyanini to‘yga yuborgan Gulshod molxonaga kirib o‘zini osadi...

Endi sudga da’vo qilishga kech bo‘lganini aytishadi. Ekspertizaga ertaroq olib kelinmaganini iddao qilishadi. 10 kun olib o‘tirganlari uchun hech narsani isbot qilib bo‘lmas emish. Ashurni so‘roq qilib ko‘rishadi. Bundanam ish chiqmaydi. Bu orada Gulgun alamidan tamom bo‘ladi. Tergov mahkamasiga tanda qo‘yadi. Oxirgi eshitgan javobi esa: «O‘lgan o‘ldi. Ketgan ketdi. Endi foydasi yo‘q. O‘n kun olib o‘tirmasdan olib kelish kerak edi. Qonun gumonlanuvchilar tarafida» degan gaplar bo‘ladi. 

Erdan yolchimagan, Ashurdan, Adham muallimdan alamzada bo‘lib turgan, ukasi Yoqubdan ham umid uzgan Gulgunning to‘lib turgan sabr kosasiga tergovchining bu gapi so‘nggi tomchi bo‘ladi. U dunyodagi barcha erkaklardan nafratlanib qarg‘anadi. Nafrat-u alamlardan aqlini yo‘qotgan ayol pichoqni oladi-yu to‘g‘ri Ashurnikiga boradi. Baqir-chaqir qiladi. Aksiga olib o‘sha kun kattalardan hech kim bo‘lmaydi uyda. 

Gulgun uy ichida kimningdir berkinib o‘tirganini ko‘radi. Berkinib o‘tirgan Ashurligini ko‘rgach o‘ljasiga tashlangan yirtqichdek hamla qiladi. O‘ljasining duch kelgan joyiga pichoq uradi. Bu orada o‘zining ham tomirlari kesilib ketadi. Hushini yo‘qotayotgan Gulgun g‘ira-shirada shuni anglaydiki, yonida qonga belanib yotgan jonsiz tana Ashurniki emas, Akbarniki edi...

Tahlil:

Gulshod va Ashur o‘rtasida sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisa boshdan-oyoq tasodiflar asosida yuzaga kelgandi. Bu tasodiflarning boshi Gulgunga, oxiri esa Akbarga borib taqalardi. 

Agar Gulgun singlisiga yolg‘on gapirmaganda, ketaman demaganida Gulshod o‘rtoqlaridan ajralib qolmasdi. So‘qmoqdan yurib Ashurga yo‘liqmasdi. Ashur ham anhorga ataylab baliq tutish uchun kelmagandi. Yo‘qolib qolgan tanachasini izlab yurgandi. O‘sha payt anhorda baliq shaloplab qolib, Ashurning e’tiborini tortadi. Gulshod Akbar kelib, akasiga yordam bermaganda qochib ketolardi. Afsus, unday bo‘lmadi. Xullas, hammasi taqdirning ssenariysi asosida tasodiflar zanjiriga bog‘langan edi. 

Ba’zan istamagan, kutmagan holatimizda xato ishga qo‘l uramiz. Zarar ko‘ramiz, afsuslanamiz. Shunday hatoliklarimiz borki, undan nafaqat o‘zimiz, balki atrofimizdagilar ham jabrlanadi. Gohida bizdan ham ko‘p jabr tortishlari-da mumkin. Ashur va Gulshod voqeasida ham ayni shu holat kuzatilni.

Aybni qilgan Ashur, jabrini tortgan uch begunoh jon bo‘ldi. Asosiy doirada Ashur bilan Gulshod bo‘lsa, asar so‘ngida bu doiradan chetdagi Akbar va Gulgun ham nobud bo‘lishdi. Hammasi birgina o‘ylanmay qilingan xato oqibati edi. 

Biz o‘zbeklarda «Odamlar nima deydi, sharmanda bo‘lamiz. G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqa ipini uzmaydi», kabi tushunchalar mavjud. Ayni shu tushunchalar sabab qanchadan qancha Gulshodlar nobud bo‘lyapti, tili qisiq yashayapti. Agar odamlarni gapidan qo‘rqilmaganda, sharmanda bo‘lamiz deyilmaganda vaqtida ichki ishlarga murojaat qilinardi. Aybdor jazolanardi. Barcha ko‘ngilsizliklarning oldi olinardi. Ammo unday qilinmadi. Ahmoqona andishalarga amal qilindi. Oqibat nima bo‘ldi?!

Nega zig‘irchayam aybsiz bo‘lgan, aksincha, nomusi toptalgan Gulshod sharmanda bo‘lishi kerak edi? Ahir u o‘zi istamadi-ku. Qarshilik ko‘rsatdi-ku! Qachongacha Ashur singari nafs bandalari oson qutulib qolishi kerak? Nega doim ayol kishi aybdor bo‘lishi shart har qanday holatda? Bu adolatsizlik emasmi?!

Aynan shu fikrlar Gulgunni quturtirgandi. Unga alam qilgandi. U butun erkaklar borasida qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urgandi. Hech kimga ishonmay, suyanmay qo‘ygani uchun ham qo‘liga pichoq oldi. Bu harakati orqali faqat Ashurga emas, butun dunyo erkaklariga, shu bilan birga, xalqimizning bema’ni va zararli tushunchalariga, ayolni aybli sanovchi stereotiplariga ochgan jangi edi. 

Ayol katta kuch. Uning ichida sher uxlaydi. Gulgun esa gul edi. Ammo hayot, odamlar, umuman, jamiyat uni guldan chayonga aylanishga majbur qilgandi…

Gulasal Qodirova

Mavzuga oid