Ekspertlar Ukraina qarshi hujumida jiddiy muvaffaqiyatlar yo‘qligining yangi sabablarini sanashdi
G‘arb ekspertlari va matbuoti Ukraina armiyasi yozgi qarshi hujum chog‘ida katta qiyinchiliklarga duchor bo‘lib, Kiyevga ittifoqchilari tomonidan yetkazib berilgan qurol-yarog‘lardan ayrilayotganini yozib kelmoqda. Asosiy sabab sifatida Rossiyaning keng mina maydonlariga ega mudofaasi kutilganidan mustahkamroq chiqqani ko‘rsatilayotgandi.
Endi qarshi hujum boshlanganidan bir yarim oy o‘tgach, ko‘p narsa oydinlasha boshladi va vaziyatga boshqa tushuntirishlar ham qo‘shildi: bu Ukraina qo‘shinlarining umumqo‘shin operatsiyalari o‘tkazishga layoqatsizligi va qurolli kuchlar askarlarining NATO standartlari bo‘yicha mashqlari yomon tashkillashtirilgani, deyilmoqda.
Bild nashri Bundesverning ichki hujjatlariga tayanib yozishicha, nemis harbiylari Ukraina armiyasini qarshi hujum chog‘idagi xatti-harakatlari uchun ilk bor tanqid ostiga olishgan. Aytilishicha, yil boshidan buyon Yevropada Ukrainaning jami odam soni 20 mingga yaqin bo‘lgan kamida to‘qqizta zarbdor brigadasi o‘qitilgan va qurol-aslahalar bilan ta’minlangan. Biroq, GFR mudofaa vazirligi Ukraina ularni behudaga bo‘lib tashlamoqda va kichik kuchlar bilan hujumga o‘tmoqda, deb hisoblamoqda.
«Harbiy qismlar shunchalik kichik bo‘laklarga bo‘linmoqdaki, garchi har bir kichik harbiy qism nimadir bilan mashg‘ul bo‘lsa-da, umumiy jangovar rahbarlik ko‘zga tashlanmayapti», — deyiladi hujjatda. Bundesverdagilar fikricha, bu «o‘zinikini otib qo‘yish» xavfini kuchaytaribgina qolmasdan, «bosh zarba yo‘nalishi bo‘yicha harakatga o‘tib, o‘t ochish tashabbusiga ega bo‘lish uchun manyovrli bo‘linmalar yetishmasligini keltirib chiqaradi».
Nemis mutaxassislari jangovar tajribaga ega ukrain askarlari g‘arb texnikasini yangi chaqirilganlardan ko‘ra yomonroq o‘zlashtirayotganiga ham urg‘u bergan. Yosh kursantlar mashqlar davomida jangda o‘t ochish va harakatga kelishdan foydalanish prinsiplarini yaxshiroq o‘zlashtirmoqda, biroq Ukrainaga qaytishi hamono ularning sovetcha texnika va taktikada suyagi qotgan komandirlari bu g‘arbona prinsiplarga amal qilmasligiga duchor bo‘lishmoqda.
Harbiy tahlilchi Yulian Repkening tushuntirishicha, g‘arbda o‘qitilgan Ukraina QK brigadalari 10–30 askardan iborat bo‘linmalarga bo‘lib tashlanmoqda, Ukrainaning jang doktrinasi va ofitserlari g‘arbda o‘rgatilganlariga ters harakatlar qilishmoqda va shu tufayli tashabbusni qo‘ldan boy berishmoqda.
Kiyevning qarshi hujumdagi muammolari birgina mina maydonlari bilan cheklanmasligi haqida Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, frontda bo‘lib qaytgan Frans-Stefan Gadi tomonidan ham avvalroq tilga olingan edi. Uning aytishicha, Ukraina qurolli kuchlarining jiddiy muvaffaqiyatlarga ega bo‘lolmayotganining asosiy sababi armiya keng miqyosli umumqo‘shin operatsiyalarni samarali tashkillashtirishga layoqatsiz ekani, buning natijasida frontning turli uchastkalarida operatsiyalar hamohang o‘tkazilmayotgani bo‘lishi mumkin.
Bu Ukraina qo‘shinlarini harakatlanish asnosida Rossiyaning tanklarga qarshi raketalari, artilleriyasi va boshqa qurol-yarog‘lari oldida ojiz qilib qo‘ymoqda.
Ekspertning qayd etishicha, Ukraina QKning qarshi hujumi asosan artilleriya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan piyoda qo‘shinlar jangidan iborat, shu sababli ilgarilashlar arzimasgina bo‘lmoqda. Minalardan tozalash uskunalari va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetishmasligi tufayli mexanizatsiyalashgan brigadalardan to‘laqonli foydalanishning iloji bo‘lmayapti, deya qo‘shimcha qilgan u. Gadining fikricha, Ukraina Rossiya mudofaasini yorib o‘tishga yanada tizimliroq yondasha boshlasagina qarshi hujum xarakteri o‘zgarishi mumkin, Rossiya armiyasida jangovar ruhiyatning cho‘kib ketishi ham mudofaa barbod bo‘lishiga olib keladi.
Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari birlashgan instituti (RUSI)ning urushni olib borish masalalari bo‘yicha katta ilmiy xodimi Jyek Uotling yuqoridagi fikrni davom ettirar ekan, G‘arb davlatlari Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazishni paysalga solgan chog‘da Rossiya qo‘shinlari okop qazib, istehkom qurganini eslatadi. Bu mudofaa chiziqlari qudratli artilleriya va aviatsiya ko‘magiga ham ega.
U shuningdek Ukraina harbiylarini shug‘ullantirish jarayoni ham yomon o‘ylanganiga e’tibor qaratgan. Ukrainada askarlarni individual o‘qitish mumkin, biroq katta bo‘linmalar uchun buning imkoni yo‘q, chunki poligonlar RF QK nishoniga aylanishi muqarrar. Yevropada esa ukrainaliklar o‘qishlarni to‘laqonli yakunlay olishmaydi, chunki o‘zlari tomonidan ishlab chiqarilgan, biroq NATO tomonidan sertifikatlanmagan jangovar tizimlardan foydalana olishmaydi.
The Wall Street Journal nashrining qo‘shimcha qilishicha, Ukraina QK ayni paytda osmonda ustunlikka ega emas, busiz murakkab qarshi hujumlarni uyushtirish imkonsiz. Harbiy ekspertlarning aytishicha, g‘arb davlatlari armiyalarining birortasi osmonda ustunlikka ega bo‘lmasdan turib, dushmanning mustahkamlangan mudofaa chizig‘iga hujum uyushtirmaydi. Bundan tashqari, Kiyev front chizig‘i yaqiniga joylashtirish uchun yetarli tarzda havo hujumidan mudofaa tizimiga ham ega emas. Bu yetishmovchilik Rossiyaga front chizig‘ining katta qismida osmonda ustunlikka ega bo‘lishni ta’minlagan.
The New York Times ham noxush manzarani tasvirlamoqda. Nashr jurnalistlari frontning old chizig‘ida bo‘lishgan va Ukraina mudofaa urushiga yaxshi moslashgani, biroq qarshi hujum operatsiyalarida Ukraina QK arzimagan muvaffaqiyatlarga erishayotganini qayd etishgan. Bu Ukraina piyoda qo‘shinlari okoplar orqali hujum qilishga moslashgani, oylab davom etgan janglar ularning safini ancha qisqartirgani, ularning o‘rni kamroq tajriba va ko‘nikmaga ega, yoshi o‘tgan, muvaffaqiyatli shturmlarni boshlay olmaydigan askarlar bilan to‘ldirilayotgani bilan tushuntiriladi.
Bungacha ekspertlar Ukraina harbiy qo‘mondonligi Rossiyaning Donetsk va Zaporijjya oblastlaridagi mustahkam mudofaasini tezda yorib o‘tish amalda imkonsiz anglab yetib, harbiy harakatlarga yondashuvni o‘zgartirgani haqida aytishgan. Qarshi hujumni to‘xtatish va zaxiralarni kiritish o‘rtasida uchinchi — nostandart variant tanlangan va uni «galalashuv taktikasi» deb atash mumkin. Unga ko‘ra, frontni yorib o‘tishga intilibgina qolmasdan, RF QK mudofaa tizimini ochib tashlash va uni artilleriya zarbalarida duchor qilish maqsad qilingan.
Iyun oyi avvalida boshlangan qarshi hujum davomida Ukraina armiyasi Janubiy Donetsk frontida hujumlar uyushtirmoqda. Ukraina QK to‘rtta asosiy yo‘nalishni tanlab olgan. Bu Zaporijjya oblastidagi Orixiv shahri yo‘nalishi (Tokmak aholi punkti tomon, aslida reja bo‘yicha Melitopol shahriga chiqish), Zaporijjya va Donetsk oblastlari chegarasidagi Velika Novosilka rayoni, shuningdek Donetsk oblastidagi Maryinka va Baxmut shahri orqali hujum.
So‘nggi kunlarda asosiy voqealar Vremivka do‘ngligi atrofida sodir bo‘ldi. Rossiya tomoni Velika Novosilka rayon markazi tomon cho‘zilgan Vremivka posyolkasi yaqinidagi o‘z pozitsiyalarini shunday ataydi. Front chizig‘i do‘nglik asosiga — Urojayne, Staromlinivka, Staromoyorske qishloqlariga taqalib kelib qolgan, ularning ortida Rossiya qo‘shinlarining muhim mudofaa chiziqlari joylashgan.
Kuzatuvchilar iyun oyi o‘rtalaridan boshlab Ukraina armiyasining qarshi hujumi sur’ati sezilarli pasayganini e’tirof etishdi. G‘arb OAV qarshi hujum boshlanishi frontlardan birortasida kutilmalarni oqlamaganini xabar qilishdi. Bunga bir necha sabab bor. Ularning orasida keng qamrovli mina maydonlariga ega Rossiyaning eshelonlangan mudofaasi bor, shuningdek, Ukraina QKning GPS koordinatalar bo‘yicha yo‘naltiriladigan yuqori aniqlikdagi qurollardan foydalanish imkonini yo‘qqa chiqaradigan radioelektron kurash vositalari, RF QKning aviatsiya borasidagi ustunligi ham bor.
Natijada ham Ukraina, ham Rossiya harbiylari dushmani «holdan toydirish taktikasi»ga murojaat qilishmoqda. Urushni o‘rganish instituti (ISW) qayd etishicha, paydo bo‘lgan vaziyatda Ukraina QK o‘z harakatlarini qayta baholab olish uchun hujumlardan tin olishi ham mumkin.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham hududlarni qaytarib olish «istalganidan sekinroq» ketayotganini tan olgan. Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy esa uni Ukraina QKning sekin harakatlanayotgani haqidagi gap-so‘zlar g‘ashiga tegayotganini aytgan. «Bu butun dunyo tomosha qilib o‘tirgan, kim yutadi deb dov tikayotgan qandaydir shou emas axir! Har bir kun, har bir metr qon evaziga qo‘lga kiritilmoqda», degan Zalujniy. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov esa avvalroq Ukraina qo‘shinlarining G‘arbda o‘qitilgan va tayyorlangan, NATO tanklari va zirhli texnikalari bilan ta’minlangan asosiy zaxiralari hali qarshi hujumda ishtirok etmayotganini tushuntirgan edi.
Mavzuga oid
17:00
The Telegraph: Tramp rejasi Britaniya qo‘shinlarini Ukraina chegarasiga joylashtirishni nazarda tutadi
11:08
563 nafar harbiyning jasadi Ukrainaga qaytarildi
09:08
Shols Ukraina bo‘yicha har qanday muzokaralar uning ishtirokisiz o‘tkazilishini rad etdi
07:47